ARMON


Bu dunyodan o‘tgan Onajonlarimiz yodi hamisha barhayot!!!

Nilufar JABBOROVA.

BARDOSH

  Sen bor davralarga men sig‘may qolaman. O‘ynab-kulolmayman, quvnab-yayrolmayman. Ko‘ngil uyimni shubhang buluti qoplab oladi.
  Sen yurgan ko‘chalarga men sig‘may qolaman. Izlaringdan to‘kilgan iztirob qalbimdagi bor-yo‘q lahzalik quvonchlarimga ham aza ocha boshlaydi. 
  Ana shunday damlarda sen bilan bir uyda yashab kelayotgan bardoshimga o‘zim ham hayratlanib ketaman.


SЕNSIZ


  Sen bilan bog‘liq barcha xotiralardan – o‘tmishu bugundan kechmoq istayman. Sensiz tashvishlardan xoli, yorqin kelajak orzusida yurgan o‘sha o‘tli yoshlik yillariga qaytmoq istayman. Xayolga cho‘maman. Xayollar Layli devona ko‘nglimni ovlab, Bog‘i Eram sokinligini va’da qiladi.
  Birdan yonginamda akasi bilan nimalarnidir talashib yig‘layotgan kenjatoyimning ovozi xayolimni pardek to‘zg‘itib yuboradi. U chuchuk tillari bilan akasini «dadajoniga» chaqib berishini aytib-aytib yig‘laydi. Meni senga bir umr bog‘lagan shu rishtalar, sensiz bu dunyoning kemtikligini eslatib-eslatib bag‘riga tortadi.


ARVOH


  U chin dunyoga ketgunga qadar tiriklikning tashvishlari, quvonchlari bilan andarmon bo‘lib,  ilingan yaqinlari unga xiyonat qilayotgani, choh qaziyotganini sezmay, hammaga mehr ulashib yashadi. Shirin joniga qasd qilib, hayot shamini so‘ndirganlaridan so‘ng tanasidan chiqqan ruhi ko‘kka parvoz aylagachgina  ko‘zlari ochildi. U xiyonatkor, nonko‘r do‘stu yor, beandisha dunyo ko‘rgiliklaridan lol qoldi. Nafaqat tiriklarga, marhumlarga qilinayotgan xiyonat, bevafolikdan  ogoh etay deb Yaratganning ko‘rgiligiga – qazoga ko‘nmay, dili qon jigarlarining tushlariga kirib bezovta charx ura boshladi. Tiriklar esa hamon  ko‘zlari yumuq, yolg‘on dunyoning xiyonati, aldovlaridan bexabar, pok bilan nopokni farqlamay, bir-birlariga qorishib, gardanlaridagi gunohni ko‘paytirib kun o‘tkazyaptilar...
  Badkirdor  tun xiyonati oppoq tonglarni, pok ruhni oyoqosti qilayotganidan bezovta arvoh esa qon qaqshab chirqirayveradi, chirqirayveradi...


ARMON


  Oyning kami to‘ldi. Yil aylanib, qish ketib, bahor keldi, yoz keldi, kuz keldi... Xazonga burkangan dov-daraxt tanasiga namlik yugurib, kurtak chiqardi... Qovjiragan maysalar qayta nish urdi... Kulib-kulib har kun tong qaytadi... Quyosh qaytadi... Kemtiklari to‘lib-to‘lib dunyo aylanaveradi...
  Yuragimni bir armon qiymalaydi. Nega sening o‘rning bo‘sh, sen qachon qaytasan? Qachon sening o‘rning to‘ladi... jigarim?!. 
  Oyning kami to‘ldi... Oyga havasim kelyapti, u kabi bag‘ri butun bo‘lgim kelyapti, ukajon...


Sayyora ZOIROVA, jurnalist.










O‘TINCH
SIR
SIR
BIRINCHI MUHABBATIM
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот