Ishga joylashish uchun nima qilish kerak?
Hozirgi kunda men ishsizman. Ishga joylashish uchun nima qilishim kerak?
Har kim ish beruvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish yo‘li bilan yoki mehnat organlarining bepul vositachiligi orqali, shuningdek xususiy bandlik agentliklarining xizmatlari vositasida ish joyini erkin tanlash huquqiga egadir.
Biror bir korxonada ma’lumotingiz, malaka va mutaxassisligingizga mos bo‘sh ish o‘rni mavjudligi haqida xabar topsangiz shu lavozimga ishga qabul qilishni so‘rab ish beruvchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishga joylashishda o‘zlari doimiy yoki vaqtincha yashab turgan tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining bepul vositachiligidan foydalanishlari mumkin. Buning uchun ish qidiruvchi sifatida shu markazda ro‘yxatdan o‘tish lozim bo‘ladi. Biror doimiy yoki vaqtincha ish bilan shug‘ullanayotgan shaxs ham kasbi (ishi)ni o‘zgartirish maqsadida ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Bandlik markazlari fuqaroligidan qat’iy nazar bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumot berish, maslahat berish, ishga joylashtirish, kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish xizmatlarini bepul amalga oshiradi.
Tuman (shahar) bandlik markazlarida 16 yoshdan oshgan fuqarolar ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olinadi. Ish qidirayotgan fuqaro bandlik markaziga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim: - pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
- mehnat daftarchasi va ish stajini tasdiqlovchi hujjat (bu hujjatlar birinchi marta ishga kirayotganlardan talab qilinmaydi); - ma’lumotini tasdiqlovchi hujjatning asli yoki notarial tartibda tasdiqlangan nusxasi (diplom, attestat va hokazo);
- kasbiy malakasini tasdiqlovchi hujjat (agar bo‘lsa)ning asli yoki notarial tartibda tasdiqlangan nusxasi;
- oxirgi 12 oylik ish haqiga oid ma’lumotnoma, agar avval ishlagan bo‘lsa.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan shaxs esa soliq idoralaridan beriladigan ma’lumotnomani taqdim etishi lozim.
Nogiron shaxs ushbu hujjatlardan tashqari tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan tavsiya etilgan ishlar xususiyati to‘g‘risida ma’lumotnoma berishi lozim.
Sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilish mahrum qilish muassasalaridan bo‘shatilgan shaxslar ozodlikka chiqarish to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etilishi lozim.
Agar ish qidiruvchining qaramog‘ida farzandlari bo‘lsa ularning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari beriladi.
Mazkur hujjatlar to‘liq taqdim etilgan taqdirda bandlik markazi murojaat qilingan kunning o‘zida ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga oladi. Ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan shaxsga maxsus kartochka yuritiladi. Fuqaro xususiy bandlik agentliklari orqali ham mustaqil ish qidirishi mumkin.
Xususiy bandlik agentliklarining ish qidirish bilan bog‘liq xizmatlari pullik bo‘lishi mumkin. Ular orqali ish qidirishning umumiy shartlari o‘zaro tuziladigan shartnoma bilan amalga oshiriladi.
Xurshidbek Inomjon o‘g‘li Akbarov -
Andijon viloyat, Xo‘jaobod tuman
Adliya bo‘limi Inson huquqlarini himoya
qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini
o‘rganish bo‘linmasi Bosh maslahatchisi.