O‘rmonlarda yong‘in keltirib chiqarganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi (O‘RQ-919-son, 13.03.2024 yil).
Unga ko‘ra, o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, quyidagi miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi:
Fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 400 ming so‘mdan 5 mln 100 ming so‘mgacha);
- mansabdor shaxslarga BHMning 20 baravaridan 25 baravarigacha (6 mln 800 ming so‘mdan 8 mln 500 ming so‘mgacha).
Shuningdek, shaxsning ehtiyotsizligi yoki yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtirish tartibi o‘zgardi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqani tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi (110-son, 04.03.2024 y).
Ijtimoiy himoya milliy agentligining «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi avtomatik ravishda farzand tugilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtiradi va ariza beruvchiga xizmat natijasi bo‘yicha SMS-xabar yuboradi.
Bunda 2024 yil 1 apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli, birinchi farzandi uchun — barcha ayollarga, ikkinchi farzandi uchun — farzand tug‘ilgan paytda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi.
Qolgan barcha holatlarda farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtirish rad etiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari har oyning boshida o‘tgan oyda ushbu hududda to‘langan farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqalarning umumiy summasidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni AT «Xalq banki» filialining hisobvarag‘i orqali moliyalashtiradi.
Bolaning otasi yoki onasi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatgan holda, bola tug‘ilgandan boshlab 1 oy muddat ichida bir martalik nafaqa pulini olish uchun AT «Xalq banki»ning istalgan filialiga murojaat qiladi.
Individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish rejasini shakllantirish tartibi belgilandi
Hukumat qarori bilan “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni e’tirof etish, individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejasini tasdiqlash va monitoring qilishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi (123-son, 11.03.2024 y).
Unga ko‘ra, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni aniqlash, ularning yashash sharoitlarini baholash, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestriga kiritish, individual tartibdagi ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish rejasini shakllantirish hamda ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning samaradorligini monitoring qilish tartibi belgilandi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining mahallalardagi ijtimoiy xodimi, patronaj hamshira va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni doimiy aniqlash ishlarini amalga oshiradi va bunday shaxslarni Reyestrga kiritish bo‘yicha “Inson” markaziga so‘rovnoma kiritadi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar quyidagi tartibda aniqlanadi:
- mahalladagi ijtimoiy xodim, patronaj hamshira va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi tomonidan xizmat vazifalarini amalga oshirish, jumladan, uyma-uy yurish natijasida shakllantirilgan so‘rovnomaga asosan;
- yozma, og‘zaki yoki elektron shaklda “Ijtimoiy himoya” ATga yuborilgan keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki ularning qonuniy vakillarining yoki boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan.
I. T. Axmedov -
Andijon viloyat, Qo‘rg‘ontepa tuman
Adliya bo‘limi boshlig‘i,
2-darajali adliya maslahatchisi.