Xodimdan qanday hollarda Ish haqidan ushlab qolinadi?


   Ish haqi - ish beruvchi tomonidan xodimning malakasiga, bajaradigan ishining murakkabligiga, miqdoriga, sifati va sharoitlariga qarab to‘lanadigan mehnat uchun mukofot summasi, shuningdek kompensatsiya xususiyatiga ega to‘lovlar va rag‘batlantiruvchi to‘lovlardir. Xodimning yozma roziligi bilan, shuningdek roziligisiz ham ish haqidan ushlab qolinishi mumkin.
    Mehnat kodeksi (bundan buyon matnda Kodeks deb nomlanadi) ning 269-moddasiga ko‘ra:

- Soliqlar va yig‘imlarni undirish uchun;
- Sud qarorlarini va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun, shuningdek vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarish uchun;
- Ish haqi hisobiga, boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tganligi munosabati bilan xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga berilgan, sarflanmagan va o‘z vaqtida qaytarilmagan bo‘nakni ushlab qolish uchun 
- Hisob-kitobdagi xatolar oqibatida ortiqcha to‘langan summalarni qaytarib olish uchun. 

   Shuni yodda tutish kerakki, ish beruvchi bo‘nakni qaytarish, qarzdorlikni to‘lash uchun belgilangan muddat tamom bo‘lgan kundan yoki to‘lov noto‘g‘ri hisoblab chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ushlab qolish haqida buyruq chiqarishga haqli. Muddat o‘tib ketgan bo‘lsa yoki xodim bo‘nakni to‘lash uchun ushlab qolish asoslariga yoxud miqdoriga e’tiroz bildirayotgan bo‘lsa, qarzni to‘lash sud tartibida amalga oshiriladi;

- Xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan oshmasa;
- Mehnat kodeksga asosan mehnat intizomini buzgani uchun jarimani undirish uchun;
- Xodim qaysi ish yili hisobiga ta’til olib bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda ta’tilning ishlab berilmagan kunlari uchun xodimning yozma roziligidan qat’i nazar, ish haqidan ushlab qolish amalga oshiriladi:

   Ushlab qolish miqdori qanday?

   Kodeksga asosan Har bir to‘lov chog‘ida ish haqidan ushlab qolingan mablag‘larning umumiy summasi xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining ellik foizidan (50%) oshishi mumkin emas, biroq cheklov aliment qarzdorlikni, shuningdek axloq tuzatish ishlari tarzida jazo tayinlangan xodimning ish haqini ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda ushlab qolish miqdori xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining yetmish foizi (70 %)dan oshishi mumkin emas.

Eng muhim eslatma!!!

   Xodimdan bank muassasalaridan olingan ssudalar, kreditlar undirish uchun xodimning roziligisiz ushlab qolish qat’iyan taqiqlanadi.

B. B. Yunusov,
Andijon shahar yuridik xizmat 
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот