Ilm ulug‘, ilm o‘rgatuvchi mo‘tabar


O‘zbekiston xalq artisti - Erkin KOMILOV:
Ilm ulug‘, ilm o‘rgatuvchi mo‘tabar
  Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi Kufa qishlog‘ida tug‘ilganman. Bu yurtimizning eng chekka qishloqlaridan biri hisoblanadi. Maktab yoshimiz 1950 yillarga to‘g‘ri keldi. U paytlarda rostmana maktab qayoqda deysiz, sharoiti bor kishining uyidagi bo‘sh xonalardan sinfxona sifatida foydalanardik. Singlim ikkalamiz bitta siyohdon bilan bitta ruchkani o‘rtada ishlatganimiz bois, har kuni uni maktabdan qaytishini intiqlik bilan kutib o‘tirardim.
   Yoz paytlari o‘qishimiz uncha mushkullik tug‘dirmasa-da, biz bolalarga qishda juda qiyin edi. Sovqotib qolmaslik uchun maktabga qalin paxtali shim, hamma yog‘i yamoqdan iborat eski paltolar kiyib, ba’zan shunda ham sovuqdan oyoq-qo‘llarimiz uvishib qolardi. Har zamonda bir ko‘mir solib yoqiladigan pechka shu darajada tutab ketardiki, hammamizning ko‘zimiz achishib, yo‘tal tutar edi. Ammo bunday ko‘ngilsizliklar murg‘ak qalbimizni hech qachon o‘qish, ilm olishdan sovutgan emas. Aksincha, qo‘lbola maktabimizda shunday qiyinchilikar bilan ko‘z oldimizda ochilayotgan yangi dunyo – ma’rifat dunyosi bizni tobora o‘ziga chorlardi. U vaqtlarda o‘zimizga yoqqan istalgan kitobni ochib o‘qish mumkin emasdi. Eski ilm va ko‘pgina yangi o‘zbek ziyolilarining yozgan kitoblarini o‘qish taqiqlangan bo‘lib, ularni o‘qiganlar ham og‘ir jazoga tortilardi.
   Kechagidek esimda. Ham eski, ham yangi ilmdan birday xabardor bo‘lgan otam Komil qori uzun qish kechalarida uyimizga qishlog‘imiz oqsoqollarini to‘plab qalin kitoblar o‘qib berar, o‘qib bo‘lgach uy ichiga to‘shalgan kigiz va gilamni qayirib, kitobni poxol tagiga bekitib qo‘yardi. Bola ekanman, o‘sha paytlari agar kitob poxol tagiga ko‘milmasa go‘shtga o‘xshab hidlanib qolarkan-da, deb o‘ylabman. Keyin bilsam, ular qatag‘on qilingan ziyolilarimiz – Abdulla Avloniy, Fitrat, Cho‘lponning kitoblari, qur’on va hadis kitoblari ekan. Otamning: «Agar ko‘cha-ko‘yda birov uylaringda kitob saqlaysizlarmi, otang kitob o‘qib turadimi, deb so‘rashsa, sen “yo‘q” degin» deb qattiq uqtirishlari sababini ham keyinchalik tushunganman. O‘sha mash’um davrning hamma kirdikorlari Shukrullo domlaning «Kafansiz ko‘milganlar» asarida batafsil yoritilgan.
   Shunday tahlikali zamonda, ilm-ma’rifatga intilish shunchalar xavfli sanalgan bir davrda menga «Alifbe»ni tanitgan birinchi ustozim, hali-hanuzgacha o‘zim uchun olamdagi eng bilimli, martabasi nihoyatda ulug‘ deb hisoblaydigan zot – Rohiddin aka Tillayev edilar. Hozirgi bolalar uchun balki bu kulgilidir, lekin biz u vaqtlarda o‘qituvchi zotining odamga o‘xshab ovqat yeyishiga, hamma odamlar kabi choy ichishiga ishona olmas edik. O‘qituvchi atalmish mo‘tabar zot shu qadar ilohiy, shu qadar sirli tuyular edi biz uchun. O‘qituvchimizdan biror yomon gap eshitish u yoqda tursin, qovoq uyub qarashi ham bizlarga og‘ir jazo hisoblanardi. O‘qituvchimizning ba’zida odatdagidan qattiqroq koyigan, hatto xivich bilan savalagan paytlari ham ko‘p bo‘lgan. Bunday paytlarda biz o‘qituvchimizdan emas, bizga ilm o‘rgatayotgan ulug‘ zotning jahlini chiqarganimiz tufayli o‘zimizdan xafa bo‘lib ketardik. O‘qituvchimiz tomonidan jazolanganimizni uydagilardan imkon qadar yashirardik. Chunki uyimizdagilar bu haqda eshitib qolishsa «nima bo‘ldi?! Darsingni yaxshi tayyorlamagan edingmi?! Nega o‘qituvchingning sendan jahli chiqadi!» deb battar urishishar edi. Bular hammasi ilmning ulug‘ligi, ilm o‘rgatuvchining mo‘tabarligidan bo‘lsa kerak. Zero, Sohibqiron bobomizday qahri qattiq zot ham hech qachon ilmli odamning boshida qilich sermagan emas. Ham amir, ham buyuk mutafakkir sanalgan Navoiy hazratlariday daho insonning ilk harflarni tanitgan ustozi farzandi bilan otda turib so‘rashishga haddi sig‘masdan, otdan tushib ehtirom ko‘rsatganining hikmati ham ana shunda. Shuning uchun xoh tarixga nazar soling, xoh ko‘z oldingizdagi hayotni kuzating, ustozini e’zozlagan, hurmat qilgan birorta odamning xor-zor bo‘lganini, jamiyat oldida yuzi qora bo‘lganini ko‘rmaysiz. O‘z kasbida baland darajaga, baland martabalarga erishgan, Xudoning hamda xalqning nazari tushgan insonlar borki, ular barchasi ustozi va ota-onasini rozi qilgan, ularning duolarini olgan kishilardir.
   Ona insonni yerga tug‘adi, ustoz ko‘kka ko‘taradi, degan gap bor. Ta’lim bergan ustozini ranjitishni, qattiq gapirganda ko‘ngliga og‘ir olishni, men ota-onasiga oqibatsizlik qilishdan ortiq deb bilsam bilamanki, kam deb hisoblamayman. Bolalikda inson bilmasligi, tushunmasligi mumkin, lekin ulg‘aygach albatta anglab yetadi, ustozi unga sira yomon bo‘lsin deb tanbeh bermaydi. Ustozining har bir tanbehidan to‘g‘ri xulosa chiqara olgan inson, yerga urug‘ qadagan inson. Katta hayot sahnasiga qadam qo‘ygach, u bir kuni albatta bu urug‘ning hosilini o‘radi, shirin-shakar mevalaridan tatiydi. Yoshim bir joyga borganda mana mening o‘zim o‘sha bolaligimda xivich bilan savalagan muallimimni g‘oyatda minnatdor bo‘lib, mehrim tovlanganidan hattoki diydam to‘lib esga olaman. Axir bolalik kabi, ota-ona kabi, muallim-ustoz ham g‘animat ekan-da...
   Hozirgi kunda bolalikda menga dars bergan o‘qituvchilarimning hammasi olamdan o‘tdi. Ammo ulg‘ayib, san’atni tanlaganim tufayli juda ko‘p ustozlarning ta’limini olishga, o‘gitlarini tinglashga muvaffaq bo‘lgan esam-da, baribir bolaligimda ta’lim bergan o‘sha kamtarin o‘qituvchilarim dastlabki ustozlarimdir. Harf tanitgan muallimim Rohiddin Tillayev esa − ham hayotdagi, ham san’atdagi birinchi ustozim bo‘lib qolaveradi. 
        
B. QO‘LDOSHЕV oqqa ko‘chirdi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот