Zamonaviy mehnat sharoitlarida majburiy mehnatning oldini olish


   Bugungi kunda dunyo davlatlari qatorida yurtimizda ham barcha sohalarda jadal o‘zgarishlar, yangilanishlar ko‘zga tashlanmoqda. Zamonaviy ilm-fan yutuqlari, turli xildagi texnika-texnologiyalar almashinuvi natijasida ishchi kuchiga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Ushbu yuzaga kelayotgan zarurat natijasida insonlarga adolatli, qulay mehnat muhitini yaratish lozim. Lekin mehnat munosabatlari jarayonida insonlarni majburiy mehnatga jalb qilish yoki mehnat qilish huquqlarini kamsitish kabi holatlar uchrab turishi hech kimga sir emas. 
    Majburiy mehnat bu ish beruvchi yoki fuqaro tomonidan biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali, shuningdek, mehnat intizomini saqlash maqsadida fuqaroning ixtiyoriga xilof ravishda ish yoki xizmat bajartirish majburiy mehnat hisoblanadi. Majburiy mehnatga jalb qilish natijasida insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinlari kamsitiladi. Ammo shunday majburiy ishlar borki, bularga jalb qilish natijasida tartibbuzarlar o‘zining qilmishiga yarasha jazo olishi yoki fuqarolar o‘zining konstitutsiyaviy burchlarini bajarishi mumkin. Bunga misol sifatida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasidagi ikkinchi qismida majburiy mehnat hisoblanmaydigan ishlar sanab o‘tilgan. Bular:

- harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosida;
-  favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda;
- sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan;
- qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat hisoblanmaydi.

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga muvofiq har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Amaldagi mehnat qonunchiligimizda yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda majburiy mehnatning aniq shakllari, turlari belgilab qo‘yilmagan. Yurtimizda hozirgi kunda mehnatga majburlash turli ko‘rinishlarda uchramoqda. Bularga misol sifatida quyidagilarni aytishimiz mumkin:

- qishloq xo‘jaligi sohasida, ayniqsa paxta-yig‘im terimi vaqtida;
- qurilish va ta’mirlash ishlariga;
- obodonlashtirish ishlariga;
- navbatchilikka jalb qilish va shu kabi boshqa ko‘plab sohalarda majburiy mehnatni guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bu kabi holatlarning ko‘pligi, murakkabligi va turli shakllarga ega ekanligi sabab doimiy ravishda o‘zgarib yangi sharoitlarga moslashib kelmoqda. 

    Shunday bo‘lishiga qaramay, yurtimizda majburiy mehnatni oldini olishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Majburiy mehnatni oldini olish, mehnat sohasidagi boshqa munosabatlarni tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirish hamda nazorat qilish maxsus vakil qilingan davlat organlari va ularning inspeksiyalari, kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshiriladi.
    Majburiy mehnat holati yuzaga kelganda fuqarolar Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligiga va uning Davlat mehnat inspeksiyasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ya’ni Prokuratura va Ichki ishlar organlariga yoki Sud organlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga bevosita yoki bilvosita murojaat qilishi mumkin.
    Birgina Davlat mehnat inspeksiyasiga 2021-yil davomida majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 790 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, call markaz orqali 461 ta, web sayt orqali 15 ta, ijtimoiy tarmoq orqali 113 ta, yozma arizalar 201 ta qayd etilgan. Paxta yig‘im-terim mavsumida aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan 40 ta mansabdor shaxsga nisbatan majburiy mehnatga jalb qilganligi uchun 428 mln 160 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan, 6 ta holat tegishli tartibga sudga o‘tkazilgan. Shuningdek, 126 ta mansabdor shaxslarga nisbatan munosib mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, terim pullari o‘z vaqtida va belgilangan qiymatda bermaganligi uchun jami 204 mln 937 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi, 5 ta holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib sudga o‘tkazilgan.
    Bir so‘z bilan aytganda, majburiy mehnatni taqiqlash zamonaviy mehnat sharoitlarida inson huquqlarini ta’minlashning eng asosiy omillaridan biri hisoblanadi. 

Abduvaxobov Azizillo - 
Andijon viloyat, Andijon tuman 
Yuridik markaz bosh yuristkonsulti.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот