Nazokatu nafosat


O‘ziga ishonish

   O‘ziga ishongan ayollar hech qachon ommani oldida o‘zini tanqid qilmaydi, ayrim jozibador ayollar kabi oddiy muammodan fojia yasamaydi, balki har qanday vaziyatda o‘zini qanday tutishni yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham erkaklar o‘ziga qattiq ishongan ayollarni juda ham yoqtirishadi.

Nazokat va noziklik

  Erkaklar ko‘proq ayollarning nazokatiga va yoqimli muomalasiga e’tibor berishadi. Ayol kishiga ko‘rsatgan ehtiromlari orqali ular o‘zlarini haqiqiy kuchli erkak sifatida his qilishar ekan.

Ezgulik va yaxshi ishlar

  Hamma narsada yaxshilikni ko‘ra biladigan va hayotga yorug‘ ko‘z bilan qaraydigan ayollar hamisha ko‘pchilikning e’tiborini o‘zlariga tortadilar. Uzoq munosabatlarni saqlab qolish uchun erkaklar ayollardagi aynan ana shunday iliq hislatlarga etibor berishadi.

Intiluvchan va erkin

  Intiluvchan, sobitqadam ayollar vaqtdan unumli foydalanib, o‘z taqdirlarining bekasi hisoblanadilar. Shuning uchun ular o‘z harakatlari bilan sust ayollarga nisbatan erkaklarning nazariga ko‘proq tushishadi.

Hayotni sevish va quvnoqlik

  Hayotni sevuvchi, ilg‘or, birovni g‘iybat qilmaydirgan, quvnoq ayollar erkaklarni o‘zlariga ohanrabodek tortishadi. Bunday ayollar har bir kundan zavq olib yashashni bilishadi.

Sarishta va didli bo‘lish

  Sarishta va did bilan kiyingan ayollar hamisha erkaklar nazaridan qolmagan. Erkak kishi so‘nggi rusumni bilmasligi mumkin, ammo ayollar yarashiqli kiyinganmi yo‘qmi, darhol sezishadi.

Bekalik

  Bekalik – ayollardagi eng oliy xislat. Erkaklar ayollardagi pazandalik va saranjomlik hislatlarini qadrlashadi. Bunday ayollar baxt timsoli hisoblanadi.

Baxtli bo‘lish

  Erkaklar injiq, o‘z-o‘zidan norozi bo‘lib, hamma narsadan kamchilik izlagan ayollarni yoqtirishmaydi. Baxtli hayot kechiruvchi, hamma narsani qadrlovchi ayollar olami erkaklarni o‘zlariga jalb qiladi.

Ko‘zlardagi yorqin qiziquvchanlik

  Samimiy va tabiiy munosabatlar har kimning ham e’tiborini tortmay qolmaydi. E’tiborni o‘ziga tortuvchi ayollar o‘z his-tuyg‘ularini yashirmaydilar. Ayol kishi o‘zining bunday munosabatlari bilan erkak kishining aqlini va yuragini zabt etadi.

Xushmuomalalik

  Erkaklar o‘zlarini juda ham bilimdon sanaydigan ayollardan ko‘ra ochiqko‘ngil va xushmuomala ayollarni yoqtirishadi. Jozibador ayol o‘zini go‘yo donishmanddek tutmaydi, balki ustamonlik bilan bilan suhbatdoshining ko‘ngliga yo‘l topadi.

Latofatlilik

  Ayol kishi o‘ziga xos harakatlari, latofatligi va chiroyli yurishlari bilan erkak kishini rom etadi. Erkaklar ayollarning ushbu harakatlari orqali o‘ziga bo‘lgan munosabatini bilib olishadi.

Tabassum

  Erkaklar g‘amgin, ma’yus qarashli ayollardan ko‘ra ko‘proq jilmayib turgan ayollarni yoqtirishadi. Tabassum — bu nafaqat quvnoqlikni, balki hayotni sevuvchanlikni anglatadi. Erkaklar ayollarning ko‘zlaridagi quvnoqlikdan sarxush bo‘lib, orom olishadi.

Gulniso SAIDOVA










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот