“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga turar-joy ijara kompensatsiyasi
Savol bering Javob beramiz!!!
Savol: “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga turar-joy ijara kompensatsiyasini to‘lash tartibi qanday?
Javob: Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 145-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga turar joy ijara kompensatsiyasi talabnomalar hamda sektorlar rahbarlari va tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘ining xulosasi asosida belgilangan tartibda to‘lab beriladi.
Turar joy ijarasi to‘g‘risidagi shartnoma uch tomonlama — ijaraga beruvchi, ijaraga oluvchi va tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi o‘rtasida tegishli yilning so‘nggi kunigacha bo‘lgan muddatga tuziladi;
- turar joy ijarasi uchun to‘lovlarning 50 foizi, lekin ko‘pi bilan 500 ming so‘mgacha bo‘lgan qismi “Ayollar daftari” jamg‘armasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Turar-joy ijarasi uchun to‘lovlar ijaraga beruvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lanadi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar va ularning birga yashaydigan oila a’zolari boshqa dasturlar doirasida, homiylik yoki boshqa mablag‘lar hisobidan uy-joy bilan ta’minlangan yoxud uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ijtimoiy yordam (ko‘mak) olgan yoki imtiyozlardan foydalangan xotin-qizlarga mazkur Nizom asosida turar joy ijara kompensatsiyasi ajratilmaydi.
Turar joy ijara kompensatsiyasi to‘lab turilgan davrda uy-joy bilan ta’minlangan yoki ijtimoiy uy-joyga joylashtirilgan xotin-qizlarga yangi turar joyga ko‘chib o‘tgan oydan boshlab keyingi oyning birinchi sanasidan turar joy ijara kompensatsiyasi to‘xtatiladi. Mazkur tartib ajratilgan turar joy yashash uchun sharoiti mavjud bo‘lgan holda xotin-qizlar tomonidan ko‘chib o‘tish rad etilgan taqdirda ham qo‘llaniladi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy uy-joylarga ijara huquqi asosida besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan joylashtirilishi yoki homiylar tomonidan mulk huquqi asosida uy-joy bilan ta’minlanishi mumkin.
Ushbu bandda ko‘rsatilgan imtiyozlardan foydalanish uchun xotin-qizlarga ijtimoiy kontrakt asosida kasb o‘rganish, mehnat qilish imkoniga ega bo‘lsa, mustaqil yoki aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi asosida ishga joylashish bo‘yicha ijtimoiy majburiyatlar yuklanadi.
Raximov Sanjarbek -
Andijon viloyat, Xo‘jaobod tuman
Adliya bo‘limi yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi rahbari.