Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning huquqiy ahamiyati
Qonun fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoyalashni hamda davlat va jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda, fuqarolar hayotidagi muhim voqealar — tug‘ilish, nikoh tuzish, o‘lim va insonning muhim subyektiv huquqlari va majburiyatlarining yuzaga kelishi, o‘zgarishi va to‘xtatishiga sabab bo‘ladigan boshqa holatlarning vakolatli organlarda qayd etilishini belgilaydi.
Fuqarolik holatini qayd etish fuqarolarning huquq va burchlari paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib xizmat qiluvchi hujjat (gerbli guvohnoma) berish uchun asos bo‘ladi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning ahamiyati shundaki, unga asosan FHDYo organi tomonidan berilgan guvohnoma va unda ko‘rsatilgan faktning to‘g‘riligini tasdiqlovchi shaksiz dalil hisoblanadi.
Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bolaning tug‘ilganligini, uning ota-onasi kim ekanligini tasdiqlovchi yagona hujjatdir.
Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma — bu nikohdan o‘tgan shaxslarning er-xotinligini tasdiqlovchi va ular o‘rtasida o‘zaro huquq va majburiyatlarning vujudga kelganligini ifodalovchi hujjatdir.
Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma nikohda bo‘lgan shaxslarning nikohi tugatilganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
O‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma shaxsning o‘limini va uning huquqiy layoqati tugatilganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
Tug‘ilish va o‘limning o‘z vaqtida qayd etilishi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomaning, shuningdek perinatal o‘lim va o‘lim haqidagi tibbiy guvohnomaning to‘g‘ri va aniq to‘ldirilganligi uchun mas’uliyat O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash muassasalarida tuman va shahar sog‘liqni saqlash bo‘limlari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlar. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tuman va shaharlarda FHDYo organlari tomonidan amalga oshiriladi, o‘lim esa shaharcha, qishloq va ovullarda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) tomonidan ham qayd etilishi mumkin.
Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘limni qayd etish borasidagi harakatlari o‘zlari turadigan hududlardagi tegishli FHDYo organlarining nazorati ostida bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining chet elda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish konsul tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Konsul vaqtincha bo‘lmaganda fuqarolik holati dalolatnomalari konsul tomonidan tayinlangan konsullikning mansabdor shaxsi tomonidan qayd etiladi. O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari bo‘lmagan xorijiy davlatlarda fuqarolik holati dalolatnomalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan belgilangan boshqa xorijiy davlatdagi O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan qayd etiladi.
Ashurova Mushtariy Muhammadjon qizi -
Andijon viloyat, Jalaquduq tuman
FHDYO bo‘limi 2-toifali inspektor.