Ajalni ortda qoldirib…


Ajalni ortda qoldirib…
    
   Piyoda yurishning salomatlikka foydasi borasida. Piyoda yurish! Yoshligidan sport zallaridagi mashg‘ulotlarga toqati yo‘q odam uchun sportning bundan boshqa yana qaysi turini tavsiya qilish mumkin? Kuniga ishgacha yoki ishdan keyin sport zalga qatnab, yana buning ustiga-ustak, pul ham to‘lash dangasalar nazarida savdoyilikdan bo‘lak narsa emas. Piyoda yurish esa- mutlaqo tekin! Olimlarning so‘zlariga tayanib shuni aytishimiz mumkin: piyoda yurishning sport zaldagi mashg‘ulotlarga nisbatan talaygina afzal jihatlari bor.
   Yil sayin sport zallaridagi fitnes mashg‘ulotlariga nisbatan piyoda yurish (PY) va yugurish bilan shug‘ullanuvchilar soni ortib bormoqda. Negaki, fitnesga qatnashish uchun maxsus sport kiyimini kiyish va belgilangan vaqtda borish talab qilinadi. Piyoda yurish va yugurish uchun esa istalgan vaqtni, qulay libosni kiyish imkoniga egasiz. Bundan tashqari, tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, PY jarohat olish xavfini kamaytirib, salomatlik uchun koni foyda. Amerikadagi sportning aerobika turlarini tadqiqot qilish institutida (Institute for Ayerobics Research) doctor Stiven Bler rahbarligi ostida olimlar o‘ziga xos tajribani o‘tkazishdi.
   Sakkiz yil davomida har kun yarim soat PYni odat qilgan 13 ming odamni kuzatishdi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, muntazam ravishda Piyoda yurmaydiganlarga nisbatan, PYni doimiy kanda qilmaydiganlar orasida bevaqt o‘lim xavfi va semirib ketish, qon bosimi, yurak kasalliklariga chalinish soni kam ekan. Yana shunday hulosaga kelishdiki, har kuni 30 daqiqa ochiq havoda piyoda yurgan odamning umri 1.3 yilga uzayar ekan. Iqtisodchilar buni foydali investitsiya deb atagan bo‘lardilar – kuniga atigi 30 daqiqani ajratib, 12 yil mobaynida 49 kunimizni sayrga sarflash evaziga umrimizni bir yilu uch oyga ko‘paytirar ekanmiz.

PIYODA YURISHNING SALOMATLIKKA QANDAY FOYDASI BOR?

 
 Muntazam ravishda PY:
- xolesterin miqdorini kamaytiradi;
- qon bosimini tushiradi;
- yurak va tomirlar chidamliligini oshiradi;
- Suyak to‘qimalarining mustahkamligini ta’minlaydi;
- Qaddi-qomatingiz hushbichim bo‘lishi, jismoniy holatingiz yaxshilanishiga imkon yaratib, tanadagi ortiqcha kaloriyalarni yo‘qotadi.

TAYYORGARLIK

    Hozirning o‘zida-yoq sayr qilishingizga, yarim soat vaqtingizni piyoda yurishga sarflashingizga nima to‘sqinlik qilyapti? Sizga kerak bo‘ladigan, bor-yo‘g‘i – qulay kiyim va poyabzal. Harakatlanishda xalal bermaydigan, tanangizda erkin turadigan yengil va tabiiy matolardan tikilgan kiyimlarni kiyganingiz ma’qul.
  Piyoda yurishdan avval mushak va paylarimizni badantarbiya vositasida cho‘zib olamiz. Shunda tanadagi tomirlar va mushaklar faoliyati yaxshilanib, qon ravonlashadi. Oyoq, bel, yelka va qo‘l mushaklarini ham yengil badantarbiya orqali cho‘zishni unutmang. Bu mashq kun  davomida yig‘ilib qolgan zo‘riqishlardan xalos qilib, sayringiz yoqimli va foydali bo‘lishiga imkon yaratadi.

MASHG‘ULOTNI BOSHLAYMIZ

  Sayr tugaganda charchab, o‘zingizni horg‘in sezmasligingiz, kuch-quvvatingizni saqlab qolish uchun to‘rtta asosiy qoidaga rioya qiling:
1) Uzoq bo‘lmagan masofada piyoda yuring. Dastlabki kun besh daqiqa yurish bilan kifoyalanib, asta-sekin masofa va vaqtni uzaytirib boring. Dastlabki kundanoq o‘zingizni zo‘riqtirib, qiynalib qolmang.
2) Tez-tez yurmaslikka harakat qiling. Eng yaxshisi, o‘zingizga qulay, sekin sur’atda yuring. Gavdangiz (ayniqsa, umurtqalaringiz)ni tik tutib, boshingizni baland tuting, yelkalaringizni esa bo‘sh qo‘ying.
3) Qo‘l harakatlaringiz tabiiy bo‘lsin va chuqurroq nafs olishga intiling. Agar halloslay boshlasangiz, yurish sur’atini sekinlashtiring.
4) Yurayotgan paytingiz bemalol gapira olishingizga ishonch hosil qiling. Agar gapirishda “o‘pkangiz og‘zingizda tiqilgudek bo‘lsa”, demak yurishda shoshilyapsiz. PY imkon qadar ko‘proq naf keltirishini istasangiz, sukut saqlang – shunda nafasingiz maromida bo‘ladi. Nafas ravonligiga va qadamingiz bilan hamohang bo‘lishiga e’tibor bering.


YAXSHI NATIJA – YUKSAK MARRALAR SARI ELTUVCHI YO‘LDIR!

 Sog‘lomlashtirish maqsadidagi PY – bu jismoniy faollikning shunday turidirki, mashg‘ulotlar uchun qoidalarni o‘zingiz tanlaysiz. Masalan, avvalgi masofani oson va tez bosib o‘ta olsangiz, yurish tezligini oshirishingiz mumkin. Tog‘da sayr qilish barobarida tepalik bo‘ylab harakatlanish – yurak qon-tomir faoliyatini chidamliligini oshiribgina qolmasdan, qo‘l-oyoq mushaklarini ham mustahkamlaydi. Shuning uchun har gal mashg‘ulotlardan so‘ng mushaklarni cho‘zish uchun yengil bo‘shashtiruvchi mashqlarni bajarish yoki hammomda yuvinib olish – ertasi kuni mushaklar og‘rishining oldini oladi.
  PY vaqtida o‘zingiz yoqtirgan musiqa yoki qo‘shiqni tinglashingiz asablaringizni tinchlantirib, kayfiyatingizni ko‘taradi. Ammo avtomobillar serqatnov yo‘llar chetida yurmang. Negaki, qulog‘ingizga eshitish moslamasini taqib olib, orqangizdan kelayotgan mashina signalini eshitmay qolishingiz mumkin. Gohida piyodalar yo‘lagidan ham mashinalar chiqib qoladi. PY davomida kuy yo ashula tinglash sizga kuch-quvvat bag‘ishlab, a’lo kayfiyatda bo‘lishingiz va bir maromda (musiqa bilan hamohang) yurishingizga imkon yaratadi.
   So‘nggi so‘z o‘rnida – ko‘pgina mutaxassislar kuniga 30 daqiqa piyoda yurishni tavsiya qilishadi, lekin bu yerda qat’iy qoidalar yo‘q. O‘zingizga qulay vaqtdagina shug‘ullaning. Bu degani, vaqtingiga qarab, bir kunda 10-15 daqiqa yoki hafta mobaynida bir necha soat yurarsiz. Eng asosiysi, PY sizga zavq keltirib, salomatligingizning yaxshilanishi uchun xizmat qilsin. Illo, piyoda yurishni odat tusiga kiritib, bundan rohatlansangiz, bu – kelishgan qaddi-qomat sohibi yoki sohibasi bo‘lishingiz va mustahkam sog‘liqqa erishishingiz kafolatidir!


Uzoq umr ko‘rish sirlari
Keksalarni parvarish asraydi

   Uzoq umr ko‘rish, tez qarib qolmaslik uchun,  eng muhimi, inson o‘z asab tizimini ayashi kerak. Hayotga ishonch, ko‘tarinki ruh bilan qaraydigan odamlar odatda xushchaqchaq bo‘ladilar, boshqalar bilan darrov kirishib ketadilar, tabiatni, san’atni sevadilar, sal narsadan ruhiy tushkunlikka tushmaydilar. Bunday odamlarning aksariyati uzoq yashaydilar. Umidsizlik, nimadandir doimo ranjib, ko‘ngil to‘lmay yurish, asabiylashish umrni qisqartiradi. 
  Hammomdan chiqqach boshni birdan yalang qilishdan, tanani sovitishdan saqlanish kerak. Qish vaqtida hammomdan kiyimga o‘ralib chiqish kerak.
  Sovuq suvda cho‘milish tadbiri har jihatdan mukammal kishilar uchun foydalidir. Yosh, quvvat va tashqi sifatlar hamda yil fasli bunga mos bo‘lishi kerak.
  Sovuq suvda cho‘milishni istovchilar suvning o‘ta sovuq emasligiga, o‘rtacha bo‘lishiga ahamiyat bersinlar.
  Me’yordagi ish sharoiti, sog‘lom va tinch-totuv turmush asab tizimining barvaqt ishdan chiqib qolishidan, qattiq charchashdan saqlaydi, salomatlikning mustagkamlanishiga va umrning uzoq bo‘lishiga yordam beradi.
  O‘lim to‘shagida yotgan mashxur nemis shifokori Gufeland uchta eng yaqin hamkasbini chaqirib, vasiyat qildi:
- Mendan so‘ng hayotda uch shifokor qoladi. Buni eshitgan shifokorlar “Gufeland bizni aytayotganga o‘xshaydi”, deb suyunishib, undan so‘rashibdi.
- Ayting-chi, kim ekan u shifokorlar?
- Suv, badantarbiya va parhez, - dedi Gufeland.

“BUYUMLARNI ASRAMANG”

    Xolnisa Yo‘ldosheva, Yangiyo‘l, 85 yoshda:
 - Yaratganga shukur, shu yoshimda ha o‘z-o‘zimga xizmat qilyapman. Farzandlarim bir-biri bilan ahil. Balki shuning uchun ham umrim osoyishta va baxtli o‘tayotgandir. Keksalik – donishmandlik deyishgani rost, shuning uchun quyidagi bir-ikki so‘zimni quloqlariga olishsa, o‘zlariga foyda.
1. Mana, hozir uyimdagi eski servantimga yasatib qo‘yilgan qadimgi Xitoy chinnilarini rosa avaylab-asraganman. Uni deyarli ishlatmaganman. Ular ham men kabi “qarishdi”, ishlatilmasa-da, rangi o‘chdi.
2. Ishlab yurgan pytlarimda katta do‘kondan xorij etiklarini sotib olganman. Navbatda turib ayollar bilan talashib-tortishganlarim ko‘z oldimda turadi hanuzgacha. Asablarim buzilib, ancha sog‘ligimni yo‘qotganligimni hozir his etyapman. Chunki hozir ancha kasalman. Farzandlarim shuncha parvarishlashsa ham birzumda baqirib yuboraman.
   Shu so‘zlarimdan bir xulosa chiqaraman: xorijning etigini kiymasam, birov meni urisharmidi? Aziz yoshlar, uzoq umr ko‘raman desangiz, buyumlaringizni asramang, ishlating. Axir ular uyingizga bezak berishidan nima foyda?
   O‘z vaqtida uxlang, televizor ham bir og‘u, u hayotingizni zaharlaydi, oromingizni oladi. Har bir ishda me’yoriga amal qiling.
Qo‘shsahifani Malohat Mirzomuhammad qizi tayyorladi.
Manba: "Sabo" gazetasi. 2016 yil.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот