Onangizga qo‘ng‘iroq qiling


Malika TAVFIQ (SALIMOVA) she’ri. 

Malohat MIRZOMUHAMMAD qizi ijrosida o‘qildi.

Bir inson bor dunyoga arzir, 
Tog‘dek bardosh, osmondek sabr, 
Hozir emas, hoziroq, hozir, 
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Yugurtirsin zamona zayli, 
Yuribsiz-ku ul zot tufayli, 
Boyagina ko‘rgansiz, mayli. 
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Jon tomirin uzgan sizni deb, 
Uyqularin buzgan sizni deb
Umri o‘tar o‘g‘il-qizni deb, 
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Ishlaringiz yursa-yurmasa, 
Vaqt yugurik kutib turmasa, 
Borolmaysiz, jilla bo‘lmasa, 
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Qo‘lingizga qaramaydi u, 
Moyanangiz so‘ramaydi u, 
Sog‘inchingiz eng buyuk qayg‘u
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Necha do‘stni yo‘qlaysiz har kun, 
Bola-chaqa, bag‘ringiz butun, 
Mayli, loaqal iltifot uchun, 
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Ko‘ngli yarim, bor umidi siz, 
Sizsiz butun dunyoda yolg‘iz, 
Ich-ichidan yig‘laydi unsiz, 
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Shuginadan azizroq kim bor, 
Chekmaganmi yetarli ozor, 
Kerak bo‘lsa bir kunda yuz bor, 
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Demang davlat ishi o‘yinmi, 
Tirikchilik egdi bo‘yinni, 
Besh daqiqa topish qiyinmi, 
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Bolam deya tun-kun duoda, 
Umringizni tilar Xudodan, 
Holin qilmang battar gadodan, 
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.

Yurgandirlar demang sog‘-omon, 
Bugun borlar, ertaga gumon, 
Pushaymonning so‘ngisi yomon
Onangizga qo‘ng‘iroq qiling.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот