Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnati


     Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari qonunchilikda qanday tartibga solingan?

    Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-bobida batafsil tartibga solingan.
   Mehnat kodeksining turli moddalarida xususan, 423-moddasi Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishdagi kafolatlarida, Nogironligi bo‘lgan shaxslarga “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan ish o‘rinlarining eng kam soni hisobidan zaxiradagi ish o‘rinlariga mahalliy mehnat organlari yo‘llanmasiga ko‘ra ishga joylashish kafolatlanishi belgilangan. Qolaversa  mazkur kodeksning 424-moddasi Nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatidan ularga sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lgan ishlarda foydalanishni taqiqlanishi, shuningdek 425-moddasi Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari, 426-moddasi Nogironligi bo‘lgan shaxslarning majburiy tibbiy ko‘riklari, 427-moddasi I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi, 428-moddasi Nogironligi bo‘lgan xodimlarni xizmat safariga yuborishning, ish vaqtidan tashqari ishlarga, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishning o‘ziga xos xususiyatlari, 429-moddasi I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun yillik mehnat ta’tili, 430-moddasi I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimning ish haqi saqlanmagan holda ta’til olish huquqi, 431-moddasi Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash belgilab o‘tilgan.
    Misol tariqasida mehnat kodeksining 425-moddasi Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari quyidagilarni:

   Nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatga oid yakka tartibdagi huquqiy munosabatlarda boshqa xodimlar kabi huquqlarga ega, mehnatni muhofaza qilish sohasida, ish vaqti, ta’tillar va boshqa mehnat shart-sharoitlari borasida esa ular o‘zi uchun qonunchilikda, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanadi.
    Jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida belgilanadigan mehnat shart-sharoitlari, shu jumladan ish haqi, ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, yillik mehnat ta’tilining davomiyligi qonunchilikda belgilanganidan kam bo‘lishi hamda boshqa xodimlarga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslarning holatini yomonlashtirishi yoki ularning huquqlarini cheklashi mumkin emas.
   Nogironligi sababli nogironligi bo‘lgan shaxs bilan mehnat shartnomasi tuzishni yoki ishda uning yuqori lavozimga ko‘tarilishini rad etishga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining xulosasiga ko‘ra nogironligi bo‘lgan shaxsning sog‘lig‘i holati kasbiy vazifalarini bajarishga monelik qiladigan yoxud uning yoki boshqa shaxslarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga, mehnat xavfsizligiga tahdid soladigan hollar mustasno ekanligini tashkil qiladi.
   Nogironlarning mehnat munosabatlari shuningdek ularning huquq va erkinliklari mazkur kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan mustahkam himoyalangan.

Q. Qurbanov -
Andijon viloyat, Andijon tuman 
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi 
bosh yurist konsulti.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот