Hujjatlarning dublikatini berish tartibi
Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning dublikatini berish tartibini bilasizmi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ““Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 5 oktabrdagi PF-6079-son Farmoniga muvofiq hamda ta’lim sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 iyul kuni 395-sonli qarori qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktabrdagi PF-6079-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 2020 — 2022-yillarda ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma’naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash sohalarini raqamli transformatsiya qilish dasturining 16-bandiga muvofiq oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi diplomlar dublikatini berish bo’yicha davlat xizmati ko’rsatish joriy etilgan.
Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning dublikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti belgilangan bo’lib:
- yo‘qolgan yoki foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan, shuningdek, shaxsning ismi (familiyasi, otasining ismi) o‘zgarganda ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy davlat hujjatlari dublikatini olish maqsadida davlat xizmatidan foydalanish tartibi quyidagicha;
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat etadi yoki YIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.
Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq belgilangan shakldagi so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi.
Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi va yig‘im to‘langanligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi;
- ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy davlat hujjatlari dublikatini rasmiylashtirish tartibi;
- tegishli vakolatli organ tomonidan rasmiylashtirilgan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatda noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjudligi aniqlanganda, ariza beruvchi o‘n besh ish kuni ichida yig‘im to‘lamasdan belgilangan tartibda qayta murojaat qilishi tartibi belgilangan.
Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi rasmiy hujjatlar hamda uning dublikati bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi.
Ariza beruvchi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat dublikatini vakolatli organdan olib ketishi yoki xohishiga ko‘ra, ta’lim to‘g‘risidagi hujjat dublikati vakolatli organ tomonidan pochta xizmati orqali yuborilishi mumkin.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy shaxslar o’ziga yaqin xududda joylashgan davlat xizmatlari markazlariga yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali—YIDXP orqali murojaat qilishlar mumkin.
D. Alimova -
Andijon viloyat, Andijon tuman
Adliya bo’limi Davlat xizmatlari
markazining hisoblash texnikasi operatori.