Bobur siyratining surati


 

Bobur siyratining surati

 

      Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk ishlari, yorqin ijodi, o`z shaxsiyati bilan insonlar xotirasidan mangu makon  topgan ulug` zotdir. Zahiriddin Muhammad Bobur haqida fikr yuritganda, albatta, shoh va shoir iborasi yodimizga keladi. Ayna paytda, Bobur mohir sarkarda, davlat arbobi, tarixchi, tilshunos sifatida ham namoyon bo`ladi. U shaxs sifatida ham eng yuksak insoniy fazilatlar, kuchli iroda sohibi, haqiqiy vatanparvar insondir.

       Sohibqiron Amir Temur asos solgan Temuriylar davlati zaiflasha borayotgan XVI asr bo`sag`asida taxt uchun kurash maydoniga Zahiriddin Muhammad Bobur chiqadi. Bobur Mirzo ikki buyuk sulola – temuriylar va chingiziylar xonadonida tavallud topdi. Bolalik yillari Andijon va Axsi shaharlarida o`tdi.  Bobur o`z davriga yarasha barcha zarur bilimlarni egallagan edi. Otasining vafoti sabab 12 yoshida hokimiyatni qo`liga olgach, Bobur uchun kurash va qiyinchiliklar davri boshlandi. shu davrdan boshlab Bobur Mirzo o`z ota yurtidan benasib qolib, sarson-u sargardonlikda yurishidan Hind o`lkasida qudratli davlat barpo etishigacha davr voqealarini o`limiga qadar yozib bordi. Bu qaydlar Boburning o`ziga xos kundaligi edi. Bu kundalik esa bora-bora “Boburnoma”ga aylandi.   

      “Boburnoma” – memuar, ya`ni esdalik asardir. Unda Movarounnahr, Xuroson va Hindiston tarixi aks ettirilgan. Asar 1493-1529-yillar voqealarini qamrab oladi. “Boburnoma”dagi ma`lumotlar aniqligi, ixchamligi, ta`sirchanligi bilan dunyo ahlining e`tiborini jalb qilib kelmoqda. Bu asar o`zbek nasrining bebaho namunasi sifatida yuz ko`rsatdi.

      Bobur mirzo “Boburnoma”ga, asosan,  o`zi ko`rgan-kechirgan, boshidan o`tkazgan voqealarini kiritgan. Hech bir tafsilot muallif e`tiboridan chetda qolmagan. Muhimi, Bobur har bir voqea-hodisani xolisona baholagan. Kezi kelganda o`zining xato va gunohlarini ham qo`rqmay tan olgan. Asar  shunday sodda tilda yozilganki, bugungi o`quvchi ham uni tushuna oladi.  Zabardast yozuvchimiz Pirimqul Qodirov “Yulduzli tunlar. Bobur” romanida shu ikki xususiyatga ham alohida to`xtalgan: “…Ajabo! – o`ylandi Xondamir, betakalluf til bilan asar bitmoq Bobur Mirzo uchun pok uslub belgisi hisoblanur ekan-da! Xondamir o`ziningo`n yildan beri yozayotgan “Habib us-siyar”ida nazokatli takalluflar ko`pligini esladi-yu o`zini o`ng`aysiz sezib, o`qishdan to`xtadi va ayvonga chiqdi… O`z istagiga qarshi kurashib, yig`lash darajasiga borganini ochiq yozish tojdorlar orasida misli ko`rilmagan bir sohibdillik ekaniga Xondamir ich-ichidan tan berdi. Ochiqchasiga aytilgan mana shunaqa  oddiy tafsilotlar tufayli Bobur unga o`zi kabi bir inson farzandi bo`lib tuyuldi. Ammo boshqa tojdorlar tarixiy kitoblarda oddiy odamlarga o`xshab ko`rinishdan qanchalik cho`chiydilar!”

      “Boburnoma”, ayni paytda, Bobur  dahosining ko`zgusi hamdir. “Muallifning yorqin xarakteri, -  deydi Elfinston, - asarga eng ko`p joziba bag`ishlaydi”.

      Bobur Mirzo haqida juda ko`p hikoyatlar tarqalgan. Ulardan biri “Boburnoma” bilan bog`liq. Kunlardan bir kuni “Bonurnoma”ning bir qancha sahifalari yo`qoladi. Uni ancha izlashadi, ammo sahifalar topilmaydi. Shundan so`ng Bobur yo`qolgan shifalardagi tafsilotlarni qaytadan qog`ozga tushiradi. Biroz muddat o`tib esa sahifalar topiladi. Boburning yaqinlari yo`qolgan sahifalar bilan qayta yozilgan ma`lumotlarini solishtirib ko`rishadi va hayron qolishadi. Chunki ular orasida deyarli hech qanday farq bo`lmagan ekan.

      Bugungi kunda “Boburnoma” nafaqat tarix va adabiyot, balki geografiya, biologiya, tibbiyot, etnografiya kabi fanlar uchun ham qimmatli manbaga aylangan. Boisi unda ko`plab sohalarga doir aniq ma`lumotlar dalillari bilan keltiriladi. Jumladan, “Sayxun daryosikim, Xo`jand suig`a mashhurdur, sharq va shimoli tarafidin kelib, bu viloyatning ichi birla o`tub g`arb sori oqar” – degan ma`lumotning o`zidayoq ham tarixchi, ham tilshunos qimmatli faktga ega bo`ladi. Umuman olganda, dunyo olimlari “Boburnoma”dan eng ishonchli manbalardan biri sifatida foydalanadi. Biz, avlodlar esa ana shunday durdona asar muallifi o`z ajdodimiz ekanidan doimo faxrlanamiz.

 

  Umida Nuriddinova, Zarafshon akademik litseyi o`quvchisi