Bolalar nafaqasi olish uchun


Bolalar nafaqasi olish uchun fuqaro qayerga murojaat qilishi kerak?

   Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 10 noyabr kungi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 596-son qarori qabul qilingan. Endilikda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga onlayn yoki davlat xizmatlari markazlari orqali ariza berish mumkin.
   “my.gov.uz” portali va Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan ushbu qulaylikdan kam ta’minlangan, jumladan, oilasida 18 yoshgacha farzandi bor ijtimoiy nafaqa olish istagida bo‘lgan talabgorlar foydalanishi mumkin.
   Bolalar nafaqasi 12 oy (bola 18 yoshga to‘lgangacha), moddiy yordam 6 oy muddatga to‘lanadi. Bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdorlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan. Talabgorlar ushbu xizmatdan foydalanish uchun bevosita Davlat xizmatlari markaziga borishi yoki my.gov.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tishlari va tegishli xizmatni tanlashi, undagi so‘rovnomani to‘ldirishi va yuborishi kerak bo‘ladi. Xizmatdan foydalanish bepul. 
   Yuborilgan ariza “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan o‘rganiladi. Bunda ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori aniqlanadi va belgilangan mezonlarga mosligi solishtiriladi. Shundan so‘ng ijtimoiy nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Va ariza javobi my.gov.uz orqali yuboriladi. 
   Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ko‘rsatiladi.

Isakulov Yodgor -
Andijon viloyat, Buloqboshi tuman 
Adliya bo‘limi davlat xizmatlari 
markazi Direktori. 










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот