Savol bering, javob beramiz!!!
Savol: Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi qanday?
Javob: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida”gi 322-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga alohida qabul parametrlari doirasida tanlov natijalariga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilangan.
Tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari talabgorga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish uchun har yili 25-aprelga qadar ishchi guruhlarni tashkil etilib, tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari (ishchi guruh)ga har yili 1-maydan 1-iyunga qadar ariza bilan murojaat qilinadi.
Ishchi guruhlar tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan talabgorlarning ariza va unga ilova qilingan hujjatlarini belgilangan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan har yili 1-iyundan 7-iyunga qadar ko‘rib chiqadi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
- tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab uch yil muddat davomida faqat bir marta oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinishi uchun amal qiladi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi;
- kirish imtihonlari yakunlariga ko‘ra to‘plangan ball bo‘yicha talabalikka tavsiya etilmagan, biroq to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizini va undan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan taqsimlangan kvotalar asosida (jami 500 ta kvota) to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.
Ermatov Javlonbek Davronbek o‘g‘li -
Andijon viloyat, Xo‘jaobod tuman
Adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti.