DISKO RAQQOSI BILAN MULOQOT


DISKO RAQQOSI BILAN MULOQOT

   Bollivud yulduzi - Mitxun Chakraborti (haqiqiy ismi — Gouranga Chakraborti; 1950 yilning 16 Iyun kuni Hindistonning Kalkutta shahrida tug‘ilgan). Taniqli hind aktyori, 350 dan ziyod filmlarda suratga tushgan. 
  Mitxun bilan suhbatimiz poytaxtimizning “Xilton” mehmonxonasidagi u joylashgan xonada bo‘lib o‘tdi. Soqchilarning talabiga binoan suratga olish va video tasvirga suhbatimiz yozib olinishiga ijozat berilmagani sababli, suhbat diktofonga yozib olindi va muloqotimiz ingliz tilida bo‘ldi.  Bollivud yulduzidan intervyu olishga sharoit va imkoniyat yaratib bergani uchun O‘zbekiston Milliy kinematografiyasini rivojlantirish markazi direktori – Barno Ungboyevaga va mazkur suhbatni "Teatr" jurnalida chop etgani uchun “Teatr” jurnali muharriri – Shahribonu Imomovaga tashakkur bildirib qolamiz. 
- Assalomu alaykum, Mitxun Ji, Sizni O‘zbekistonda ko‘rib turganimizdan benihoya shodmiz. Aktyorlik sohasidan tashqari, betakror raqslaringiz bilan ham mashhursiz. Xususan, raqslaringizni “Disko raqqosi” va “O‘yna, o‘yna” singari ommalashgan va Sizni dunyoga tanitgan filmlaringizda ham ko‘rishimiz mumkin. Bu filmlarga qadar xind filmlarida, asosan, milliy raqslarni ko‘rardik. To‘g‘ri, g‘arbga taqlid sifatida ayrim ovrupacha raqslar aks etgan sahnalar ham bo‘lgan, ammo ular qisqacha tarzda ko‘rsatib o‘tilgan. Chinakam raqqos hayoti va hind milliy raqs san’atida keskin burilish yasaydigan raqslarni Sizning ijroingizda ko‘rganmiz. Ayting-chi, raqs borasida biror joyda ta’lim olib yoki qaysidir raqqosdan saboq olganmisiz yoki o‘zingiz qiziqib, o‘zlashtirganmisiz?
- Avvalo, mening ijodimga bo‘lgan qiziqishingiz va suhbatga chorlaganingizlar uchun Sizlarga ham katta rahmat aytaman. Hali hanuz O‘zbekistonda ham ashaddiy muxlislarim borligidan benihoya shodman. O‘zbekiston ikkinchi vatanimdek bo‘lib qolgan. O‘zbekiston ahlini juda sevaman. Negaki, o‘zbeklar bilan hindlar bir-biriga tashqi ko‘rinish jihatidan o‘xshab ketishadi. To‘g‘ri, dinlarimiz turlicha bo‘lishi mumkin, ammo filmlarda muhabbatni, vafoni, hayoni tarannum etish jihatlarimizda ham o‘xshashlik bor. Bu borada hali yana batafsil to‘xtalamiz. Endi, savolingizga kelsak, men yoshligimdan Elvis Preslining muxlisi edim. Raqs san’atini uning filmlarini tomosha qilish asnosida o‘rganganman. Uning raqsdagi harakatlarini takrorlash barobarida, milliy hind raqsimiz bilan uyg‘unlashtirib, o‘ziga xos, faqat taqliddangina iborat bo‘lib qolmayligan raqs san’atini namoyish etish istagi tug‘ilgandi. Kino olamiga kirib kelishimdan oldin, shu raqslarimni xalqimizga ko‘rsatishni istaganman. Aslida kinoga tasodifan, taqdir taqozosi bilan kirib qolganman, desam ham bo‘ladi.
- Dunyoga taniqli Maykl Jekson-chi? Nazdimizda, uning ham raqslariga taqlid biroz seziladi.
- To‘g‘ri payqabsiz. Maykl Jeksonning ham raqslaridagi ayrim harakatlarni o‘zlashtirganim rost, biroq asosiy raqqos sifatida Elvis Presli mening orzuyimdagi inson bo‘lgan.
- Kinoga taqdir taqozosi bilan kirib qolganman, dedingiz. Taqdirga ishonasizmi?
- Shak-shubhasiz. Bo‘lmasa, mendek Kalkuttada san’at sohasidan mutlaqo yiroq oilada o‘sib ulg‘aygan yigit qayerda edi-yu Bollivud olamining yulduzligi qayda edi. Bolaligimda aktyor bo‘lishni orzu qilgan bo‘lsam-da, filmlarda bosh rollarni o‘ynashim mumkinligini tasavvurimga ham sig‘dira olmaganman. Bariga taqdir sababchi va taqdirga ishonaman.
- Yoshligingiz qiyinchiliklarda o‘tgan ekan? Odatda, Bollivudda taniqli aktyor va aktrisalar sulolasi hukmronlik qilishadi va chetdan kelgan, ayniqsa, moddiy jihatdan boy bo‘lmaganlarning bu sohaga kirishi qiyin. Sizga omad qay tarzda kulib boqdi?
- Bu ham, boya ta’kidlaganimdek, taqdir taqozosidir. Aslida, Bombey (hozirgi Munbay) shahriga kelib qolishim ham tasodifmi yo taqdir xohishimi, xullas, o‘sha paytlardagi siyosiy vaziyatlar yuzasidan Kalkuttadan Bombeyga qochib ketishimga va o‘sha yerdan boshpana izlab, panoh topishimga to‘g‘ri kelgan. Kalkuttada korrupsiya va mahalliy zo‘ravon zodagonlarning nohaqliklariga qarshi kambag‘al ishchi-dehkon sinflari qo‘zg‘olonida men ham ishtirok etganman. Tabiiyki, o‘sha davrdagi hukumat bu ishlarni kuch ishlatib bostirishga, qo‘zg‘olon ko‘targanlarni ekstremistlikda ayblab, ayrimlarini qamoqqa tiqishga, ba’zilarini jazolashga muvaffaq bo‘lishdi. O‘shanda otam rahmatli meni muqarrar jazodan qutqarib qolish maqsadida Bombeyda yashaydigan amakim oldiga qochirib yuborgandi. Bu 60-yillarning oxirlarida edi. O‘shanda haqiqat qaror topishiga ishonadigan, qalbi ezguliklarga ishonch bilan to‘lib toshgan o‘spirin yigit edim.
   Bombeyga kelgan paytlarim parklarda va ko‘chalarda yotib qolgan kunlarim, ijarada yashagan paytlarim bo‘lgan. Amakim meni moddiy tomondan qo‘llab tursa-da, uning uyida yashashim xavfli edi. Negaki, politsiya meni amakimning uyidan izlashi aniq edi. Kalkuttaga qaytib ketishga oshiqmay, qiyinchiliklarni yengib o‘tishga va ko‘zlagan maqsadimga erishishga qat’iy qaror qilgandim. Mag‘lubiyat insonni ko‘p narsalarga o‘rgatadi. Mag‘lubiyatni tan olishni istamasdim va taqdirga ishonganim bois, albatta kun kelib filmlarda suratga tushishimga va mashhur bo‘lishimga qattiq ishonardim. Shukurlar bo‘lsinki, vaqti soati kelib orzularim ro‘yobga oshdi.
- Kino olamidagi “nahanglar” Sizni quvonch bilan qarshi olib, qarshingizga peshvoz chiqmagan bo‘lsa kerak, xoynahoy?
- Nimasini aytasiz! Kino sohasi shunday sohaki, bunda har kim bosh rolni o‘ynash uchun, o‘ynagan filmlari muvaffaqiyatga erishishi uchun raqiblaridan o‘zishga intiladi. Aslida, raqobat barcha sohada bor, ammo raqibining muvaffaqiyatsizligidan quvonish holatlari, afsuski, bizning sohada ko‘proq uchrashini tan olishim kerak. Bizda kimdir muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, uni raqiblari kerak bo‘lsa ommaviy axborot vositalari xodimlarini ham ishga solib, obro‘sizlantirishga va muxlislari nazdida yomon ko‘rsatishga urinishadi. Kino industriyasi shunday imkoniyatlar kalitini berib, sizga darvozani keng ochib beradiki, uning ortida bir kunda ham shon-shuhrat, ham mashhurlik, ham molu dunyoga erishasiz.
- Ko‘pgina hamkasblaringiz filmlarda tashqi ko‘rinishi chiroyli ko‘rinishi uchun plastik jarrohlik yoki kosmetolog mutaxassis xizmatidan foydalanishgani haqida o‘qiganmiz. Biroq Siz na teringizni oqartirgansiz va na qulog‘ingizni kichraytirgansiz. Savolimiz uchun avvalo, Sizdan uzr so‘raymiz va Sizga malol kelmasligini iltimos qilardik. Bu bilan Sizning tashqi ko‘rinishingizni aslo kamsitish niyatida emasmiz. Shunchaki, Siz qoramag‘iz ekaningiz va quloqlaringizning kattaligiga qaramay, kinolarda muvaffaqiyat qozonganingiz va imkoniyatingiz bo‘laturib, tashqi ko‘rinishingizni o‘zgartirmaganingizga havas qilayapmiz. Qiyofangizdan ko‘nglingiz to‘lganmi doim?
- To‘g‘risini aytsam, yoshligimda rangim qoraligi va shalpangquloqligimdan uyalardim. Ayniqsa, qizlar bilan tanishgan paytlarim quloqlarimni yashirishni istardim. Shu sababli, sochlarimni o‘stirib, quloqlarimni berkitishga urinardim va sochlarim haliga qadar uzunligi sababi ham shu bo‘lsa kerak. Rangim ko‘pchilik hindlar kabi bo‘lgani bois, unchalik ahamiyatga ega emasdi. Bollivudda oq tanli hindlar Siz aytgandek yo o‘zlarini plastik jarrohlik yo kosmetolog yordamida oqartirishgan yoxud ingliz yo boshqa ovrupaliklarga mansub kishilar bilan omuxta bo‘lishgan. Ko‘pchilik aktyor va aktrisalar inglizlarga uylangan yo turmushga chiqqan. Buning natijasida farzandlari oq tanli bo‘lib dunyoga kelgan. 
   Ilk debyut filmim – “Ikki notanish” filmi bo‘lsa-da, unda ekranda qisqa muddat ko‘ringanman va ikki uch og‘iz dialog aytish bilan kifoyalanganman. Dastlabki kattaroq rolim “Qirollik ovi” filmidagi ijroim bo‘ldi va bu film ham o‘sha kezlarda yurtimizda menga mashhurlik keltirdi. O‘shanda-yoq, men o‘z ko‘rinishimni qanday bo‘lsam, shundayligimcha qabul qilishni o‘rgandim. Kosmetolog yo jarrohlik amaliyotiga mutlaqo ehtiyoj sezmadim.  Buning boisi, mening bu kamchiliklarimni yaxshi raqsga tusha olishim, jangovar san’atni mohirona o‘zlashtirib olganim berkitishiga va tomoshabin asosan raqsim va jang sahnalaridagi xatti-harakatimga e’tibor berishini, tashqi ko‘rinishim unchalik ahamiyat kasb etmasligini tushunib yetdim.
- Sizning bir nechta mehmonxonalaringiz bor. Hozirda aktyorlikdan tashqari, Sizni tadbirkor va siyosatchi sifatida ham bilamiz. Vaqtida eng ko‘p gonorar oladigan aktyorlardan biri bo‘lgansiz. Hozirda mehmonxonalaringizdan keladigan daromad kattami? Kambag‘allardan va musofirlardan mehmonxonalaringizda tunash uchun pul olmaysiz deb eshitganmiz? 
- Bu borada haqsiz. Men haqimda yetarlicha ma’lumot to‘plabsizlar, qoyil. O‘zi sizlar jurnalistmisizlar yo soliq idorasini ayg‘oqchisi (agenti)misizlar? (hazillashib kuladi). Ochig‘ini tan olishim kerak, mehmonxonalardan tushadigan daromadim katta emas. Chunki, chindan ko‘pchilikni tekinga ham qo‘yamiz va mijozlarimiz asosan, xorijdan kelgan sayyohlar. Ularning ham orasida muxlislarim yoki xorij kinosining vakillari bo‘lsa, ulardan to‘lov olishga istihola qilaman. Daromad olib, boyishni istaydigan odam his-tuyg‘ulardan yiroqroq, biroz sovuqqon, hisob-kitobni ustun qo‘yadigan kishi bo‘lishi kerak. Men esa san’atkorman. Men uchun hisob-kitobdan ko‘ra, insoniylik his-tuyg‘ulari va hissiyotga beriluvchanlik ustun. O‘zim bir paytlar ko‘chalarda tunab qolib, boshpanasiz qolgan kunlarimni xotirlayman. “O‘yna, o‘yna” filmidagi qahramonim ham opasi bilan kambag‘allikdan boy-badavlatlik darajasiga erishgunga qadar bosib o‘tgan mashaqqatli hayot tarzi, qaysidir jihatlari bilan mening bolalik davrlarimni eslatadi. 
- Odatda, suhbatdoshimizning shaxsiy hayotiga aloqador savol bermaymiz. Lekin, malol kelmasa, aytingchi, Shri Devi bilan sevishgan ekansiz, ammo unga uylanmaganingiz borasida nima deya olasiz?
- Iltimos, yaramni tirnamang. Shaxsiy hayotimga oid ma’lumot berishni, turmushimga daxldor mavzular haqida gapirishni yoqtirmayman. Lekin, mayli, sazangiz o‘lmasin, qisqacha qilib aytib o‘tishim mumkin. Avvalambor, oilam men uchun muqaddas. Uch o‘g‘il va bir qizim bor. Oilam oldida mas’uliyat va majburiyatimni bir lahza bo‘lsa ham unutmasligim shart. Tan olaman, Shri Devini chindan ham sevganman. Ammo u paytda, baxtga qarshi deymizmi, birga bo‘lish taqdirimizga bitilmagan ekan deymizmi, harholda, oilalik edim. U esa oilamdan voz kechib, uylanishimni talab qilgan. Ikkinchi xotin bo‘lishga rozi bo‘lmagan. Men esa oilamdan voz kecholmasdim.  U yo uni yoki oilamni tanlashni oldimga shart qilib qo‘ygandi. Tabiiyki, men o‘shanda oilamni tanlab, uni sevgisini rad qilishga majbur bo‘lganman. Uning vafotidan qattiq qayg‘uga tushdim. Rafiqamdan ham yashirmayman, uni hanuzgacha sevaman, yaxshi aktrisa, sodiq do‘st, beg‘ubor ayol sifatida umrbod xotiramda muhrlanib qoladi.
- Aktyorlik bo‘yicha qaysi oliygohda tahsil olgansiz?
- Aslida, otam mening muhandis bo‘lishimni istagan. Bolalik ekan-da, dengizchi bo‘lishni ham orzu qilganman, ammo to‘g‘risini aytsam, imtihondan yiqilganman. Radiosignal yo‘llashni bilmaganman o‘shanda. Keyin politexnika oliygohiga hujjat topshirganman. U yerda ham omadim chopmadi. Shundan so‘ng psixologiya kollejiga kirmoqchi bo‘ldim. O‘zimni ruhiyat sohasiga, ilmga bag‘ishlamoqchi bo‘ldim. Ammo taqdir ekan, aktyorlik sohasi menga nasib etdi. Ammo yoshligimda aslida futbolchi yoki siyosatchi bo‘lishni orzu qilganman. Kalkuttada Bengal futbol akademiyasi ochganman. Milliy komandamizdagi futbolchilarimizga moddiy tomonlama yordam berib, kezi kelsa homiylik qilib turaman hozirga qadar. Futbolga qiziqadigan, ammo qashshoq va moddiy yordamga muhtoj oilalarning farzandlariga ham homiylik qilamiz. Ularni trenerlarga topshirib, ularga haq to‘laymiz va futbolchi bo‘lgan yoshlarni turar joy bilan ta’minlab, tekinga o‘qishini ta’minlaymiz. Shuningdek, Kino va televideniye ijodkorlari assotsiatsiyasining prezidentiman. Faoliyatimizga 20 yilga yaqin vaqt bo‘ldi. Assotsiatsiyamiz moddiy sharoiti qiyin, ammo iste’dodi bor yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarishlariga sharoit yaratadi. O‘zimning boshimdan qiyinchiliklar kechgan, faqat boylar yo taniqli aktyor va aktrisalarning farzandlari tahsil olib, filmlarda rollar o‘ynashi-yu oddiy xalqda bunday imkoniyat yo‘qligidan bir paytlar o‘kinganman, ichimda bunga qarshi isyon ko‘tarilgan. Taqdirimga shukurlar bo‘lsinki, orzularim amalga oshib, ko‘pgina iste’dodli yoshlarimizga filmlarda rollar berayapmiz.
- O‘zingizga ham yordam berib, Sizni qo‘llaganlar bo‘lganmi?
- Albatta. Sanjay Datt, Vinod Kxanna va ko‘plab taniqli kino yulduzlari meni rejissyorlarga tavsiya qilishib, rol berishlariga yordam berishgan.
- Samimiy va ochiqcha javoblaringiz uchun Sizga katta rahmat, Mitxun Ji. Kelgusidagi ezgu ishlaringizga ulkan rivoj, ijodiy va ijobiy parvozlar tilab qolamiz! 

Suhbatdosh: Muzaffar MUHAMMADNAZAR.
Manba: "Teatr" jurnali. 2021 yil.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот