Jahon savdo tashkilotiga a’zolik uchun muhim qadam
“Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-85-son, 03.06.2024 y.) qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, Qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilinmoqda, jumladan, 2025 yil 1 yanvardan:
- “O‘zmetkombinat” AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;
- “O‘zikkilamchiranglimetall” AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;
- “O‘ztreyd” AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;
- “O‘zkimyoimpeks” MChJning “O‘zkimyosanoat” AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi;
2026 yil 1 iyuldan:
- “UzGasTrade” AJning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi;
- “O‘zenergosotish” AJning elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi.
Temir yo‘lda yuk tashish uchun taqdim etilayotgan chegirmalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi
Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan:
- qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi;
- mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan telekommunikatsiya operatorlariga tezkor-qidiruv faoliyati, axborot va kiberxavfsizlik tizimlari talablariga to‘liq rioya qilgan holda sinov tariqasida xalqaro internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi.
2026 yil 1 yanvardan birja savdolarida sotib olingan mis katodi va mis katankasini
eksport qilishga cheklovlar bekor qilinadi.
2024 yil 1 sentyabrgacha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasi Hukumatga kiritiladi:
- 2024 yil 1 oktyabrdan bosqichma-bosqich 2025 yil 1 aprelgacha respublika hududida temir yo‘l transportida yuk tashishda taqdim etilayotgan chegirmalar berish amaliyotini bekor qilish;
- temir yo‘l orqali yuklarni tashishda eksport va import tashish xizmatlari uchun tariflarni 2030 yilgacha bosqichma-bosqich birxillashtirish.
Korporativ buyurtmachilarning xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga
taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar bekor qilinadi
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan korporativ buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar, shu jumladan, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi preferensiya hamda mahalliy ishlab chiqarilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarga nisbatan 20 foizgacha narx preferensiyasi bekor qilinadi.
Davlat xaridlarini amalga oshirishda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash maqsadida 2025 yil 1 yanvardan:
- budjet buyurtmachilari tomonidan, shu jumladan, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan tuziladigan shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar tegishli tartibda g‘aznachilik xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan (hisobga olingandan) so‘ng amalga oshiriladi;
- davlat buyurtmachilari bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga davlat xaridlarini amalga oshirishda sohaga oid qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishi, shuningdek, davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi;
- belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari) mavjud bo‘lmaganda yoki loyiha hujjatlarini tayyorlash qurilish-montaj ishlari bilan parallel ravishda olib borilganda, konsolidatsiyalashgan budjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar, shuningdek, davlat banklari va davlat ishtirokidagi korxonalar hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish taqiqlanadi.
Aksiz solig‘i to‘lanadigan tovarlar uchun aksiz solig‘i bosqichma-bosqich birxillashtiriladi
Farmonga muvofiq, Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga (ASCM) muvofiqlashtirish maqsadida 2024 yil 1 oktyabrga qadar:
- eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalarni, shu jumladan, tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025 yil 1 yanvardan bekor qilishni;
- samarasi past bo‘lgan soliq va bojxona imtiyozlarini 2025 yil 1 yanvardan bekor qilishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi Hukumatga kiritiladi;
- O‘zbekistonga import qilinadigan va ishlab chiqariladigan tamaki mahsulotlari uchun 2026 yil 1 yanvardan, alkogol mahsulotlari va shakar uchun 2027 yil 1 yanvardan aksiz solig‘i stavkalari quyidagi eng oxirgi muddatlargacha bosqichma-bosqich birxillashtiriladi.
Sh. Sattarov -
Andijon viloyat, Qo‘rg‘ontepa tuman
Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.