SAVOL BERING, JAVOB BERAMIZ
Savol: Xodimlarning homiladorlik va tug‘ish hamda bolani parvarishlash ta’tiliga chiqish tartiblari qanday?
Javob: Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug‘ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’i nazar, to‘liq beriladi.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, bu davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to‘lanadi.
Ayolga uning xohishiga ko‘ra, bolasi 3 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’til ham beriladi.
Bolani parvarishlash ta’tillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillarning ko‘pi bilan olti yili mehnat stajiga qo‘shiladi, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shib hisoblanadi.
Arzikulov Shuxratillo Nematullayevich -
Andijon viloyat, Jalaquduq tuman
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.