MЕNGA SЕN KAMSAN...


Har dilning charchog‘i o‘zigadir xos,
Men sevgi torlarini chertdim-ku bexos,
Qishlarda o‘rikdek gullaganim rost,
Borligim kimgadir ortiqcha, xolos.
Sen tog‘san - oyog‘im topadi ozor,
Osmonsan - qo‘llarim uzatsam bekor.
Oppoq-oppoq yuzlar dardida bemor,
Oppoq-oppoq bo‘lib yog‘di dilga qor.
Turarman izg‘irin o‘tsa ham yulib,
Qaymoqday gullarim, tarovatimni.
Shunda ham poyingda qayta tirilib,
Senga bag‘ishladim halovatimni.
Ikki ko‘z uchrashar tog‘ning poyida,
Odam Ato bilan Momo Havodek.
Ammo qalblarimiz firoq soyida
Sozini qidirgan olis navodek.
Kun tunga yetolmas quvsa ham giryon,
Tol bir kun aylanar qo‘lda asoga.
Hayot chalgan kuyga to‘laymiz tovon,
Bordir bir Fir’avn albat Musoga.
Daryodek oqsang ham, qushdek uchsang ham,
Bo‘lsang ham shabnamdek hattoki oniy,
Ketma tashlab mendek nurli zarrani,
Yerlikmiz, baxtimiz lekin osmoniy...
* * *
Yuzing ko‘rib, dilda bir o‘t tutashdi,
Bu o‘tni odamlar “Ishq“ deb atashdi,
Ko‘ngil turnalari yo‘ldan adashdi,
So‘zing otashidan bir o‘t - armonim,
Sen, faqat sendursan, nozik tomonim!
Raqiblar misoli hasham bilmadim,
Ulardek yolg‘ondan o‘ktam kulmadim.
Mard edim, nomardga qaram bo‘lmadim,
Shu bo‘ldi sirrim ham, yaxshi-yomonim -
Sen, faqat sendursan, nozik tomonim!
Qaydanam tong chog‘i g‘uncha yuz ochdi,
Bulbul ko‘zlarida qoldi suvrati.
Berahm ekansan, nuringni sochding,
Qayga ketayapsan, ko‘nglim quvratib.
Ko‘zim ustida bo‘l har dam mehmonim,-
Sen, faqat sendursan, nozik tomonim!
Senga muhabbatim oydek to‘lishdi,
Do‘stlar oy yonida yulduz bo‘lishdi,
Dushmanlar bechora dilga kulishdi,
Yolvoram, ag‘yorga tutma domonim,
Sen, faqat sendursan, nozik tomonim!
So‘zingdan bu jonim titrar sham yanglig‘,
Kelgin, oy dur sochgan oqshom yanglig‘,
Dam yo‘qdir sen bilan o‘tgan dam yanglig‘,
Birgina so‘zim shu, qoshi kamonim, -
Sensizman, sendursan nozik tomonim!..
***
Na ahli valiydurman men
o‘zimdan mujdalar qilsam,
Bezar usta ishin loshim
dunyoga gajdalar qilsam,
Magar yuz jurm etsam ham
jamolingdan judo qilma,
Etar jannat yo‘lin ravshan
yuzinga sajdalar qilsam...
***
Yillab kuzatasan uzoqdan meni,
Chapakka tayyorsan hammadan oldin.
Baxtimdan shodlansang-qutlagil kelib,
Qayg‘umdan quvonsang - Xudoga soldim...
***
Istaymanki, ishq dardiga davo topsam,
So‘z ulg‘ayar ruhning savti -
qomati-la.
Emas ajab Navoiydan navo topsam,
O‘ynashmagil aslo shoir omadi-la...
16.09.2005 yil.
***
Ey muxlisim yo‘q deb ruhin tushirgan,
So‘zga armonini bitib yashirgan,
Navoiy bobo ham uzoq Hirotda
Nizomiy bolidan halvo pishirgan.
Men ham Nizomiyni qo‘lga olaman,
Shu sabab Xisravdek goh so‘zim botir,
Goh Shirin misoli hayo qilaman,
Goh sodiq do‘st ular go‘yoki Shopur.
Ba’zan Alpomishdek do‘mbira – belda,
Goho Siyovushdek ot chopar yelda.
...Dil-chi sevilmagan quyoshdek botar,
Bir kun u uxlagan qalbing uyg‘otar...
***
Bir go‘zalning yuziga ming ehtiyojim bor,
Ishq usturlobida rashkdan rivojim bor.
Na bilsin g‘ofilu bedil sog‘inchdan nolalar qilsam,
Sochining atriga nolon seningdek bir me’rojim bor. ...
***
Ochilib-sochilib yurgin bog‘larda,
Ishqing yuragimda g‘olib chog‘larda,
Buncha chiroylisan, shirin, o‘ktamsan,
Yayrab yuray desam menga sen kamsan…

Gulandom TOG‘AYEVA










ONA NASIHATI...
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот