Merosdan mahrum etish asoslari
Noloyiq merosxo‘r kimlar va merosdan mahrum etish asoslari, oqibatlari
Milliy qonunchiligimizda vorislik huquqi instituti fuqarolik huquqiy munosabatlarida alohida o‘rin tutadi. Chunki azal-azaldan meros qoldiruvchi o‘z mulkiy huquq va majburiyatlarini o‘zidan keyingi taqdirini belgilash huquqi kafolatlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1112-moddasiga muvofiq vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi. Ya’ni meros qoldiruvchi mulkiy huquq va majburiyatlarini taqdirini o‘z erk-irodasi tarzida yozma ravishda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlangan vasiyatnoma asosida va qonun bo‘yicha merosxo‘rlar ixtiyorida qoldirishi tushuniladi. Qonunchilik meros qoldiruvchini huquqiy himoyalash va uning qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish, merosni g‘ayriqonuniy qo‘lga kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan xatti-harakatni oldini olish maqsadida qonun chiqaruvchi noloyiq merosxo‘r deb topish institutini joriy qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1119-moddasida meros qoldiruvchini yoki ehtimol tutilgan merosxo‘rlardan birortasini qasddan o‘ldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan shaxslar vasiyat bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar. Vasiyat qiluvchi o‘z hayotiga suiqasd qilinganidan keyin vasiyatnoma bergan shaxslar bundan mustasno.
Meros qoldiruvchi o‘zining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishiga qasddan to‘sqinlik qilgan va shu orqali o‘zlarining yoki o‘zlariga yaqin shaxslarning vorislikka chaqirilishiga yoxud merosning o‘zlariga yoki o‘zlariga yaqin shaxslarga tegishli ulushi ko‘paytirilishiga imkon yaratgan shaxslar vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar.
Ushbu moddada bunday shaxslarga, avvalo, meros qoldiruvchiga va merosxo‘rlardan birortasiga qarshi qaratilgan huquqqa xilof harakatlarni amalga oshirgan yoki meros qoldiruvchi vasiyatnomadagi o‘zining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishiga faol to‘sqinlik qilgan shaxslarni kiritadi.
Bunday g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar merosxo‘r yoki vorislikdagi boshqa shaxslarni noloyiq deb topishning sababi yoxud unga yoki boshqa shaxslarga meros ulushi ko‘payishining sababi hisoblanishi lozim. Merosxo‘r qonunga xilof qilmishni sodir etishda kimning manfaatini ko‘zlab harakatlanganligi ahamiyatga ega emas, u har qanday holatda noloyiq deb topiladi. Meros qoldiruvchiga va merosxo‘rlardan birortasiga qarshi qaratilgan huquqqa xilof harakatlar faqat qasddan g‘arazli maqsadni ko‘zlagan holda sodir etilgan bo‘lishi lozim. Agar meros qoldiruvchi merosxo‘rning ehtiyotsizlik orqasidagi harakatlari natijasida vafot etgan bo‘lsa, merosxo‘r noloyiq deb topilmaydi va vorislikka chaqirilish huquqiga ega bo‘ladi. Huquqbuzarlikka suiqasd qilish ham huquqbuzarlikning o‘zi kabi merosxo‘rni noloyiq deb topish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Har qanday holatda shaxsni noloyiq merosxo‘r deb topish uchun huquqbuzarlik sodir etish fakti sud qarori bilan belgilanishi zarur. Noloyiq merosxo‘rlarni vorislikdan chetlatish uchun asos bo‘ladigan holatlar yuz berganda bunday chetlatish keltirib chiqaradigan vorislik bilan bog‘liq mulkiy oqibatlarga daxldor shaxsning boshqa merosxo‘rlarning keltirgan da’vosi bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan belgilanadi.
Meros qoldiruvchi yoki ehtimol tutilgan merosxo‘rlardan birortasini qasddan o‘ldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan, meros olish huquqiga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan chiqarilgan sudning hukmi yoxud shaxslarning ota-onalik huquqidan mahrum etilgani haqidagi sudning hal qiluv qarori mavjudligi vasiyat bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham vorislikka da’vo qilishda sudda da’voni mazmunan ko‘rishga to‘sqinlik qilolmaydi. Noloyiq merosxo‘rlarni vorislikdan chetlatish uchun asos bo‘ladigan holatlar, faqat, sud tomonidan belgilanadi.
Vasiyat qilish erkinligining samarasi o‘laroq ushbu masalani hal qilish meros qoldiruvchining ixtiyorida qoldirilgan. Agar sud tartibida shaxs xulq-atvorining huquqqa xilofligi va harakatlarining g‘arazga yo‘nalganligi ya’ni noloyiq merosxo‘r deb topilishi aniqlangandan keyin ham meros qoldiruvchi o‘z mulkini unga meros qilib qoldirsa, bunday shaxs vorislikka chaqirilishi mumkin.
Shuningdek, manfaatdor shaxslarning da’vo talabiga ko‘ra sud meros qoldiruvchini ta’minlash yuzasidan qonun bilan zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan qasddan bosh tortgan fuqarolarni qonun bo‘yicha vorislikdan chetlatishi mumkin. Bunday majburiyatlar misol sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi bilan voyaga yetmagan, shuningdek voyaga yetgan, lekin mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj farzandlariga nisbatan ota-onalarga yuklatilgan. O‘z navbatida, mehnatga layoqatli voyaga yetgan farzandlar o‘zlarining mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj ota-onalarini ta’minlashga majburdir. Ushbu majburiyatlarni bajarishdan bosh tortgan taqdirda, ular sud hal qiluv qarori bilan noloyiq merosxo‘rlar deb topilishi va ayni vaqtda meros olish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Agar shaxs noloyiq merosxo‘r deb topilgan vaqtga qadar meros tarkibidan biror bir mol-mulkni egallashga kirishgan bo‘lsa, u asossiz ravishda qo‘lga kiritganlarining barchasini qaytarib berishi lozim bo‘ladi. Shu bilan birga, mol-mulk natura shaklida, ya’ni aynan olingan ashyolar va ularga bo‘lgan mulkiy huquqlar shu shaklda qaytarib berilishi shart. Mol-mulkni natura shaklida qaytarishning imkoni bo‘lmagan hollarda mulkni egallagan shaxs uning haqiqiy qiymatini qoplashi lozim. Fuqarolik qonunchiligiga muvofiq faqat sud tartibida shaxslar noloyiq merosxo‘r deb topilishi qat’iy belgilangan bo‘lib, noloyiq merosxo‘rlar qonun bo‘yicha ham, vasiyat bo‘yicha ham vorislik masalasi sud yoki notarius tomonidan ko‘rib chiqilayotganda merosxo‘rlar tarkibidan chiqarilishi belgilab o‘tilgan.
A. G‘ulomjonov -
Andijon viloyat, Oltinko‘l tumanda
Xususiy amaliyot bilan
shug‘ullanuvchi notarius stajyori.