"XUSHXABAR"


“XUSHXABAR”
Hajviya

   Maktablarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan biriktirilgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilarning portret-suratlari maktab devoriga ilinishi kerak ekan! 
    Buni eshitib, bir o‘qituvchiga savol berdim: 
– Odatda, taniqli kishilarning suratlari, xususan, davlat arbobi yoki vafot etgan kishilar surati qo‘yilardi. Mening suratimni nega osishadi? Men davlat arbobi bo‘lmasam, taniqli shaxs emasman, qolaversa, hali tirikman-ku! 
    Muallim o‘ylab turib, shunday javob qildi: 
– Bir kishi shifokor huzuriga borib so‘rabdi: “Do‘xtir, men tuzalib ketamanmi?” “Sizga ikkita xabarim bor: biri qayg‘uli, ikkinchisi – xushxabar. Qaysi biridan boshlay?” debdi shifokor. “Yomon xabardan boshlang”, debdi bemor. “Sizning dardingiz bedavo, bu kasallarning milliondan bittasi tirik qolishi mumkin, xolos”, debdi shifokor. “Xushxabar esa o‘sha milliontadan bittasi menman, a? Demak, tuzalishimga umid bormi?” deb so‘rabdi bemor so‘nggi ilinj bilan. “Xushxabarim esa shuki: siz qarimaysiz! Xotiramizda umrbod mana shunday yosh va navqiron bo‘lib saqlanib qolasiz!” degan ekan shifokor.
    Sizning savolingizga kelsak, ko‘rayapsiz, tojdor virus sabab ko‘plar bandalikni bajo keltirishayapti. Ajal yoshu qariga qaramaydi. Ertaga biror kori hol bo‘lsa, mana shu ijodkor shu maktabda ishlagan, deb xotirlashlari uchun zamin yaratilayotganidan quvonsangiz-chi! Siz ham xotiramizda suratingizdagidek saqlanib qolasiz va sizni hech qachon unutmaymiz!
    Peshonamdan muzdek ter chiqib ketdi. Dastlab o‘qituvchining bu gapidan kulishniyam, achchiqlanishniyam bilmay qoldim... Keyin xaxolab kulib yubordim. Nachora. U haq. Haqiqat shunaqa achchiq bo‘ladi-da!  

     Muzaffar MUHAMMADNAZAR – Toshkent shahar, Shayxontohur tumanidagi 186-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi.
     Musavvir: Shavkat MUZAFFAR.

09. 05. 2021 yil.
 
  «Mushtum» jurnalining musavviri va Xalqaro Islom Akademiyasining “Ziyo” studiyasida Me’moriy loyihalar bo‘yicha koordinator - Shavkat MUZAFFAR (Shavkat Muzaffarovich TUROPOV - Olloh rahmatiga olsin) suratimni do‘stona hazil tariqasida chizgan edi. 
   Suratga: "O‘zbek madaniyati va san’atining eng faol targ‘ibotchilaridan Muzaffar Muhammadnazarga samimiyat ila do‘stlik hazili", - deb izoh bitgandi. 
   Shavkat akaning ruhlari shod, oxiratlari obod, joylari Jannatda bo‘lsin...










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот