Huquqshunos maslahati


SAVOL? Qanday tadbirkorlarga mol-mulk solig‘i va yer solig‘i imtiyozlari beriladi?

JAVOB: Qonunchilikka ko‘ra, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida, tadbirkorlar tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganlar ishga qabul qilinganda, 2025 yil 1 yanvargacha tadbirkorlar ushbu fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lab, bandligini ta’minlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz beriladi.
    Fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i respublika byudjetidan ish beruvchiga (har bir ishchiga BHMning 2 baravarigacha) qaytarib beriladi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi.  

- Sudlanganlikning qanday huquqiy oqibatlari bor? 

1. SUDLANGANLIK NIMA?

   Sudlanganlik shaxsga sud hukmi bilan jazo qo‘llanilishidan kelib chiqadigan huquqiy holati bo‘lib, mazkur shaxsga muayyan salbiy oqibatlar kelib chiqishida namoyon bo‘ladi.
   Shaxsga sud jazo tayinlab ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab sudlangan deb hisoblanadi.
   Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

   2. SUDLANGANLIK QACHON BARHAM TOPADI?

   Sudlanganlik holati barham topishining faqat ikki usuli bor – uning tugallanishi va olib tashlanishi.

   3. SUDLANGANLIK QACHON TUGAYDI?

   Sudlanganlik holati tugallanishi – shaxsning tegishli jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin va belgilangan muddatlar o‘tganidan keyin avtomatik tarzda (o‘z-o‘zidan) barham topishini anglatadi.
   Sudlanganlik holati quyidagi paytlarda tugaydi:
- shartli hukm qilinganlarga nisbatan – sinov muddati tugagan kundan boshlab;
- shartli hukm – shaxs jazoni o‘tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan xulosaga kelinganda unga jazoni o‘tamasdan xulqini tuzatishga bir yildan uch yilgacha muddat berish tushuniladi.
- majburiy jamoat ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tarzidagi jazolarini o‘tab chiqqach;
- jarima to‘lab bo‘lingan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin – bir yil o‘tgach (masalan, 100 mln jarima tayinlangan bo‘lsa, shu jarima 2024 yil 9 fevralda to‘lab bo‘linsa, 2025 yil 10 fevralda sudlanganlik tugaydi);
- ozodlikni cheklash jazosi o‘talganidan keyin – ikki yil o‘tgach;
- 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin – 4 yil o‘tgach;
- 5 yildan ortiq, lekin 10 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin – 7 yil o‘tgach;
- 10 yildan ortiq, lekin 15 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin – o‘n yil o‘tgach.

   Sudlanganlik tugaganida shaxs, uning vorisi, qonuniy vakili yoki advokati iltimosiga ko‘ra sudlangan shaxsning yashash joyidagi sud tomonidan sudlanganlik holati mavjud emasligiga oid ma’lumotnoma beriladi.

4. SUDLANGANLIK QANDAY OLIB TASHLANISHI MUMKIN?

   Sudlanganlikning olib tashlanishi yuqoridagi muddatlarning kamida yarmi o‘tganidan keyin ularning qolgan qismi sud qaroriga asosan tugatilishini anglatadi.
   Sudlanganlikni olib tashlash uchun sudlangan shaxsning xulq-atvori yaxshilangan, ya’ni unga nisbatan ma’muriy jazo yoki intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilmagan bo‘lishi kerak.
   Sudlanganlikni olib tashlash uchun sudga shaxsning o‘zi, jamoat birlashmasi, mahalla, mehnat jamoasi iltimosnoma bilan chiqadi.

5. SUDLANGANLIK TUGAGANIDAN YOKI OLIB TASHLANGANDAN KEYIN HAM UNING OQIBATLARI SAQLANIB QOLADIMI?

   Sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan paytdan boshlab shaxs sudlanmagan hisoblanib, sudlanganlikning huquqiy oqibatlari qat’iyan va so‘zsiz bekor bo‘ladi. Ya’ni bundan keyin shaxs qayta jinoyat sodir etsa u og‘irlashtiruvchi holat hisoblanmaydi.
   Sudlanganligi (tugallangan va olib tashlangan sudlanganligi) sababli ishga qabul qilmaslik yoki yaqin qarindoshlar sudlanganligi uchun ishga qabul qilmaslik mumkin emas.
   Shu bilan birga ayrim istisnolar mavjud, masalan, ilgari sudlangan shaxslar sudya bo‘la olmaydi, qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlar ta’lim tashkilotlarining (maktab, litsey, texnikum, universitet, institut va h.z.) rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas.
   Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Bu konstitutsion norma.

SAVOL? Yoshlarni kasbga va chet tillariga o‘qitish yuzasidan qanday imtiyozlar mavjud? 

JAVOB: Joriy yilning 17-aprel kuni Hukumatning 213-sonli “Yoshlarni kasbga mutaxassislikka va chet tillariga o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
    Unga ko‘ra, Fuqarolarni (yoshlarni) chet tillariga o‘qitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etiladi.
     Professional ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarni kasb (mutaxassislik) va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi Xorijda ishlash istagi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini ish beruvchilar tomonidan tanlab olish jarayonlarini tashkil etish Markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
     O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi hujjat beriladi.
    O‘quv kurslarida kadrlarni tayyorlash bir yilgacha bo‘lgan ta’lim dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
     O‘quv kurslari doirasida ta’lim oluvchilar ingliz, nemis, yapon, koreys, arab va boshqa talab yuqori bo‘lgan chet tillariga o‘qitiladi.
     Professional ta’lim muassasalariga jalb etilgan ta’lim oluvchilar chet tilini mustaqil ravishda o‘rganib, xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikatni taqdim etgan taqdirda, ta’lim oluvchi tomonidan chet tilini o‘qish uchun sarflangan xarajatlarning 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan qismi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
    Bunda xorijiy davlatga ishga jalb qilinadigan fuqarolar uchun chet tili bo‘yicha kamida B2 darajadagi, “Ausbildung” (dual ta’lim shakli) asosida xorijga ketadigan fuqarolar uchun nemis tili bo‘yicha kamida B1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olish talab etiladi.
    O‘quv kurslariga jalb qilingan pedagog kadrlarga faoliyat samaradorligidan kelib chiqib, har oy oylik maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama to‘lanadi.

SAVOL: “Ishchi viza”ni rasmiylashtirish uchun fuqarolarga kompensatsiya beriladimi?

JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 4-aprel kuni “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-59-son Farmoni  qabul qilindi. 

    Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan 

1. “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga;
2. xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda;
3. xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda;
4. yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.

       Sug‘urta tashkilotlariga – “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta 50 ming so‘mgacha miqdorda subsidiya to‘lanadi;
      Xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan O‘zbekiston fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lanadi.

Valiyev Xolmatjon Xakimjon o‘g‘li -
Andijon shahar Adliya bo‘limining 
bosh maslahatchisi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот