O‘zbegimning tuprog‘i - momo yerim


  Isrof. Mening nazarimda bu so‘zning yonida, qadriga yetmaslik,  insofsizlik, loqaydlik, nonko‘rlik, bemehrlik hatto, beshafqatlik, nobud qilish, yo‘q qilish, vayron qilish degan so‘zlar turadi. 
  Xalqimizda “Nimani xor qilsang o‘shanga zor bo‘lasan”, degan hikmatli gap ham bor. Bu hikmatdan qo‘rqmaydiganlar, xor bo‘lishdan qo‘rqmaydiganlardir. Hovlisida 10-15 sotixdan ko‘proq yeri bo‘la turib, bu xazinadan unumli foydalanmaydigan hamqishloqlarimiz, yer yuzi aholisining yetmish foizining bir qarich ham tomorqa yeri yo‘qligini bilarmikin?
  Hukumat darajasida tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan qarorlar, xalqning to‘q va badavlat yashashi, faravon umr kechirishi uchun dasturilamal ekanidan xabardormikin?  Albatta yo‘q.  Xabari borlar yerga, hovlisidagi tomorqaga  xazina deb, qarab, shu sabab ham boy-badavlat yashamoqda. Kundan-kunga, yildan-yilga tomorqani parvarishlash tajribasi oshib, elimiz dasturxonini ko‘rkiga aylanmoqda. Surxondaryoda 10 sotix yeridagi issiqxonaga limon ekib 80 million so‘m daromad ko‘rayotgan oilani, Toshkent viloyatida 4 sotix yerga bodring ekib 40 million so‘m daromad qilayotgan, 20 sotixli issiqxonadan 130 million so‘mdan ziyod daromad olayotgan oilalarni ko‘rdim. Tomorqadan foydalanishni Andijonliklarga chiqarganda, 16 sotix tomorqadan unumli foydalanib, issiqxonani yildan yilga kengaytirib, zamonaviy uylardan ham sotib olishadi. Farzandlarni o‘qitib, kelajagini ham ta’minlaydi. 16 sotix yeri bor odam eng qimmatbaho mashinalardan minib yuradi. Andijonlikning vaqti rejalashtirilgan, yozda issiqni, qishda sovuqni bahona qilib, televizorning ro‘parasida yonboshlab yotmaydi. Balki, ularda ham bordir, zamonu-makondan nolib, og‘irni ustidan, yengilni ostidan yuruvchilar, ammo men ko‘rmadim. Respublikamizning qishloqlarida yerni qadrlovchilar ko‘p. Afsuski, loqaydlar, hali ham “Olma pish-og‘zimga tush” deb turganlar talaygina. Tomorqadagi yerga ishlov berishni bilmaydilar. “Bilmaydiganlar bu - bilishni xohlamaydiganlar “ - dedi suhbatlarda O‘zbekiston Qahramoni, Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murotova. Axir bu uchun katta ilm kerak emas-ku! Ozgina hafsala bo‘lsa, bas. Yerimiz jannat. ” Yerni boqsang,  yer seni boqadi” - degan naql bor.
   Yer yuzida 800 milliondan ziyod aholi to‘yib ovqatlanmaydi.
  2018 yilda dunyoda ocharchilikdan aziyat chekuvchilar soni 915 million kishini yoki sayyoramiz aholisining 12 foizini tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2019 yildagiga nisbatan 40 million kishiga ko‘paygan. 2020 yilda ochlikdan qiynalayotganlar soni 60 millionga yetgan. Bu haqda, YUNISЕF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon oziq-ovqat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi tashkiloti xabar bermoqda.
  Men bu xabarlarni o‘qir ekanman, ko‘z o‘ngimga ijtimoiy tarmoqlarda suratlari namoyish etilayotgan: axlat uyumlari yonida, butun dunyo ahliga ozg‘in qo‘lchalarini cho‘zib “Non bering!” deb, iltijo qilayotgan go‘daklar,  bolasini bag‘riga bosib, bir parcha non, bir qultum  suv so‘rayotgan onalar, yegulik izlab o‘zga yurtlarga tomon xoru-sarson ketayotgan egilgan boshlar, non hidi kelayotgan mamlakatlar sohiliga yetay deb, qayiqlarga og‘irlik qilib, bola-chaqasi bilan cho‘kib ketayotgan ming-ming oilalar keladi.   
 BMTning fikricha, dunyoda ocharchilik muammosining keskin avj olishi harbiy mojarolar va iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liqdir.
  Aziz yurtdoshim, bir lahzaga bo‘lsa-da o‘sha  ochlikka mahkum go‘daklarning  ota-onasini o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring!  Yo‘q!
  Ha, hatto tasavvur qilish qo‘rqinchli! Bola non so‘rasa-yu, ota-ona ilojsiz bo‘lsa... hatto, o‘ylash og‘ir!
  Muhtaram zamondoshim, eldoshim hovlingizdagi oltindan qimmat yerga egiling! Tuproqni hidlang! Undan barakaning hidi keladi. Undan rayhonlarning, jambillarning bo‘yi kelishi sizga bog‘liq emasmi? To‘kinlik, baxtiyorlik xonadoningizni tark etmasligi vijdoningizga havola emasmi?!
  Bir hovlida mehnatga yaroqli ikki odam yashasa-yu hech biri ketmon ushlashni bilmasa, hovlilaridagi yerga ishlov berilmasa,  qo‘yxona, molxonadan chiqqan chiqindilarni uvitib, sharbat  qilib daraxtlar oziqlantirilmasa, sug‘orilmasa,  taglari yumshatilmasa, bog‘ qayerdan bog‘ bo‘lsin?  Tomorqa qayerdan tomorqa bo‘lsin?
  Qo‘shimcha daromad qayerdan bo‘lsin? Qo‘shimcha daromadsiz kim orzu-havasiga yetishi mumkinu, kim boy bo‘lishi mumkin?
 Bu qarovsizlikdan qotib, tosh metinga aylangan yerlarning uvoli tutmasmi? Dangasalik tufayli bitta-bitta qurib, yo‘qolib ketayotgan  bol tomuvchi bog‘larning  zavoli urmasmi? Axir bu yerning isrofi, bolangizning og‘ziga tegib turgan ne’matning isrofi emasmi?
   Ona yer. Ha, biz o‘zbeklar yer so‘zini ona so‘ziga qo‘shib aytamiz. O‘zbekning dalalari bor ekan, u hech qachon zoriqmas.  Ne yeyman - deb, toriqmas. Birovning qo‘liga qaramas. O‘zganing bog‘lariga o‘g‘rincha qayrilmas. Begonaning xirmoniga qo‘l uzatib g‘ururidan ayrilmas.
  Momo yer. Biz o‘zbeklar yer so‘zini momo so‘zining yoniga loyiq ko‘ramiz. Momo – onamizning onasi. Momo - otamizning onasi. Momoning  ro‘mollari o‘pilgan-ku, etaklarida namoz o‘qilgan-ku, bukchayib qolgan yelkasiga mehrlar yopilgan-ku. Qani momo yerdan qarzdorlik tuyg‘umiz? Momodan uyalmoq kerak! Biz momo yer oldida, momomiz oldida uyatdan qizargandek qizarmog‘imiz kerak emasmi?!  
  Qish qilichini qayrab turgan fevral oyida Surxondaryoga bordim. Hosilga kirgan limonzorlardan ketging kelmaydi. Balki jannat gullarining xushbo‘yi shunday bo‘lar. Limon gullarining  hidini tibbiyotchilarimiz “Aromaterapiya” - deb nomlab, ayniqsa qish chog‘i  asabi toliqqan bemorlarga limon ekilgan issiqxonaga kirib yarim soat, bir soat o‘tirishni tavsiya qilishar ekan. Limonning o‘zi-ku necha xil dardga davo. Dasturxonidan limon arimaydigan ro‘zg‘orga kasallik kelmaydi. “Ish ishtaha ochar, dangasa ishdan qochar” degan xalq  maqolimiz bor. Bir yil tomorqadan yaxshi daromad  ko‘rgan oila keyingi yil bundan ko‘proq foyda oladi. Keyingi yil avvalgi yilgi xatolarni takrorlamaydi. Tajriba sekin-sekin to‘planadi. Tajriba esa muvaffaqiyat garovi. Chet elda tajriba katta pulga sotiladi. Surxondaryolik tadbirkor dehqonlar esa limonchilik bo‘yicha orttirgan tajribalarini qo‘shni viloyatlardan kelgan do‘stlariga ham bajonidil o‘rgatishmoqda.
  “Har yil bahorda xonadonma-xonadon yurib, aholiga tomorqadan to‘g‘ri foydalanish yo‘l-yo‘riqlarini tushuntiramiz, kam ta’minlangan oilalarga poliz ekinlarining urug‘larigacha tarqatamiz. Piri badavlat keksalarimizni tajriba almashishga olib boramiz. Ming afsuski, ba’zi oilalar ishni oxirigacha yetkazmaydi. Ko‘chatlarni  quritib, tomorqani taqron yer qilib, ”Nega bizga hech kim qarashmaydi, mahalladan berayotgan yordam puli bizga doimiy berilsa nima qiladi?” - deb, nolishdan to‘xtashmaydiganlar ham bor” - deydi, Surxondaryo viloyati “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash” boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mavluda Qobulova.   Bundaylar tomorqadan foydalanish uchun hatto urinib ham  ko‘rishmaydi.  
   “Bolasini birorta hunar bermasdan katta qilayotgan odam, o‘g‘rini boqayotgan odamdir “, - deydi donishmand Konfutsiy.
  Aziz yurtdoshim, donishmandning bu so‘zlarini egasi bo‘lib qolmaylik. O‘g‘ri birinchi o‘g‘rilikni, avvalo o‘z uyidan, “kichkina o‘g‘rilik”dan boshlaydi. So‘ngra, ota-onasining cho‘ntagiga qo‘l suqadi. Qo‘ni-qo‘shninikiga so‘roqsiz kiradi.  Siz sezib qolganingizda esa ancha kech bo‘lib qolmasin.  Siz dod-deysiz, ”Urug‘-avlodimda o‘g‘ri yo‘q ediku?! - deb.  Kechirasiz, avlodingizda o‘g‘rilikni siz boshlab berdingiz.  Siz o‘smir bolangizga tekin tomoqlikni o‘rgatdingiz. Hunar bermadingiz.  Dehqonchilikni o‘rgatmadingiz. Tomorqada yoningizga olib ishlatmadingiz. O‘g‘il bola bo‘lib, qurilishni bilmaydi, bir narsa buzilsa tuzatishni bilmaydi. Devor o‘pirilsa suvashni bilmaydi. Deraza sinsa, boshqa oyna qo‘yishni bilmaydi. Bozor qilishni bilmaydi.
  Qizingiz-chi?  “Qizi o‘nga kirdi, onasi songa kirdi” - degan maqolni bekorga aytishmagan dono xalqimiz. O‘nga kirgan qizingizga biror hunar bermadingizmi, demak siz ham bir “shumg‘iya”ni boqmoqdasiz.
  Og‘ir ishlarni erkaklarga chiqargan. Darmon-dori ko‘katlaru qizil lavlagi, bo‘lg‘or qalampiri, pomidor, bodring, baqilajon, patison, qalampir, sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, kartoshka, mosh, loviya, no‘xat kabi ro‘zg‘orga har kunlik sabzavotlarni tomorqada parvarishlab, dasturxonga baraka kiritish ayollarga ham juda yarashadi. Mahsulotlarni  chiqitga chiqarmay, tejab-tergab, iqtisod qilishga o‘rgatish, qiz bolaning farosatini shakllantirish oiladan boshlanadi. Yo‘qsa u oynaning  oldidan ketmay qoladi. Oynaga ko‘chaga chiqishdan oldin qaraladi. Bo‘yanib, yasan-tusan qildimi, ko‘chaga chiqqisi, kimgadir o‘zini ko‘z-ko‘z qilgisi keladi. Bir, ikki, uch marta ko‘chaga maqsadsiz chiqqan qizni to‘rtinchi marta to‘xtatolmaysiz. Ko‘cha uni sizdan shunday tortib oladiki, bir haftaning ichida sizga tik qaraydigan, gap qaytaradigan  bo‘ladi. Bir oy ichida esa sizga qanday yashash kerakligini o‘rgata boshlaydi. Yoqa ushlab ulgurmaysiz. Sizdan katta-katta pul so‘raydi. Tabiiyki, har kun u aytgan pulni  topib bera olmaysiz. U sizni qoloqlikda, qizg‘anchilikda, pastlikda ayblab, ko‘chaga chiqa boshlaydi. Tamom.
   Tomorqada ishlash faqat erkakning yo ayolning ishi emas, hammaning ishi. Tomorqasi bor odam ish izlab ko‘chaga chiqish shart emas. Quyoshni tomorqada kutib olayotgan, kechga borib hosilning cho‘g‘ini ko‘rib shodlanayotgan odamning xonadoniga kambag‘allik degan tushuncha yo‘lamaydi.   
  O‘zbegimning tuprog‘ini - momo yerim deymiz. U go‘yo bolalariga non uzatib turgan saxiy, piri badavlat momoga o‘xshaydi.  Biz uning qo‘llarini og‘riqlarini olaylik,  ko‘zimizga surtib ardoqlaylik. Axir non uzatgan qo‘llarni tishlamaydilar. 
                                                                                
Zulfiya MO‘MINOVA.
2020 yil.










ONA NASIHATI...
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот