Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish qanday tartibda amalga oshiriladi?
Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini to‘lash tartibi Adliya vazirligi tomonidan 2002 yil 8 mayda 1136-son bilan ro‘yxatga olingan Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom bilan tartibga soladi.
Nafaqa, agar uni olish huquqi ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan davrda (sinov davri hamda ishdan bo‘shatilgan kunni ham qo‘shib) paydo bo‘lsa quyidagi hollarda beriladi:
• vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotish bilan bog‘liq kasallikda (shikastlanishda);
• sanatoriy-kurortlarda davolanganda;
• kasallangan oila a’zosini parvarishlash zarur bo‘lganda;
• karantinda;
• sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga o‘tkazilganda;
• mehnat qobiliyatini tiklash yoki yasama a’zo (protez) qo‘ydirish uchun reabilitatsiya muassasalariga yotqizilganda.
Nafaqa miqdori xodimlarning toifasi va umumiy ish stajiga bog‘liq holda farqlanadi.
Xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lganda, unga ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda nafaqa to‘lanadi.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik quyidagi davrlarga to‘g‘ri kelganda nafaqa to‘lanmaydi:
- ish haqi saqlanmagan ta’til;
- bolani parvarishlash bo‘yicha ta’til;
- ish vaqtincha to‘xtatilgan;
- xodim ishdan (lavozimdan) chetlashtirilib, ish haqi to‘lash to‘xtatib qo‘yilganligi sababli ishlamagan;
- harbiy o‘quv yoki tekshiruv yig‘ini;
- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘quv yurtlarida tahsil olish munosabati bilan berilgan qo‘shimcha ta’til.
Ushbu davrlarda boshlanib, davom etayotgan mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi xodim ishga chiqishi (lavozimga tiklanishi) lozim bo‘lgan kundan boshlab beriladi.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda berilmaydi:
- ishdan yoki boshqa vazifalardan bo‘yin tovlash maqsadida o‘z salomatligiga ataylab ziyon yetkazgan yoxud o‘zini kasallikka solganda;
- giyohvandlik yoki mastlik bilan bog‘liq harakatlar oqibatida, shuningdek, spirtli va giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish natijasida kasallikka chalinganda (jarohatlanganda);
- jinoyat sodir qilish vaqtida jarohatlanganda;
- sud qarori asosida majburiy davolanishga yuborilganda (ruhiy kasallardan tashqari);
- hibsda bo‘lgan davrda;
- sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tish davrida.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik bo‘yicha nafaqa barcha hollarda belgilangan eng kam ish haqidan kam bo‘lmasligi va nafaqa hisoblab chiqarilgan ish haqidan yuqori bo‘lmasligi lozim.
Nafaqa miqdori vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlangan kungacha, mehnat daftarchasi yoki uning o‘rniga berilgan boshqa hujjat, shuningdek ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida hisoblangan umumiy ish stajiga muvofiq aniqlanadi.
Davlatbek Otabek o‘g‘li Muhtarov -
Andijon viloyat, Xo‘jaobod tuman
Adliya bo‘limi boshlig‘i.