SUVDA CHO‘KIB KЕTISHIMGA SAL QOLGAN


Keyingi paytda ko‘pgina kino va teleseriallarda bosh rollarni ijro etayotgan taniqli aktrisa Feruza Sobitova bilan qilgan suhbatimiz hayot, ijod va kino sohasidagi muammolar haqida bo‘ldi.

-    Feruza, 1 Iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini nishonlash arafasida turibmiz. Shu munosabat bilan siz ham biroz bolalikka qaytsangiz. Sizning bolaligingiz qanday kechgan?
-    Mening bolaligim asosan Navoiy shahrida o‘tgan. Rahmatli xolam bilan yashardim. Xolam meni va bolalarini har kuni  peshinda uxlashga majbur qilardi. Ammo bizning uyqumiz kelmasdi. Xolam  uyquga ketishi bilan sekin ko‘chaga qochardik. Uy yaqinida katta ariq  bor edi. O‘sha ariqda mazza qilib cho‘milardik. Xolam bizni qidirsa daraxtga chiqib,  bekinib olardik.  Qiz bola bo‘lsam ham darxatning eng tepasiga chiqishga usta edim. Xolam  “tush pastga” deya po‘pisa qilsa “tushmayman, urasiz” derdik. Bir safar to kechgacha daraxtdan tushmaganman. Daraxtning tepasidan ariqqa sakrashni yaxshi ko‘rardim. O‘g‘il bolalardek sho‘x va shaddod edim. Bir marta suvga cho‘kib ketishimga sal qolgan. Shundan beri cho‘milishdan qo‘rqaman.
-    Haligacha suzishni bilmaysizmi?
-    Yo‘q bilmayman. Bolalikdagi o‘sha voqea sabab daryo va boshqa suv havzalaridan  qo‘rqaman. Uyimiz oldidagi ariq uncha chuqur emasdi. Ammo men cho‘kkan basseyn juda chuqur edi. Shuning uchun chiqolmay qolganman. O‘shanda bolalar hazillashib, meni suvga otib yuborishgandi. Qo‘rqqanimdan qattiq baqirganman. Shundan so‘ng qutqarib olishgan. Mana shu voqea xotiramda qattiq muhrlanib qolgan. 
- Siz yolg‘iz farzandingizga ham ota, ham onasiz. Aytingchi, aka-ukasi yoki opa-singillari bo‘lmagan yolg‘iz farzandni tarbiyalashning o‘ziga xos mashaqqatli tomonlari nimada? Psixologlarning aytishicha, yolg‘iz farzand o‘stirayotgan ota-onalar ularning tarbiyasiga alohida yondashishi kerak ekan.
-    Albatta, yolg‘iz farzand o‘stirishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Shu bois men ham bu masalaga alohida yondashaman. Birinchidan, o‘zim psixologman, desam ham bo‘ladi. Chunki psixologiyaga va bolalar tarbiyasiga oid kitoblarni ko‘p o‘qiyman. Internetdagi shunga tegishli video saboqlarni kuzatib boraman. Bolamning ruhiyatiga doir mavzular bo‘yicha hamisha izlanaman. Ko‘pincha o‘g‘lim “nega menga uka yoki singil olib kelmaysiz?”, -  deya o‘kinadi. Menga ikkita o‘g‘il va ikkita qizcha olib kelishimni  “buyurtma” qilib qo‘ygan. Albatta, o‘g‘lim hali yosh bola. Unga uka yoki singil olib kelishning sabablari nimalarga bog‘liq  ekanligini tushunmaydi. Shuning uchun men unga bolalar tilida sodda qilib tushuntirishga, avvalo bu taqdir ekanligini anglatishga harakat qilaman. Uning o‘zini Xudodan tilab-tilab olganimni aytganimda, o‘yga cho‘mib qoladi. O‘g‘lim yosh bo‘lishiga qaramay, fikrlash doirasi kengligidan quvonaman. Har bir voqea-hodisada chuqur mulohaza yuritadi. Kezi kelganda men u bilan goh kattalardek, goh bolalarcha  gaplashaman. Masalan, hozir u mening vaziyatimni to‘g‘ri tushunadi va to‘g‘ri baholaydi. Oilada ham ota, ham ona ekanligimni yurakdan his qiladi. Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni, har bir narsada qanoatli bo‘lish kerakligini  anglaydi. Pulim bor yoki yo‘q paytlardagi holatni to‘g‘ri qabul qiladi. Men ko‘pincha bu hayotda undan umidlarim katta ekanligini va yaxshi inson bo‘lishi uchun nimalar qilishi kerakligini tushuntiraman. Eng muhimi, men o‘g‘limga har doim  uni yaxshi ko‘rishimni aytishdan charchamayman. Ko‘pincha, men unga “seni yaxshi ko‘raman, o‘g‘lim”,  desam u “yo‘q, oyijon. Siz eng avvalo, Allohni yaxshi ko‘rishingiz kerak, keyin meni yaxshi ko‘ring. Men ham birinchi Allohni, keyin sizni yaxshi ko‘raman”, - deydi. Uning bu kabi fikrlaridan zavqlanaman va dilim quvonchga to‘lib ketadi.
-    Tan olish kerak, ayrim o‘zbek kinolarida kichkintoylar obrazini yaratayotgan  bolalarda aktyorlik mahorati yetishmaydi. Ammo chet el filmlarida aksincha. Hatto bog‘cha yoshidagi bolalar ham o‘z rolini mahorat bilan qoyilmaqom ijro etishadi. Siznincha, buning sabablari nimada? Bizning bolalarda aktyorlik qobiliyati yo‘qmi yoki...
-    Avvalo, chet el filmlari bilan bizning filmlarni taqqoslashning o‘zi noo‘rin, deb o‘ylayman. Chunki, ular kino sohasida bizdan ancha oldinda. Bundan tashqari, rivojlangan davlatlarda juda katta kompaniyalar kinosanoati bilan shug‘ullanishadi va filmlar uchun o‘tkazilayotgan  kastinglar ham juda haqqoniy tarzda o‘takiziladi. Ularda aholi ko‘p va tanlash imkoniyati ham katta. Bitta film kastingiga kerak bo‘lsa bir-ikki yil vaqt sarflashadi. Bizda esa qisqa vaqtda tanlanadi. Negaki, film yaratish uchun berilgan muhlat juda oz. Kastinglar ham ko‘p hollarda nomigagina va tanish-bilishchilik asosida o‘tkaziladi. Masalan, kimningdir jiyani olinadi yoki biror mashhur aktyor bu rolga “mening bolamni oling”, deya rejissyordan iltimos qiladi. Kamiga homiylar ham o‘zlarining tanish-bilishlarini tiqishtirishadi. Gollivudda esa mutlaqo tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Hattoki Anjelina Joli iltimos qilsa ham, agar uning farzandida iqtidor bo‘lmasa filmga olishmaydi. Qolaversa, ularda kichik yoshdagilar uchun ham aktyorlik mahorati maktablari bor. Filmga ellik yoki yuzga yaqin bola ichidan eng talantlisini tanlab olishadi. Bu borada adolatli yondashuvga amal qilishganligi bois dunyo miqyosidagi filmlar yaratiladi.
-    Kino va seriallarda bolalar bilan rol ijro etganmisiz? Shunday paytlarda qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?
-    Albatta, bolalar bilan birga rol ijro etish juda qiyin. Aniqrog‘i,  juda katta sabr kerak. Agar aktyor bola bilan birga o‘ynaydigan sahnasi yaxshi chiqishini xohlasa,  hali syomka boshlanmay turib, uning ko‘nglini olishga harakat qilgani ma’qul. Filmda uning onasini o‘ynaydimi yoki otasinimi, suratga olish ishlari boshlangunga qadar bola bilan yaqindan tanishib, do‘stlashib olishi zarur. Bola o‘sha aktyorga o‘rganishi lozim. Bolalarga boshqacha mehr va shirinsuxanlik bilan murojaat qilish kerak. Bolalar bilan gohida besh daqiqalik kadr yarim soatgacha cho‘zlishi mumkin.  Shuning uchun filmlarga iste’dodli bolalar tanlab olinsa yaxshi bo‘lardi. Masalan, hozir “Gulsum” nomli serialda bosh rolni ijro etyapman. Unda Gulsumning bir o‘g‘li va bir qizi bo‘ladi. O‘g‘li rolini o‘ynayotgan bola boshqa oilaning farzandi, qiz esa boshqa. Ikki xil muhitda o‘sgan bolalar bilan munosabatga kirishish kerak. Men  avvalo, ana shu ikkita oilaning farzandi bilan til topishishga harakat qildim. Kezi kelganda ularni sovg‘a-salom va shirinliklar bilan siyladim. Bolalar bilan oldindan do‘stlashib olinsa, syomka jarayoni oson kechadi. 
-    “Gulsum” seriali haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.
-    Bu serialda bosh  rolni o‘zim ijro etyapman.  Bugungi kundagi matonatli, aqlli, o‘zida kuch va qudratni mujassamlashtirgan metin irodali ayol timsolidir bu obraz. U kezi kelganda farzandi uchun jonini ham ayamaydi.  Qiynalsa ham faqat to‘g‘ri  yo‘lni tanlaydi, hech qachon qing‘ir yo‘llardan yurmaydi. Qisqasi, bolalarini himoya qila oladigan namunali ayol obrazidir bu. Ko‘pincha, yolg‘iz ayollar hayot qiyinchiliklariga chidolmay ojizlik qilib, yomon yo‘llarga kirib ketishadi. Gulsum obrazi esa ana shundaylarga o‘rnak bo‘ladigan  haqiqiy o‘zbek ayoli timsolidir. 
- Siz maktabdagi tahsilni rus tilida olgan ekansiz. O‘zbek tilini mukammal o‘zlashtirishingiz qanday kechdi? Bunda sizga odamlar bilan muloqot jarayoni qo‘l keldimi yoki turli tillarni o‘rgatadigan kurslarga borib, mahoratingizni oshirdingizmi?  
- O‘zbek tilini mukammal  va to‘laqonli o‘zlashtirishimning birinchi sababchisi bu – teatr. “Turon” (oldin Sayfiddin Meliyev rahbarligidagi teatr studiyasi, deb nomlangan) Davlat harbiy teatrida ishlay boshlaganimdan keyin o‘zbek tilini mukammal darajada egalash uchun astoydil harakat qildim. Tan olishim kerak, bunga qadar badiiy asarlarni rus tilida mutolaa qilar edim. Teatrda faoliyat yuritganimdan so‘ng o‘zbek tilidagi kitoblarni o‘qiy boshladim va monologlarni o‘zbek tilida yod oldim. 
-  Ayni kunlarda Rossiya tashqi ishlar vazirligi xodimi Mariya Zaxarovaning o‘zbek tili haqidagi noo‘rin fikrlari ko‘pchilikning tanqidiga, ta’bir joiz bo‘lsa g‘azabiga  uchradi. Bunga sizning munosabatingiz qanday? 
- Salbiy, albatta. Agar yosh bo‘lganimda buni men ham tushunmasligim mumkinmidi, balki. Lekin hozir oq-qorani ajratadigan yoshdaman va bilamanki, har bir davlatning o‘z tili hamma narsadan aziz. Qolaversa, o‘zbek tilining nechog‘li boy va go‘zal ekanligini his qilganim sayin mening ham davlat tiliga bo‘lgan mehrim kun sayin oshib boryapti. Biz O‘zbekistonda yashaymiz va hech kimga tobe bo‘lmagan mustaqil davlatmiz. Tabiiyki, bizning o‘z davlat tilimiz mavjud va unga amal qilish bu yurtda yashayotgan har bir insonning fuqarolik burchidir. Albatta, O‘zbekiston ko‘p millatli davlat. Bu yerda yashayotgan boshqa millat vakillariga  o‘zbek tilida gaplashish majburlanmayapti. Ammo ular ham o‘zbek tilini bilsa yomon bo‘lmasdi. Men Adliya vazirligining bu qarorini qo‘llab-quvvatlayman. 
-    Ba’zan shunday bo‘ladiki, inson o‘z tanlagan kasbida o‘zini topmayotgandek tuyuladi. Boshqa kasb tanlaganimda bundan-da yaxshiroq natijalarga erisharmidim, degan fikr bir marta bo‘lsa ham ko‘pchilikning xayolidan o‘tadi. Sizda ham shunday holat bo‘lganmi?
- Yo‘q, men birinchidan o‘z kasbimni judayam yaxshi ko‘raman. Hecham boshqa sohani orzu qilmaganman. Inson tanlagan kasbida o‘zini topishi uchun avvalo, tinimsiz mehnat qilishi, izlanishi va hech qachon bir joyda to‘xtab qolmasligi kerak. Bo‘ldi, men to‘la-to‘kis bu kasbni egallab bo‘ldim, endi yetarlicha malakaga egaman, desa inson yutqazadi. Har qanday kasb vakili xoh u sartarosh bo‘lsin, xoh hisobchi o‘z kasbining turli qirralarini izlashi, bu boradagi yangiliklardan xabardor bo‘lishi va har qanday o‘zgarishlarga tayyor turishi kerak. Masalan, men film bo‘ladimi, serialmi yoki spektaklmi, eng avvalo, loyiha bilan tanishib chiqaman va ijodiy jamoaga e’tibor qarataman. Agar har ikkisi ham ko‘nglimdagidek bo‘lsa, o‘sha ishga jon-jahdim bilan kirishaman. Nafaqat o‘zimning rolim, balki o‘sha loyihaning boshqa tomonlarida ham jonimni jabborga berib ishlayman. Shu kunlarda suratga olinayotgan “Gulsum” va  “Karantindagi to‘y” kabi seriallarda ham yuragimni berib o‘ynayapman. Axir, men ham shu katta oilaning bir bo‘lagiman. Har bir aktyor har qanday rolini  jonini kuydirib ishlashi kerak, deb o‘ylayman. Ana shundagina tomoshabinlarga yoqadigan filmlar ko‘payadi.  Agar pul yoki shon-shuhrat uchun harakat qilinsa bu o‘z samarasini bermaydi. Biz eng avvalo, xalqimizga manzur bo‘ladigan filmlar yaratishimiz va tomoshabinlarning yuragidan joy olishimiz shart. Xalq o‘z qahramonlarini tan olsa mana shu aktyor uchun eng katta yutuq. 
-  Oldinlari o‘zingiz o‘ynagan rollarga o‘zingiz ovoz bermas edingiz. Hozirgi paytda dublyajda ham faol ishtirok etyapsiz. Bu qachondan boshlandi? Ovozlashtirish jarayonlari qiyin kechmayaptimi? 
-  Yo‘q, aslo. Bu men uchun ham zavqli, ham mas’uliyatli. O‘zim uchun qat’iy ahd qildim. Menga rol bergan prodyusser va rejissyorlar bilan faqat og‘zaki kelishuv qilmasdan, bundan keyin huquqiy shartnoma tuzmoqchiman. Bu shartnomada tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan birga film va seriallardagi o‘zim o‘ynagan rollarga o‘zim ovoz berishim haqidagi talabim ham kiritiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad ovozlashtirishga ajratilgan mablag‘dan manfaatdor bo‘lish emas, aksincha o‘zim o‘ynagan rollarga o‘zim ovoz berishimni kafolatlash bo‘ladi. Aktyor yo aktrisa o‘zi yaratgan obrazni unga ovoz berishda ishtirok etayotgan boshqa dublyaj vakilidan ko‘ra yaxshiroq talqin qila oladi. Shuning uchun men bunga astoydil kirishmoqchiman. 
-    “Karantindagi to‘y” seriali haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Nomi nega aynan karantindagi to‘y?
-    Bu g‘oya karantin paytida tug‘ildi. Shunday holatda hamma uyda o‘tirganligi bois ko‘pchilik zerikib qoldi. Ayniqsa, ba’zi er-xotinlar birga uyda o‘tiraverib, bir-biridan qochadigan holatga ham kelib qolishdi. Bu serial ana shunday g‘oya asosida, yengil hajv asosida qurilgan.  Bir kuni prodyusserim Ravshan Norboyevga qo‘ng‘iroq qilib, shu g‘oya haqida maslahatlashdik va ma’qul kelgach, “Milliy” telekanal bilan shartnoma tuzdik. Shundan so‘ng ikki qavatli uyni ijaraga olib, u yerdan  chiqmagan holda o‘sha yerning o‘zida syomkani boshladik.
-    Moliyalashtirish masalalari qanday bo‘ldi?
-  Moliyalashtirishni buyurtmachi bo‘lgan “Milliy” telekanal o‘z zimmasiga oldi. Ushbu loyihaga elimiz tanigan aktyor va aktrisalarni jalb qildik. Kimga qanaqa, lekin bu serial menga juda yoqyapti. Bundan tashqari, hozir “Qora atirgul” serialida ham ishtirok etyapman. Bu qamoqxonadagi ayollar haqidagi bo‘lib, unda men jurnalist ayol rolini ijro etyapman va qahramonimga o‘zim ovoz beryapman. 
-    Ko‘pchilik yosh aktyorlar tezroq mashhurlikka erishish uchun  o‘zlarini o‘tga-cho‘qqa urishadi. Ba’zan bu yo‘lda qing‘irlikdan ham tap tortmaydilar. Aytingchi, aktyor uchun mashhurlik nechog‘li muhim? 
- Afsuski, ko‘pchilik yosh aktyor va aktrisalarimiz mashhurlikka mukkasidan ketishdi. O‘ynayotgan rollarini pishitish, o‘z ustida tinimsiz ishlash o‘rniga tezroq mashhurlikka erishish payida bo‘lishyapti. Ayniqsa, kino sohasiga mutlaqo aloqasi yo‘q odamlarning ham filmlarda rol ijro etishi juda achinarli holat.  Puli bor, ammo iste’dodi yo‘q kimsalar  ham bu sohaga aralashib, mashhurlikka intilishayapti. Bu ham kamdek boyvachcha janoblar va boyvachcha xonimlar ham o‘zlarini kinoga urishyapti. Maqsadlari bitta - tezroq mashhurlikka erishish.  Mayli, bu borada  bolalarni tushunsa bo‘ladi, chunki  ularda beg‘uborlik va samimiylik bor. Lekin boshqa soha vakillarining  pul berib bo‘lsa-da,  kinolarda ishtirok etishlarini hazm qilish qiyin. Bu holat bizning eng og‘riqli nuqtalarimizdir. Men ko‘pincha ana shunday iste’dodsiz kimsalarni kinoga olib kelishganda rejissyorlarga  "hoy, buni “konfet” qilmanglar", deyman. Axir qanchadan-qancha iste’dodli yoshlar shu soha bo‘yicha ta’lim olishyapti, ularning ham bosh rollarda o‘ynashga haqqi bor-ku! Qachondir bu sohada  ham biz kutgan o‘zgarishlar bo‘lishidan umidvorman.
- Toliqqan paytlarda har bir insonning o‘zini jamlaydigan, xotirjamligini ta’minlaydigan, charchoqlarini chiqaradigan biror bir mashg‘uloti bo‘ladi. Psixologiyada buni meditatsiya deyishadi. Sizning ham o‘z mediatsiyangiz bormi?
-  Albatta. Ammo meni meditatsiyaga ajratadigan vaqtim juda kam. Toliqqanimda kitob mutolaasi bilan shug‘ullanaman. Farzand tarbiyasiga oid videosaboqlarni ko‘rib, tinglayman. Jismoniy mashg‘ulotlardan aerobika va yoga bilan shug‘ullanaman. Ayniqsa, o‘zim sevgan psixologiya bilan shug‘ullanganimda relaksatsiya holatiga kirib, meditatsiya bilan mashg‘ul bo‘laman.
-    Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Suhbatdosh Gulruh YORMATOVA

Manba: "Bekajon" gazetasi.
Muzaffar.uz sayti bilan hamkorlikda tayyorlandi.

2020 yil










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот