Farzandlikka olish tartibi


- Farzandlikka olish tartibini tushuntirib bering.

- Farzandlikka olish - ota ona sining homiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyaga olish va farzandlikka olinuvchi bilan farzandlikka oluvchi o‘rtasidagi, ota-ona bilan bolalar o‘rtasidagi mavjud huquqiy (shaxsiy va mulkiy) munosabatlarni belgilash. O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va yetim bolalar, ayni vaqtda, faqat voyaga yetmagan bolalarnigina ularning manfaatlarini ko‘zlab farzandlikka olinishi ko‘rsatilgan. Farzandlikka olish bolani Farzandlikka olishni istagan shaxslarning arizasiga binoan hamda vasiylik va homiylik organi (xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot bo‘limlari, vasiylik va homiylik organlari) tavsiyasiga ko‘ra, tuman (shahar) hokimi qarori bilan rasmiylashtiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari"da belgilanishicha, FXDY organi qabul qilingan hujjatlar asosida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli o‘zgartishlarni kiritadi va tug‘ilganlik haqida yangi guvohnoma beradi. Farzandlikka oluvchilar bolaning tug‘ilishi qayd etilgan daftarga uning ota-onasi deb yozilishi kerak. Bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, zarur hollarda bolaning familiyasi, ismi, otasining ismigina emas, balki tug‘ilgan sanasi ham bir yildan ortiq bo‘lmagan farq bilan o‘zgartirilishi mumkin. Agar bola 10 yoshdan oshmagan bo‘lsa, tug‘ilgan joyi ham O‘zbekiston Respublikasi doirasida o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yiladi. Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin. Quyidagi shaxslar farzandlikka oluvchilar bo‘lmaydilar; ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar; qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganlar; asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar; farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar; qasddan sodir qilingan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar. Qonun o‘gay ota va o‘gay ona tomonidan Farzandlikka olish hollaridan tashqari holatlarda farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq 15 yoshdan kam bo‘lmasligini shart qilib qo‘yadi. Farzandlikka olinuvchining qarindoshlari, farzandlikka olinuvchi oilasida yashayotgan shaxs, aka-uka, opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar, o‘gay ota va o‘gay ona, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar Farzandlikka olishda ustunlik huquqiga egadirlar. Qoida tariqasida, 10 yoshga to‘lgan bolani Farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi. Bolaning roziligi vasiylik va homiylik organi tomonidan aniqlanadi. Bolani Farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining roziligi talab etiladi. Ammo quyidagi hollarda ota-onaning roziligisiz farzandlikka olishga yo‘l qo‘yiladi: ota-onaning kimligi noma’lum bo‘lsa; ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa; ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bo‘lsa; ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo‘lsa. Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining o‘z bolalariga tenglashtiriladi. Ayni vaqtda farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi (shuningdek, qarindoshlari) bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarni yo‘qotadilar hamda o‘zaro majburiyatlardan ozod bo‘ladilar. Farzandlikka olish sirini oshkor qilish tegishli ravishda jinoiy javobgarlikka olib keladi.
   Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish Oila Kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining Oila Kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 171-son qarori bilan tasdiqlangan Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida nizom asosida amalga oshiriladi.Farzandlikka olish faqat ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan bolalarga nisbatan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida yo‘l qo‘yiladi. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning arizasiga va vasiylik va homiylik organlari tavsiyasiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarori bilan amalga oshiriladi.Farzandlikka olinishi lozim bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni va farzandlikka olinuvchilarni joylashtirish bo‘yicha tuman, shahar fuqarolik sudlariga tavsiyalar tayyorlash tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.
   Farzandlikka oluvchilar bo‘lish imkoniyati to‘g‘risida xulosa tayyorlash uchun tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuzadi.Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar, shuningdek bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini o‘rganib chiqish dalolatnomasi asosida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi ariza berilgan kundan boshlab 30 ish kuni mobaynida ularning farzandlikka oluvchilar bo‘lishi imkoniyati to‘g‘risidagi xulosani tayyorlaydi. Ushbu xulosa ariza beruvchilarga beriladi va farzandlikka olishga nomzodlar sifatida hisobga qo‘yish uchun asos hisoblanadi.Vasiylik va homiylik organi salbiy xulosa va unga asoslangan farzandlikka olishga nomzodlar sifatida hisobga qo‘yishning rad etilishini xulosa imzolangan sanadan boshlab 5 kun muddatda ariza beruvchining e’tiboriga yetkazadi. Ayni bir vaqtda ariza beruvchiga barcha hujjatlar qaytariladi va qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.

F. Mamajonov -
Andijon shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi 
bosh yusitkonsulti. 










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот