Adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi 24.05.2024 yildagi PF-80-son Farmoniga ko‘ra, adliya organlarining quyidagi qo‘shimcha 4 ta faoliyat yo‘nalishlari belgilandi:
- aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rib borish;
- joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish;
- fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirib borish;
- davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.
Farmon bilan, tuman (shahar) adliya bo‘limlariga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
-aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazish. Bunda olis hududlardagi mahallalarda
- har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib borish;
- uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlanadigan huquqiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- “mahalla yettiligi”ga qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda yetkazish, ular tomonidan “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan aholining kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borish;
- aholiga, avvalambor “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash;
- yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek tadbirkorlarni qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish;
- davlat organlarining tuman (shahar) bo‘linmalari, hokimliklar hamda mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.
Farmon bilan, aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda:
– 2024-yil yakunigacha davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish – Face-ID usuli ishga tushiriladi. Bunda, davlat xizmatlari markaziga kelgan fuqarolardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etilmaydi;
– fuqarolar davlat xizmatlari markazlari hamda notarial idoralar orqali Mobile-ID tizimida bepul identifikatsiya qilinadi;
– Mobile-ID – shaxsni uning telefon raqami orqali aniqlash tizimi.
– yangi davlat xizmatlari ko‘rsatishni joriy etishdan avval ular, zaruratga ko‘ra, ma’lum hududda 6 oylik sinovdan o‘tkaziladi;
– davlat xizmatlari markazlari va Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan 13 ta yangi xizmatlar joriy etilmoqda hamda 18 turdagi xizmatlar proaktiv va kompozit shakllarga o‘tkazilmoqda;
– ayrim davlat xizmatlaridan mahalladan chiqmay foydalanish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga agent sifatida 15 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi;
Soliq qarzi mavjud emasligiga oid ma’lumotnomalarni olish, xalqaro imtihon bo‘yicha yuqori ball olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish va boshqalar.
– aholi gavjum joylarda, mahallalarda 24/7 rejimida onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan interaktiv kiosklar bosqichma-bosqich o‘rnatiladi.
Ruziyeva Yulduz Shuxrat qizi -
Andijon viloyat, Buloqboshi tuman
Adliya bo‘limi, Fuqarolik holati dalolatnomalarini
qayd etish bo‘limining I toifali inspektori.