Saxovatli, mehribon, hotamtoy inson edi...


   O‘zbek Milliy Akademik drama teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist - Fatxulla Masudov xotirasiga bag‘ishlanadi.

  Qo‘chqor Norqobil – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, dramaturg va adib:
   “Men Fatxulla aka bilan juda ko‘p safarlarda birga bo‘lganman. Teatrga direktor bo‘lishidan 15 yillar oldin ham do‘st edik. Mening dramalarim hali teatr sahnalarida qo‘yilmagan paytlardan buyon do‘stligimiz rishtalari bog‘langan edi. Keyinchalik taqdir taqozosi bilan dramalarim teatrlarda qo‘yila boshlandi. “Tog‘lardek baland bo‘l” spektaklida oxirgi marotaba birga ishladik. Yana juda ko‘p niyatlarimiz bor edi...
    Fatxulla aka namozni besh mahal kanda qilmasdi. Viloyatlarga xizmat safariga borgudek bo‘lsa, mahalliy masjidlarga kirib, namoz o‘qib chiqardi. Yuragi toza inson edi. Aktyor va chinakam shaxs sifatida menga juda yoqardi. Undan tashqari, u qanday qilib bo‘lsa ham insonga ozor bermaslik yo‘lini qidirardi. Tinch, osuda va xushchaqchaq hayotni sevardi. Davralarda ham o‘zini yaxshi kayfiyatda tutishga harakat qilardi. Unga bir ishni qilib berishni iltimos qilsangiz, o‘sha vazifani bajarishga jon-dili bilan harakat qilardi. Mabodo, agar uddalashning iloji bo‘lmasa, juda hijolat  bo‘lardi. Masalan, “teatrga falon soatda yetib keling”, - deyilsa, o‘sha paytda u boshqa ishlarini tashlab bo‘lsa ham kelardi. U dramaturglar, mualliflarni juda hurmat qilardi. Men ishlayotganimda ko‘nglimga qarashga, yuragimdagi dardlarni yengillashtirishga harakat qilardi. Teatrda qo‘yilajak spektaklni kim yozishidan qat’i nazar, dramaning saviyasi juda baland bo‘lishiga astoydil intilardi. Teatrni oilasining bir bo‘lagi deb hisoblardi. Hech kimning ko‘nglini sindirgisi kelmasdi. U shu fazilati bilan ham boshqalardan alohida ajralib turardi. Turmushning og‘ir yuklarining hammasini o‘z gardaniga ortib, tashvishlarini, qayg‘ularini ichiga yutardi. To‘ylar, ijodiy safarlarda u bilan juda ko‘p birga hamroh bo‘lganman. Bilmadim, balki aktyor do‘stlari ham u bilan ijodiy safarlarda ko‘p birgalikda kezishgandir, ammo men yozuvchi sifatida, o‘z sohamdagilardan ko‘ra ko‘proq Fatxulla Masudov bilan xizmat safarlarida ko‘proq birga bo‘lganman.
   Bir kuni “Tog‘lardek baland bo‘l” spektakli sababli viloyatlarga gastrolga bordik.  Bir haftacha birga yurdik. O‘shanda ikkalamiz keyingi rejalar haqida gaplashgandik. Uning rejalari, hayotda hali amalga oshmagan orzulari bisyor edi. Afsus... shunday ulug‘ inson endi oramizda yo‘qligiga hali hanuz ishongim kelmaydi... Ilohim, joyi Jannatda bo‘lsin! U o‘zidan ulkan meros qoldirib ketdi”.

   Qahramon Abdurahimov – O‘zbek Milliy akademik drama teatri va kino aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
   “Fatxullada, avvalambor, odob, intizom, kattalarga hurmat singari musulmonchilik fazilatlari, sharqona tarbiya juda kuchli edi! Fatxulla ma’naviy jihatdan boy, yuksak kamolotga ega inson edi. U oilasida ham milliylik, ham yevropa urf-odatlarini juda yaxshi o‘zlashtirgani sababli, mulozamatni o‘rinlatadigan, xushmuomala va barchadan tavozesini ayamaydigan yigit edi.  Qur’on oyatlarni yod biladigan, chinakam mo‘min musulmon, shu bilan bir qatorda o‘z kasbining fidoyisi edi. Fidoyi bo‘lganda ham qanday? U rollarini qoyilmaqom ijro etishidan tashqari, jamoat ishlarida ham o‘ta jonkuyar edi. O‘zbekistonni ich-ichidan, qalbi, butun borlig‘i bilan sevardi. Ichidan qaynab chiqayotgan jo‘shqinlik, shijoat va g‘ayratga hayron qolardim. Bir qarasam Surxondaryoda, bir qarasam Samarqandda, yana bir qarasam oynai jahonda. Bariga ulgurardi. Unga qarab: “Hoy, hoy, shoshilma”, - desam, kulib qo‘yardi. Ishlarini tez-tez bajarishga odatlangandi. Eng yaxshi tomoni: ba’zi bir mansabdorlarga o‘xshab, eshigini oldiga borsangiz, qovog‘ini solgancha, hech narsa demasdan o‘tib ketadigan mansabdor emas edi. Hattoki shoshib turgan bo‘lsa ham, “Aka, nima gap? Bizga qanday xizmat yoki yumush bor? Falon paytda keling, iltimos”, - deb ko‘nglingizni olib, chopib ketardi. Unda kibru havo, manmanlikdan asar ham yo‘q edi. Shu fazilati bilan ajralib turardi. Agar u kimgadir qaysidir masalada yo‘q deyishiga to‘g‘ri kelib qolsa ham, o‘sha odamni xafa qilmasdan, iloji yo‘qligini obdon, sabablarini keltirib, uzr so‘ragan ohangda yotig‘i bilan tushuntirardi. Siz ham xafa bo‘lmasdan chiqib ketardingiz shunda. Bu kabi fazilat uncha-muncha insonda yo‘q, ayniqsa amaldorlar orasida. U kibrsizligi, insoniyligi, ko‘p qirrali aktyorligi bilan o‘zgalardan farq qilardi. Rollarini ham maromiga yetkazib o‘ynardi. Uning olamdan o‘tishi xayolimda ham yo‘q edi. Yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Shunday g‘ayratli yigitning kutilmaganda ajal changaliga tushishini kim ham o‘ylabdi deysiz? Kasal bo‘lganini eshitganimda, duo qilib: “Allohim, unga shifo ber. Tez orada tuzalib ketsin» deb iltijo qilardim. Nima ham derdik, umri qisqa ekan, afsus... Joyi Jannatdan bo‘lsin! Ollohim oxiratiga olgan bo‘lsin".

   Yulduz Abdullayeva – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston chegara qo‘shinlari kapitani, zahiradagi ofitser, xonanda: 
   “Biz Fatxulla aka bilan birga ishlaganmiz. Teatrga rahbar bo‘lishidan oldindan ham yaxshi tanirdim va qalin munosabatda edik. Lekin shouda birgalikda qatnashganimizdagina ichki dunyolarini yaqindan bilganman. Juda ham mehribon, kamtar edilar. Ularning bir jihatlari men bilan o‘xshash  edi. Insonlarni hafa qilishni istamas edilar. Odamning ko‘nglini og‘ritishdan qo‘rqardilar. Ishga ham chaqirilgan zahoti vaqtida yetib kelardilar. Men Fatxulla akani shouga taklif qilganimda, ochig‘i, dastlab ishtirok etishlariga, rozi bo‘lishlariga unchalik ishonmagandim. Sababi, u kishi juda band inson edilar. Shouda ham bizga juda katta yordam berganlar. Men Fatxulla aka bilan hamkor edik. Ularda shunaqa iste’dod bor ediki, meni ham o‘zlarining dunyosiga olib kirib ketib qolardilar. Qo‘shiqlarni ham juda chiroyli tarzda ijro etganlar. Mendan qo‘shiq kuylashi va ovozi borasida ko‘p so‘rardilar. “Meni xafa bo‘ladi deb o‘ylamang, ochig‘ini ayting, qanday aytdim, qayerida xato qildim?”,- deb takror so‘rardilar. Biz bir birimizga qo‘ldan kelgancha yordam berardik. Ular menga aktyorlik mahorati bo‘yicha, men ularga qo‘shiqchilik borasida bir-birimizga bilganlarimizni o‘rgatardik. Menga shou uchun kerakli narsalarni, xususan, liboslarni ham o‘zlari olib kelardilar. “Kerak emas, sizni tashvishga qo‘ymay”, -  desam, “Yo‘q, siz ovora bo‘lmang”, - derdilar va astoydil, samimiy, beg‘araz  tarzda yordamlarini ayamasdilar. Juda ham kuyunchak, haqiqatparvar inson edilar. Keyin Hamza teatriga direktor bo‘ldilar. Men ularni aktyorliklarini direktorlik lavozimidan qizg‘anardim. Direktor bo‘lganidan quvonardim, albatta, lekin menga qolsa, butun umr aktyor bo‘lganlari yaxshi edi. Negaki, rahbarlik ishlari rollarini ijro etishlariga birmuncha to‘sqinlik qiladi, vaqtlarini olib qo‘yadi deb o‘ylardim. Men o‘ylaymanki, direktor bo‘lish qobiliyati ham bor ekanki, o‘z zimmasiga yuklatilgan barcha mas’uliyatli ishlarni o‘z vaqtida sidqidildan bajarar va ularning ortidan faqat yaxshi gaplar eshitganman. Fatxulla akam bilan yoshligimdan tanishman. Men yosh qo‘shiqchi, ular yosh aktyor edilar. Keyin yaqindan tanishib, ahil do‘st bo‘lib ketdik va tez-tez muloqot qilib turardik. Birgalikda qo‘shiqlar aytdik. Konsertlarda qatnashdik.  
   Bir kuni qizimning to‘yi bo‘lib qoldi. Shu payt qizim Fatxulla Masudov bilan Lola Eltoyevani sahnada juda mos ko‘raman. Agar iloji bo‘lsa, iltifot qilib, to‘yimda xizmat qilib berishsin, iltimos, dedi. Fatxulla akaning yoniga borib, qizimning iltimosini aytdim. Qizim Fatxulla aka bilan Lola Eltoyeva to‘yimni olib borishsa deb iltimos qilayapdi, bu mening fikrim emas, dedim. Shunda Fatxulla aka aytdiki, “Men sizni hurmat qilaman, hech qachon mendan iltimos qilmagansiz. Meni ishlarim ko‘p edi-ku, lekin ishlarimdan ortib, qizingizning to‘yiga baribir boraman”, - deb va’da berdi. Lola Eltoyeva bilan birga meni hurmatim uchun 21 Martda, karantindan avval, xizmat qilib berdilar. To‘yning oxirigacha o‘tirib, meni va qizimni xursand qilganlar. Yoshlar yosh boshlovchilar to‘yni olib boriini istashadi, deb o‘ylardim. Qizimning qaroridan hayratlanganman. To‘y oxirida xizmat haqi deb pul uzatganimda, bir tiyin ham olmaganlar, qistovlarimga qaramasdan: “To‘yga xolis xizmat yuzasidan, qadrdon, do‘stligimiz hurmati tashrif buyurdim”, - deganlar. Undan keyin karantin boshlanib qoldi. Lekin telefon orqali gaplashib turdik. Lekin oxirgi 1 oy ichida gaplashmayotgan edim. Telefon qilsam ham ko‘tarmaganlariga hayron bo‘lgandim. Hamma o‘zi bilan-o‘zi bo‘lib yurganiga band bo‘lsalar kerak deb indamagandim. Keyin bilsam, kasal bo‘lgan ekanlar. Olloh rahmat qilsin! Juda qattiq qayg‘udaman...”

   Nasiba Tursunova - "Sevimli" telekanali rejissyori, O‘zbektelefilm DUK kinorejissyori va "O‘zbekiston" radiosining suxandoni hamda aktrisa:
   “Men 2005 yilda O‘zbek Milliy akademik drama teatrida aktrisalik faoliyatimni olib borayotgan paytimda Fatxulla akam bilan birgalikda juda ko‘p rollarni ijro etganmiz. “Neksiya”, “Oltin qiz” spektakllarida birga rol o‘ynaganmiz. Fatxulla akani aslida ancha ilgari ham tanirdim. Lekin institutni bitirib, aktrisa sifatida 2005 yilda ish boshlagach, yaqindan tanishganman. Keyinchalik O‘zbektelefilmda rejissyor sifatida faoliyat olib bordim va u yerda ham juda ko‘p birga ishladik. Eng oxirgi tushgan filmlari, bu – “Sevimli” telekanali buyurtmasi asosida suratga olingan “Sabriya” seriali bo‘ldi. Mazkur serial uchun birinchi marotaba kasting o‘tkazayotganimda, Fatxulla akaga telefon qilib: “Aka, bir kelib keting, shunaqa ish boshladim, serial olayapman”, - deganimda, yo‘q demasdan kelib ketdilar. O‘shanda ham shoshardilar. “Nasiba, qachon boshlaysan? Tezroq bo‘laqol”, - dedilar. Men u kishini 20 yildan beri tanisam-da, birinchi marta shu ahvolda ko‘rishim edi. Men ham “Bo‘ldi, keyingi haftada boshlaymiz”, - dedim. Juda samimiy inson edilar. Ba’zilarga amal tegsa kibrlanib ketadi. Yoqub akadan keyin rahbarlik faoliyatini boshlagach, hammani birdek ko‘rishga harakat qilardilar. U payt hamma jamoalar ajragan bo‘lsa, Fatxulla akadan so‘ng barcha aktyorlar, butun jamoa yaxlit qolipga tushdi. Ular hammaning dardi bilan ishlardi. Kimga yordam kerak bo‘lsa, qo‘ldan kelgancha yordam berardilar. Oxirgi paytda “Birinchi mening ishtirokimdagi kadrlarni olib qol” va shunga o‘xshash gaplar bilan juda shoshdilar. “Fatxulla aka, nega shoshyapsiz?”, - desam, “Bilasan-ku, ishlarim ko‘p, ham rahbar, ham deputatman”, - dedilar. Serialni tog‘da oldik. Shunda ham kelib, rollarini chiroyli tarzda ijro etdilar. O‘shanda ham hamisha shoshdilar. Oxirgi kun qaytayotganimizda Abdurayim akaning og‘ir ahvolda ekanligini eshitdilar va yonlariga kirib chiqdilar. Chiqqanlarida juda ham tushkun kayfiyatda edilar. O‘sha insonning, qirq yillik qadrdoni, hamkasbi, do‘stining vafotiga ham juda siqildilar. Abdurayim akaning vafotidan so‘ng o‘zimning guvohligimda Dilbar Ikromovaga telefon qilib, qanday yordam kerakligini so‘radilar. Dilbar opa kislorodli ballon so‘radilar. Fatxulla akam: “Bo‘ldi, olib boraman”, - dedilar. Shaxsan o‘zlari Dilbar opani Akfa Med Laynga yotqizib, uylariga ro‘zg‘orlar ham qilib berdilar. Men bunaqa saxovatli, mehribon, hotamtoy insonni hayotda ko‘rmagan edim. Oxirgi payt juda shoshgan bo‘lsalar-da, ochig‘ini aytsam, ozgina epizodlari ham qolib ketdi...
 “Taqdirlar” telenovellasida ham birga ishladik. O‘shanda ham juda shoshdilar. Oxirgi marta gaplashganimizda menga vasiyat qilib aytdilarki:  “Nasibaxon, agar malol kelmasa, qaynotam va qaynonam va o‘g‘lim Abdullohni ham serialingizga oling”, - dedilar. InshaOlloh, Fatxulla akamizning so‘nggi vasiyatlarini bajaramiz. “Sabriya” serialining 20 ta seriyasi tayyor. 20 tasida ham Fatxulla akam borlar. Xudo xohlasa keyingi 30 ta seriyasida Fatxulla akaning oxirgi iltimoslarini bajaraman. Ular juda g‘amxo‘r, kuyunchak, chinakam inson edilar. Joylari Jannatda bo‘lsin!”

   Gulchehra Sa’dullayeva – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston Davlat satira teatri aktrisasi, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibasi:
   “Fatxulla haqida qancha gapirsam ham oz. Fatxullani kuyovim emas, eng katta o‘g‘lim deganman. Tuqqan bolamdan a’lo ko‘rganman. Juda hurmatli, mehribon edi. Qaynotam, qaynonam deb ajratmasdan, adajon, oyijon derdi. Biz koronavirus bilan kasallanib, baravar kasalxonaga tushgandik. Men sal og‘irroq edim. Fatxulla unaqa og‘ir emas edi. Men uning tuzalib ketishiga ishonchim komil edi. Lekin u boshqalar uchun jonini fido qilardi. Dilbar Ikromova ham koronavirusga chalindi. Buni Fatxulla eshitib, “Zangotadagi shifoxonadan tez bu yerga olib kelinglar”, - deb kechki 12 gacha telefonda asabiylashib, Dilbar Ikromovani kasalxonaga olib keltirdi. O‘shandan keyin u ag‘anadi. Koronavirus shunaqangi iflos kasallik ekanki, asabiylashsangiz, kuchayib ketarkan. Fatxullaning kasalligi 95 % ga kuchayib ketibdi. Hammaga yordam qilaman, deb o‘zini ayamadi. Bo‘lmasa, dastlab unaqa og‘ir ahvolda emasdi. Meni ko‘rib “Onajon, ozib ketibsiz”, - deb shunaqa yig‘lagandiki, uni achinishidan o‘zimning yurak bag‘rim o‘rtanib ketgandi.
 Har kuni vrachlarga telefon qilardi. Men 8-qavatda, u 5-qavatda yotgandi. Ularga “Onajonimga yaxshilab qaranglar”, - deb telefon qilardi, o‘zini o‘ylamay, meni va Dilbar Ikromovani ko‘proq o‘ylab, tashvishlanardi, o‘zini o‘ylamasdi. Bunaqangi Jannati odamni umrim bino bo‘lib ko‘rmaganman. Mana kuyov bo‘lganiga 30 yildan oshgan bo‘lsa, ayrim kuyovlarga o‘xshab qovoq solganini yoki qaynonam deb murojaat qilganini eslolmayman. Bolalariga, kelinlariga, nevaralariga juda mehribon edi. Sport bilan ham shug‘ullanardi. Beg‘ubor, birorta g‘ubori yo‘q insonlar Ollohga ham kerak ekan, nazarimda... Afsuski, bolalari yosh qoldi... Abdulloh hali uylanmagan. To‘ylarida bosh-qosh bo‘lish nasib qilmadi bolajonimga. Lekin nima ham qila olardik. Ollohning irodasi shu ekan. Bunaqangi yaxshi odamlarni ko‘p bersin, lekin umrini uzoq qilsin! Bu yigit tug‘ilibdiki, barchaga yaxshilik qilib keldi. Direktor bo‘lsa ham, hech kimga qattiq gapirmagan. U yerda Lutfilla akam juda siqilib yotibdilar. Qaysi kuyov qaynotasini 1 oyga Hindistonda o‘tkaziladigan operatsiyaga ishlarini tashlab, o‘zi bilan birga olib ketadi? Kuyov bo‘lib turib, qaynotasini Hindistonda davolatish uchun olib ketgandi o‘shanda. Umr yo‘ldoshim yuragini operatsiya qildirib keldi. Tuqqan bolalarimdan ham ko‘proq mehri yuksak edi. “Eng katta o‘g‘limizsiz, hamma kuyovlar sizga o‘xshasin, bolam”, - derdim. Kasalxonadan aravachada chiqqanimda ancha tuzuk edi. Menga qarab: “Oyijon, rangingiz o‘chib, ozib ketibsiz-ku”, - deb achinib, rosa yig‘lagani kechagidek ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. O‘sha bizning oxirgi suhbatimiz va diydorlashuvimiz ekanligi kimning xayoliga kelibdi, deysiz?.. Hozir ham ishonmayapman... Axir, kechagina “Oyijon, oyijon”, deb yurgan bolam nahotki bugun yo‘q?!! Joyi Jannatda bo‘lsin”.

   Mirza Azizov - Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri rahbari, O‘zbekiston  xalq artisti, Xalqaro Chingiz Aytmatov mukofoti sovrindori, aktyor:
   “Fatxulla akam haqidagi xotiralarim faqat ijobiy. U nihoyatda olijanob, odob-axloqli yigit edi. Odamgarchilikni undan o‘rgansak arzirdi. Bir joyda o‘tirsak ham, eng shirin taomlarni tanlab, menga ilinardi. Biz Xasan Xusanmiz, derdi. Muqimiy bilan Milliy teatr egizaklardek ekan, demak siz bilan men ham Xasan va Xusanmiz derdi. Qanaqasiga egizaklardek bo‘lamiz, siz chiroyli, kelishgansiz, men beso‘naqay bo‘lsam, deb kulishsam, “Yo‘q, biz baribir Xasan Xusanmiz, fikrimdan qaytara olmaysiz”, - derdi rahmatli. U talabalikligida-yoq taniqli aktyor bo‘lib ulgurgandi. Oliygohda ketma-ket bosqichlarda o‘qiganmiz. Fatxulla aka bizdan bir yil oldin o‘qishga kirgandi. Uni muomalasi shirinligidan Farg‘onalik bo‘lsa kerak, deb o‘ylardik. Keyin bilsak, Toshkentning qoq markazidan ekan. Uning qazo etganidan qattiq kuyunib, rosa yig‘ladik. Bebaho inson edi. Joyi Jannatda bo‘lsin!”

   Lutfulla Sa’dullayev - O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston Davlat Satira teatrining aktyori:
   “Fatxulla Masudov san’at oliygohini bitirib, harbiy xizmatga ketgan. Sovet davrida armiyaga borib, xizmat qilib kelib, Satira teatrini binosiga kelgan. Keyin menga: “Assalomu alaykum, ustoz”, - degandi ilk marotaba ko‘rishgan paytimizda. Shundan so‘ng uni 1-2 marta ko‘rib yurganman. Kunlarning birida uning otasi biznikiga sovchilikka kelgan. Adasi Nizomiy nomidagi institutda dars berardi. Ziyoli odamlarning farzandi edi Fatxulla. Fatxullaning ota-onasi o‘g‘lini uylantirish taraddudiga tushib, kelin axtarishganda va qiz surishtirib yurishganda, teatr va kinodagilar “Lutfulla akaning qizi o‘g‘lingizbop qiz, yaxshi, ko‘nglingizdek kelin bo‘ladi”,  deyishganini aytishdi.
   Dastlab, Fatxullaning otasi, qudam sovchilikka bitta o‘zi keldi va o‘g‘lining rasmini ko‘rsatdi. O‘ylab ko‘rishimizni aytganimdan keyin, keyingi safar ayollari – Fatxullaning onasi bilan keldi. Tanishlarim ham ulardan sovchi kelayotganini eshitishib, “Qizingni shunga ber, yaxshi oila” deyishdi. Qizimning taqdiriga Fatxulla bitilgan ekan, u bizga kuyov bo‘ldi. Birinchi kunning o‘zida unga “Xafa bo‘lmasang, men seni sensirayman. Kuyovni sizlaydiganlardan emasman. Xafa bo‘lmaysanmi?”, - desam, u  yo‘q, xafa bo‘lmayman, bemalol sensirab murojaat qilavering, - dedi. 
- Xafa bo‘lmay to‘g‘ri qilasan. Nega men seni sansirayapman? Chunki men seni kuyovim emas, o‘g‘lim deb tan olaman. Katta o‘g‘limsan endilikda”, - dedim.
   U ham kuyov, ham o‘g‘il, ham shogirdim bo‘ldi. Keyin men Mirabbosga: “Bu bolani “Otalar so‘zi”ga chaqirasan, - deb tayinladim. Mirabbos ham gapimni ikki qilmay, uni “Otalar so‘zi” ko‘rsatuviga chaqirdi. Aktyor qancha ko‘p rol o‘ynasa, shuncha charxlanadi. Haqiqiy shogirdlarimdan biri shu bo‘lgan. Keyin “Toychoq”ni o‘ynaganmiz. Alp Jamolning bir yarim soatlik “Mehribonlar” pyesasini Fatxulla ikkimiz qaytadan yozib, 3 soatlik ssenariy tayyorlaganmiz. Mirabbos “Toychoq” videofilmini ishladi shundan keyin. “Toychoq”ni kichkina Hoji ukamning o‘g‘li o‘ynagan. Kattaligini Fatxulla o‘ynagan. “Toychoq” videofilmi bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda bitta mayor o‘rnidan turib: “Mening savolim Fatxullajonga. Adasini urib o‘ldirish sahnasini qanday o‘ynagansiz? - deb savol berganda, Fatxulla o‘rnidan turdi-da: “Kinoda kadr bor, kamera bor. Kameraga teskari turib, qo‘lni yolg‘ondan qimirlatsa, filmda rostdan urgandek taassurot qoldiradi”, - degan. Shunda men: “To‘xtang, Fatxulla” - deganman. 
- O‘rtoq mayor, savolingizni qaytaring, - dedim. U savolini takrorladi. Men “Siz savolni noto‘g‘ri berdingiz», - dedim. Siz Fatxulla Masudovga shunday savol berishingiz kerak edi: Fatxulla Masudov, siz kadrda qaynotangizni urganmisiz, roldagi otangizni urganmisiz yoki ustozingizga qo‘l ko‘targanmisiz, deyishingiz kerak edi, - deganman. Men sizlarga aytamanki, u bitta urdi, ura olmadi, ikkita urdi, ura olmadi. Keyin men uchinchisida rostakasimiga bo‘g‘gandim, u ham meni rostdan bitta urgandi, trubaga borib urilib, o‘lib qolganman. Bu ham bo‘lgan voqea. Men Fatxullani ko‘rganimda o‘zimning yoshligimni eslayman.  Mening ham changalim zo‘r edi. Bitta narsani mahkam ushlasam, boshqa qo‘yib yubormasdim. Fatxulla ham shunday aktyor. U o‘shanda Bo‘stonliqqa suratga olishga ketib, kasal bo‘lib qaytib keldi. Dushanba kuni ketdi, seshanba kuni isitmalab, mazasi qochib qaytdi. O‘sha kunning o‘zida kasalxonaga – Akfa med laynga yotdi. Menga akfa med layn umuman yoqmadi! O‘zi davlat koronavirusni tekinga davolang deyapdi. Bular bir sutka reanimatsiyaning o‘ziga 5 millionga yaqin pul olishadi. Mana Dilbar Ikromova 20 kun yotganiga 10 ming dollar ketdi. Baraka topsin, “Sevimli”ning rahbari 80% mablag‘ o‘tkazib beribdi. Bo‘lmasa mayitni bermayman, deyayotgan  emish. Katta qizim ham barcha narsasini, bor bisotini sotdi, kamiga nechta odamdan qarz bo‘ldi. Natijada ham eridan, ham boru yo‘g‘idan ayrilib, qarzga botdi! Hech bo‘lmasa davlat arboblari, xalq artistlari, pedogoglarga tekin qilsa bo‘ladi-ku. Mana, baribir pul to‘langani bilan kuyovim ham, Dilbar Ikromova ham olamdan o‘tib ketishdi. Natija bo‘lmadi hech qanaqa! Men dardimni kimga aytaman?! Yoshim 80 ga chiqib qoldi. Akfa med layndagilarni butun umr qarg‘ayman men. Men davlatga xizmat qilib qo‘yganman. Bugun Prezidentning shaxsan o‘zi “Mukofot muborak”, - dedilar. O‘zlari aytdilar: kecha menga xabar keldi, Milliy akademik drama teatrining rahbari vafot etdi, deb. Men o‘sha joyda qotib qoldim. Shunday yaxshi inson ham koronavirusning qurboni bo‘ldi, deb ta’ziya bildirdilar. Hech bo‘lmasa bir-ikkita bunday noyob odamlarga bepul qarashmaydimi? Fatxulla o‘tib ketdi, lekin katta qizim va bolalari 30 ming dollar qarz  bo‘lib qolib ketdi. Insonlar bu aktyor boyvachcha, puli ko‘p deb o‘ylashlari mumkin. Vaholanki, Fatxulla o‘zining mashinasini ham sotgandi.
   Abdulla Oripovning gapi: 
Kolumbda bor alamim manim, 
O‘zbekiston vatanim manim. 
   Mening ham alamim ko‘payib ketgan. Ayniqsa, Fatxulladan keyin mening alamlarim toshib ketdi. Bu dunyo armonli dunyo emas, quvonchidan azobi ko‘p dunyo ekan! Hozir sekin asta qarzlarni qanday uzishni o‘ylayapmiz.”


Muzaffar MUHAMMADNAZAR tayyorladi.
Manba: "Bekajon" gazetasi.
2020 Yil.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот