Aholini uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish
Aholini uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha yaratilayotgan qulayliklar bo‘yicha nimalarni bilasiz?
Mamlakatimizda uy-joy sohasidagi islohotlarni samarali tashkil etish, “Yangi O‘zbekiston” massivlari va zamonaviy ko‘p kvartirali uylar qurish ko‘lamini kengaytirish, ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish hamda banklar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarni qayta moliyalashtirish mexanizmlarini amaliyotga keng joriy qilish hamda aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 aprel kungi “2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-70-son Farmoni bilan qabul qilindi.
Ushbu Farmon bilan quyidagilar belgilandi, 2024-yil 1-maydan boshlab:
a) banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmasdan Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha 2-ilovada ko‘rsatilgan miqdorlarda qayta moliyalashtiriladi.
Bunda, qarz oluvchi tomonidan birlamchi uy-joy bozorida kvartira sotib olish uchun zarur bo‘lgan ipoteka kreditining miqdori 2-ilovada ko‘rsatilgan miqdorlardan yuqori bo‘lganda, banklarga kreditning yetmagan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali moliyalashtirishga ruxsat etiladi;
b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan quyidagi shartlar asosida ajratilgan ipoteka kreditlari qayta moliyalashtiriladi:
- ipoteka krediti jismoniy shaxslarga birlamchi uy-joy bozoridagi (shu jumladan, ulush kiritish asosida qurilgan) kvartiralarni sotib olish, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash uchun ajratilgan bo‘lishi;
- qarz oluvchi Dastur doirasida ajratiladigan ipoteka kreditlaridan birinchi marotaba foydalanayotgan bo‘lishi. Bunda, qarz oluvchi tomonidan 2024-yil 1-mayga qadar olingan kreditlar hisobga olinmaydi;
- ipoteka kreditining muddati 20 yildan oshmasligi va foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan ko‘pi bilan to‘rt foiz bandga yuqori bo‘lishi (ulushdor jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bundan mustasno);
v) ulushdor jismoniy shaxslarga ajratilgan ipoteka kreditlari foiz stavkasi miqdoridan qat’i nazar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov) belgilangan talablarga javob beradigan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish va banklarni uzluksiz ravishda moliyaviy resurslar bilan ta’minlash choralarini ko‘rishi.
2024-yil 1-maydan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishda ipoteka predmetini sug‘urta xavflaridan sug‘urta qilish talabi bekor qilinadi;
b) ko‘p qavatli uy-joylarni qurish huquqi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “S” va “SS” bo‘lgan qurilish tashkilotlariga ham beriladi.
Bunda, elektron reyting bahosi “S” bo‘lgan tashkilotlarga besh qavatdan yuqori bo‘lmagan, “SS” bo‘lgan tashkilotlarga — to‘qqiz qavatdan yuqori bo‘lmagan uy-joylarni qurishga ruxsat etiladi;
v) 2025-yil 1-yanvarga qadar ro‘yxati 6-ilovada ko‘rsatilgan yangi qurilish va maxsus texnikalarning importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi;
g) “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bunda:
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi pul mablag‘larini banklarga 12 oylik imtiyozli davr bilan 18 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasida joylashtiradi, banklar esa ushbu mablag‘larni ikki foizlik marja qo‘llagan holda qurilish tashkilotlariga kredit sifatida ajratadi;
- aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun kreditlar ajratiladigan qurilish tashkilotlarining ro‘yxati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Markaziy bank tomonidan qurilish tashkilotlari reytingidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi;
d) “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan qurilish tashkilotlariga Toshkent shahrida — 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda — 7 va undan yuqori, qishloq joylarda — 5 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 24 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga “1+1” tamoyili asosida hududlarning toifasidan kelib chiqib kafillik va kompensatsiyalar taqdim etiladi.
G‘aniyev Dostonbek -
Andijon viloyat, Jalaquduq tuman
Adliya bo‘limi davlat xizmatlari
markazi sho‘ba mudiri.