Jismoniy va yuridik shaxslarga xulosalar berish bo‘yicha


    Joriy yilning 2024 yil 29 mart kuni Vazirlar Mahkamasining 169-son qarori bilan “Jismoniy va yuridik shaxslarga xulosalar berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.
   Mazkur reglament bilan jismoniy va yuridik shaxslarga 17 turdagi xulosalar berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning tartibi belgilandi.
    Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YaIDXP) orqali ko‘rsatiladi.
    YaIDXP orqali murojaat etilgan taqdirda, arizani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
   Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.
    Arizalar YaIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Ariza beruvchi yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxs o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda arizani elektron ravishda to‘ldiradi.
    Ariza beruvchi ishonchnoma asosida harakat qilayotganda, belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma (yuridik shaxs tomonidan berilgan ishonchnoma bundan mustasno) arizaga ilova qilinadi.
    Ariza xulosa berish sohasidagi vakolatli organlar tomonidan belgilangan muddatda ko‘rib chiqilib xulosa beriladi yoki rad etiladi.
   Hujjatlar yoki ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmaganda, ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar mavjud bo‘lganda vakolatli organ ariza beruvchiga kamchiliklarni to‘liq ko‘rsatgan holda xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun kamida besh ish kunidan kam bo‘lmagan va o‘ttiz kundan ko‘p bo‘lmagan muddat (imkoniyat) beradi.
   Davlat xizmatini ko‘rsatish rad etilganda, ariza beruvchi bir oy muddatda davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish asoslarini bartaraf qilgan holda yig‘im to‘lamasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega.
    Davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
- ariza beruvchi belgilangan talablarga javob bermaganda;
- hujjatlarda yolg‘on yoki qalbaki ma’lumotlar ko‘rsatilganligi aniqlanganda;
- talabgor tomonidan belgilangan muddatda hujjatlar qayta taqdim etilmaganda.
    Davlat xizmatini ko‘rsatishni boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emaslik vaji bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

I. Umarov - 
Andijon viloyat, Andijon tuman 
Adliya bo‘limi Davlat xizmatlari 
markazi direktori. 










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот