SHAFAQDAGI SHU’LALAR


Qo‘chqor NORQOBIL

SHAFAQDAGI SHU’LALAR  

DЕNGIZ HIKOYASI

     Besarhad dengiz sathida ulkan harflar bilan bitilgan jumlalar paydo bo‘ldi. Men ularni o‘qiy boshladim; dengiz hikoyasi bu!
     Ha, dengiz ham hikoya yozadi. Agar o‘qiy bilsangiz butun borliq yozadi. Tabiat daho ijodkor.
   Men dengizning hikoyasini ko‘chirib olaman. Yo‘q, men uni o‘g‘irlamadim. Qalbimni ochgandim, dengiz o‘sha ajoyib hikoyasini tortiq qildi.
     Ha, biz barcha yaxshi asarlarimizni tabiatdan ko‘chiramiz. 
     Faqat qalbimizni ochsak, bas. 

SIR

     Yozayotgan hikoyamning oxirini, qanday tugashini bilganimdan so‘ng ishtiyoq bilan ishga kirishaman. Jumlalar o‘zi kelaveradi; boshimdami, ko‘nglimdami, kimdir aytib turadi. Hikoya tugay-tugay deb qolganda, mo‘ljalni  aniq urmoqqa ko‘zim yetganda, ba’zida kutilmagan hol sodir bo‘ladi; o‘z-o‘zidan hikoya boshqa tomonga burilib ketadi, o‘zgacha yechim topadi. Axir men bunday tugashini sira xayolimga keltirmagan edim. O‘ylaganimdan ham go‘zal va ajoyib yechim. Bu mening ixtiyorimdan tashqaridagi bir kuch va idrok tufayli sodir bo‘ldi. E-yy, mening tepamdagi Buyuk Zot, o‘zing doim qo‘llab tur! Sen ko‘rguvchi va bilguvchisan! Ijodning ham ilohiyligiga iymon keltiraman. 

QISMAT

     Ba’zida asar qahramoni tugul personajlar ham men bilan chiqisholmaydilar. Kamina ko‘rsatgan yo‘ldan yurishni xoxlamaydilar. Shunda ularni hikoya yoki dramadagi obrazlar emas, tirik odamlar ekanligi, ularning ham o‘z haqiqati va xarakteri borligini his qilaman. Va, erkin qo‘yib yuboraman, faqat bir shart bilan; qaysi yo‘ldan bo‘lsa ham qalb va tafakkur ko‘rsatgan manzilu maqsadga birga yetib borsak bas. 

DRAMA

     Drama qiyin va xavfli janr. Chunki, muallif o‘zgalarning hatti-harakati evaziga hayotni ko‘rsatib berishi, o‘zi esa chetda kuzatib turishi, biroq o‘z qalbidagi oliy maqsadning ko‘rinmas rishtasi bilan asar personajlari hamda tomoshabinni  bir-biriga bog‘lab qo‘yishi kerak. Yo‘qsa, personajlar sahnaga sig‘may qolishlari, quyishqonidan chiqib ketishlari mumkin. 

O‘ZGACHA HAYOT

     Ba’zan hayotning turfa o‘yinlari va ikir-chikirlari, jabr-sitamlari bosh ko‘targanda, ijod qal’siga kirib berkinaman. U yerdan biror qissa, hikoya  yoki drama olib chiqqanimda esa atrofim suv quyganday tinchib qolgan, hamma mayda-chuydalar o‘tib ketgan bo‘ladi. Ijod meni asrab qolganligini anglayman. Shunday ekan, Ijodning ilohiyligiga qanday ishonmasligim mumkin...    

QALB ESHIGI

     Adabiyot eshigi oldida to‘dalashib, jar solishib, uni bolta bilan urib, sindirib bo‘lsa-da, qaysidir sho‘rlik muallifga ochib berishga uringan reklomchi qavm xato qiladi.  Bu eshikni faqat iste’dod degan kalit ochishi mumkin.  Qolgani bekor; to‘p otib ham ocholmaysiz... Barcha zo‘raki tashviqotlar adabiyot eshigi poyida chirindiga aylanib, uyulib yotaveradi. Biroq uning hidi ommani behuzur qilishi yomon. 
    
SAHNA

     Men hayotni sahnaga o‘xshataman. Bu sahnaga butun yer shari sig‘adi, uni ko‘tara oladi. Biroq ortiqcha birgina xas ham og‘irlik qiladi. Ba’zida o‘yga tolaman: 
“Zamin , Senga ortiqchalik qilmayapmanmi?” 

ISTAMBUL. 8 AVGUST,  2022 YIL.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот