Huquqshunos maslahati


   Savol: 
   MDH mamlakatlari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning va O‘zbekiston Respublikasining xorijda yashovchi fuqarolarining nikohini qayd etish tartibi qanday?

   Javob:
   O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi FHDY organlarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining MDH mamlakatlari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan nikohini qayd etish hamda chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohni qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
   O‘zbekiston fuqarosi va chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi nikohni qayd etish agar chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish vizasi nikoh tuziladigan kunda haqiqiy bo‘lsagina amalga oshiriladi.
   Bunda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning nikohga kirish haqidagi arizasiga uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi hamda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning nikohda turmasligi haqidagi belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan hujjat (davlat tiliga tarjimasi bilan birga) ilova qilinishi lozim.
   Chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining nikohini qayd etish o‘sha davlat qonunchiligiga asosan uning vakolatli organlari tomonidan yoki O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalarida ushbu Qoidalarga asosan amalga oshiriladi.
   O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bilan nikohini qayd etish, agar nikohni qayd etish O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi hududida joylashgan o‘sha davlatning qonunlari bilan tan olinganda, shuningdek imzolashda o‘sha davlat va O‘zbekiston Respublikasi qatnashgan bitim yoki bu xalqaro shartnomalarga muvofiq hollardagina konsul tomonidan amalga oshiriladi.
   Boshqa davlatda yashovchi O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bilan mazkur davlatning tegishli organlarida nikohni qayd ettirmoqchi bo‘lgan o‘sha davlat fuqarosining iltimosiga ko‘ra, konsul nikohni qayd etuvchi o‘sha davlat organlariga taqdim etish uchun ariza beruvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi nikohda turmasligi haqida ma’lumotnoma berishi mumkin.
   Bunday ma’lumotnomalar konsullik muassasalarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida beriladi.
   Agar konsullik muassasasida nikohlanuvchi shaxsning oilaviy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmasa konsul bu ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan oladi.

   Savol: 
   Voyaga yetmagan farzandlari bo‘lmagan er-xotinlarni ularning o‘zaro roziligiga ko‘ra nikohdan ajratishni qayd etish tartibda qanday?

   Javob:
   O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 42 va 218-moddalariga muvofiq FHDY organi mulkiy nizolari hamda voyaga yetmagan farzandlari (shu jumladan, farzandlikka olinganlari) bo‘lmagan er-xotinlardan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi arizani qabul qiladi. Agar xotin homilador bo‘lsa nikohdan ajratish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish rad etiladi.
   FHDY organi er-xotinni yarashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ariza berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay bu haqida er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo‘lsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasini yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
   Alohida yashovchi er-xotinni nikohdan ajratishni qayd etish ularning birgalikda bergan arizalariga asosan FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
   Agar er-xotindan biri nikohdan ajralish to‘g‘risidagi arizani berish uchun FHDY organiga kela olmasa, u holda er-xotin nomidan birgalikda yozilgan arizani ulardan biri topshirishi mumkin. Kela olmagan er yoki xotinning arizadagi imzosi notarial tartibda yoki FHDY organi mudiri tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Arizada er-xotin ajralishga o‘zaro rozi ekanliklari, voyaga yetmagan bolalari yo‘qligi, shuningdek ulardan biri nikohdan ajratish qayd etilishi belgilangan kunda FHDY organiga kela olmasa, nikohdan ajratishning uning ishtirokisiz qayd etilishiga roziligi tasdiqlanadi.
   Bunda FHDY organlari tegishli organlardan voyaga yetmagan farzandlari yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlarni so‘rashi mumkin.
   Agar nikohdan ajralishga er-xotinning o‘zaro roziligi bo‘lgani holda umumiy mulk haqida yoki mehnatga layoqatsiz, muhtoj er yoki xotinning ta’minoti haqida nizolar bo‘lsa, u holda nikohdan ajratish sud tartibida hal etiladi.
Er yoki xotindan birining nikohgacha bo‘lgan familiyasiga qaytishi to‘g‘risidagi istagi nikohdan ajratish haqidagi arizasida ko‘rsatilishi kerak.
   Nikohdan ajratish qayd etilgandan so‘ng nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga uning tugatilganligi haqida belgi qo‘yiladi va u arizachilarga qaytariladi.
   Nikohdan ajratishni qayd etishda, er va xotinning o‘zaro kelishuviga ko‘ra, ularning biridan yoki ikkalasidan belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
   Er yoki xotindan birining ishtirokida nikohdan ajratishni qayd etishda davlat boji to‘liq miqdorda undiriladi.

Nazirov Hikmatillo - 
Andijon viloyat, Shahrixon tuman 
Adliya bo‘limi fuqarolik holati 
dalolatnomalarini yozish organi 
ish yurituvchisi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот