Subsidiya olish uchun murojaat qilish tartibi
Ariza beruvchi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP)da davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
O‘zi kelib murojaat etganda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat qilinganda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda davlat xizmatidan foydalanish uchun anketa-arizani elektron tarzda to‘ldiradi va quyidagi hujjatlarni elektron tarzda ilova qiladi yoki ma’lumotlarni taqdim etadi:
1. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari;
2. Oila a’zolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (to‘liq oila va nikoh hamda voyaga yetgan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) va (yoki) farzandlar tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga yetmagan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) nusxalari;
3. Belgilangan tartibda nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi to‘g‘risida sud qarori (nikoh qayd etilgan holatda) yoki oilaviy holati to‘g‘risida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari arxividan ma’lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan holatda);
4. Doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan kadastr raqami va turiga tegishli ma’lumotlar (agar turar joyi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
5. Doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo‘yicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
6. Ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi va ushlab qolingan daromad soliqlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (qo‘shimcha daromadlar bo‘lsa soliq deklaratsiyasi).
Ariza beruvchidan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma’lumot va hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.
Mehnat migrantlari nomidan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish to‘g‘risidagi arizani uning oila a’zolari berishi mumkin.
Davlat xizmatlari markazi va YIDXP orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar ariza beruvchilarga to‘lovlarsiz amalga oshiriladi.
Ariza beruvchi tomonidan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun ariza berish muddati yilning 1-martidan 1-oktyabrgacha etib belgilanadi. Ushbu muddat tugagandan keyin taqdim etilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Ariza beruvchi tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali taqdim etiladigan hujjatlar va ularda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va haqqoniyligi uchun javob beradi.
YIDXP orqali murojaat etilgan taqdirda ariza beruvchi anketa-arizaga asosan zarur bo‘lgan ma’lumotlarni o‘zi kiritadi.
Sh. Ne’matov -
Andijon viloyat, Qo‘rg‘ontepa tuman
Davlat xizmatlari markazi direktori.