“112” yagona dispetcherlik xizmati tashkil etiladi


   O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi (304-son, 29.05.2024 y.). 
   Qarorga ko‘ra, hodisa va favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun “112” qisqa raqam orqali fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati tashkil etiladi.
   “112” yagona dispetcherlik xizmati Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining shoshilinch xizmatlarini ma’lumotlarni uzatishning yagona tarmog‘iga birlashtirgan holda respublikaning barcha hududlari bo‘yicha shoshilinch yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlash, aholiga shoshilinch yordam ko‘rsatish faoliyatini boshqarishning yagona tizimi hisoblanadi.
   Hududlarda “112” yagona dispetcherlik xizmati bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
   Qarorga ko‘ra, quyidagilar “112” yagona dispetcherlik xizmatining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash, ularga bepul asosda shoshilinch, tez va kechiktirib bo‘lmaydigan yordamni tashkil etish va ko‘rsatish;
- shoshilinch yordam ko‘rsatishni boshqarish va muvofiqlashtirish;
- vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari tomonidan fuqarolarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilishi yuzasidan tizimli nazorat yuritish; 
- vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari o‘rtasida yaqindan axborot almashinuvi bo‘yicha tezkor o‘zaro hamkorlikni ta’minlash.
   “112” yagona dispetcherlik xizmati quyidagi muddatlarda bosqichma-bosqich ishga tushiriladi:
- 2024 yil 1 iyundan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida;
- 2024 yil birinchi yarim yilligida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida;
- 2024 yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va qolgan viloyatlarda.

I. T. Axmedov -
Andijon viloyat, Qo‘rg‘ontepa tuman 
Adliya bo‘limi boshlig‘i, 
2-darajali adliya maslahatchisi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот