Notiqlik va yuksak bilim – xodimning asosiy quroli


Rahimboy JUMANIYOZOV
Filologiya fanlari nomzodi, dots.nt, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.

Notiqlik va yuksak bilim  –  xodimning asosiy quroli

    Insoniyat tarixi g‘oyalar kurashi tarixidan iborat ekan, u turli usul va yo‘llar orqali amalga oshiriladi. Hozirgi zamonda xalq qalbi va ongi uchun kurash ketayotgan paytda turli xil metodlar bilan o‘z manfaatlarini ifoda etuvchi mafkura namoyandalari paydo bo‘laveradi. Ularning quroli so‘z va nutqdir. Notiqlik, voizlik, xatoba (diniy ta’limotda), ilmi balog‘a, ritorika, oratorskoye isskustvo, krasnorechei nomlari bilan yuritiluvchi san’atdan foydalanish orqali maqsadga erishiladi. Bularga qarshi chuqur bilim va ma’rifat bilan javob bera olish, notiqlik mahorati orqali fikr yetkazish san’atini egallash lozim. “Mafkura poligonlari yadro poligonlari-ga nisbatan katta kuchga ega” ekanligi  kundan - kunga ayon bo‘lib bormoqda. Muloqot va muomalaning, kommunikativ kompetensiyaning muhim manbai nutq va xulq ekani oynadek ravshan.
    Til orqali o‘z maqsadini ifoda etishda do‘st ham, dushman ham undan foydalanadi. Gap kim, uni qanday istifoda etib maqsadga erishishda. Gladiatorlar jangida kim qilichni yaxshi ishlatsa g‘olib, aks holda, mag‘lub bo‘lganidek.
    So‘z tuzadi, so‘z buzadi, olqish ham so‘zdan, qarg‘ish ham, obod qilguvchi ham so‘z, barbod qilguvchi ham, omonlik ham so‘z bilan, yomonlik ham, nazar ham, hazar ham so‘z bilan, topish ham so‘z bilan, qopish ham, bunyodkor g‘oyalar ham so‘z bilan, buzg‘unchi, vayronkor g‘oyalar ham u bilan. 
   Shunday ekan, unga munosabat ham shunga yarasha, mas’ullik darajasida bo‘lishi kerak. So‘z qudrati, mohiyati, xosiyati va saxovatini anglamaydigan inson bo‘lmaydi, balki uni anglata olmaydiganlar bo‘ladi. Notiq misli o‘qlangan miltiq. Uning uchun nishon kerak va tepkini bosish qoladi, xolos.
    Bu mulohazalar targ‘ibot va tashviqot ishlarida ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilariga mas’uliyat va ogohlik, hushyorlik va sergaklik yuklaydi. Shuning uchun ham Navoiy hazratlari “Va’z bir murshid va ogoh ishidur va aning nasihatin qabul etgan maqbul kishidir” - deyishlari bejiz emas. Notiqlik, avvalombor, ishontirish san’ati. Uning uchun dalillarga boy asoslangan ta’sirli nutq zarur.  
    Hazrat Navoiyning “Dushman maqoloti – bang xayoloti” degan hikmati bor. Bu dushmanning “yoqimli va yuqumli” so‘zi odamni bang chekkan kimsaga o‘xshatadi. Natijada u har xil oqimlar ta’siriga tushganini o‘zi sezmay qoladi. Dushman esa uni har xil o‘yinlarga o‘ynatishi hech gap emas. Chunki yot g‘oya - yov g‘oya.
    Targ‘ibot ishlari samarasi kamaygan joyda turli xil anglashilmovchilik va nizolar paydo bo‘lishi aniq. Shu o‘rinda ahli donishlardan birining “bir kun so‘z o‘z ishini to‘xtatsa, ertasiga zambaraklar, to‘plar ishga tushadi” – degan fikrini eslash kifoya. Har qanday mafkura omma ongiga to‘g‘ri singdirilgandagina, u qudratli kuch kasb etadi. Ochig‘ini aytish kerakki, yaqin yillarda turli xil ekstremistik oqimlar hayot haqida u qadar tajribaga ega bo‘lmagan yoshlarga o‘z ta’sirini o‘tkazishga harakat qildi. Din niqobi ostida o‘zlarining g‘arazli niyatlarini amalga oshirishga, yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishga uringanlari sir emas. 
    Mulohaza o‘rnida aytish joizki, biz ayrim yoshlarning ularning ta’siriga tushib qolishiga birlamchi sabab sifatida beriladigan moddiy mablag‘ni, pulni bois qilib ko‘rsatdik. Ayrimlarini pulga o‘chlik yoki muhtojlikdan shu yo‘lga tushib qolgan deb o‘zimizga tasalli bergan bo‘ldik, moddiy manfaatdorlikni ro‘kach qildik. Vaholanki, ularning aksariyati o‘ziga to‘q oilalarning farzandlari ekanligini inkor etib bo‘lmaydi-ku. Hali hayot haqida keng tajriba va bilimga ega bo‘lmagan yoshlarning bunday kuyga tushishi mumkin deb o‘zimizni ovutdik. 
    To‘g‘ri, bu holatni inkor etish qiyin. Lekin, masalaga chuqurroq va teranroq yondoshadigan bo‘lsak, o‘zgacha manzara namoyon bo‘ladi. Ochig‘ini aytish lozimki, ularga saboq beradiganlar voizlik, ya’ni notiqlik san’atini obdon egallaganlardir. Ular so‘zining ta’siri kuchli, aniqrog‘i, ular jonli so‘zni topib, tanlab, kishi ruhiyatiga bog‘lab, eshituvchini ko‘rinmas iplar bilan bog‘lash iqtidoriga ega. Odamni so‘z ta’sirida zombiga aylantirish, manqurt holatiga keltirish ham mumkin. Psixolingvistikada bu holat allaqachonlar e’tirof etilgan. Inson miyasi bosh qobig‘ida 86 milliard neyro to‘qimasi bor. Har sekundda hujayralar bir-biriga minglab informatsiyalar tashiydi. Noto‘g‘ri, asossiz, uydirma fikrlar virus kabi inson miyasini zaharlaydi. Natijada dunyoqarashda keskin o‘zgarish boshlanadi. Keling, bir misol keltiraylik.
   Illyuzion o‘yinlar ko‘rsatuvchi shaxsning harakatiga, manipulyatsion mashqlariga qarab, hayratdan yoqa ushlaymiz. Biz eplay olmaydigan harakatlarni qilib har xil usulda fokuslar ko‘rsatadi. U shu yo‘l bilan ko‘zimizni bog‘laydi, tomosha ko‘rsatadi. Garchi, ishonmasakda, o‘zimiz anglamagan holda hayratlanish asnosida uning sehrli doirasiga tushib qolganligimizni bilmaymiz. Shuning uchun ham u ko‘zboyloqchidir. Notiq esa so‘z boyloqchi. U so‘z sehgari va sinchisi. Fokuschi oddiy tomosha bilan ko‘zni bog‘lasa, voiz ta’sirchan so‘zi bilan miyani bog‘laydi. Shuning uchun ham ular ta’siriga tushgan “miya bog‘langan”lar o‘z ota-onasiga borib, “kufr va to‘g‘ri yo‘l” haqida va’z aytishdan tap tortishmaydi. Go‘yo ota-ona bolani emas, bola ota-onani “tarbiya”layotgandek g‘alati taassurot paydo bo‘ladi. So‘z magiyasi, uning ta’sir kuchi va doirasiga e’tibor kuchli bo‘lmas ekan, Milliy g‘oya mohiyatini yetkazish, targ‘ib etishda ojiz qolishimiz, shubhasiz. 
   “So‘zdan so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor”, “O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar” deb xalqimiz bejiz aytmaydi. Gap so‘zni qanday ayta olish va yetkaza olishda.
   O‘ylab ko‘ring. O‘zlarining keng auditoriyali televideniye, radio va matbuoti bo‘lmagani holda, aholining ma’lum qatlami orasida davlatga qarshi harakatlarni olib borib, ma’lum darajada yurt tinchligini va osoyishtaligini buzishga intilishdi. Buni qanday tushunish mumkin?  Nimaga odob-axloqqa yo‘g‘rilgan amri ma’ruf va nahyi munkarni berilib tinglaymiz-u, auditoriyadagi ba’zi o‘qituvchilarning ma’ruzasini eshitish o‘rniga mizg‘ib o‘tiramiz. Demak, siyqasi chiqqan so‘z, nomigagina o‘qilayotgan, hayot va zamon bilan onqadar bog‘lanmagan nutq kishini bezdirishi tayin. 
   Har yili muntazam ravishda deyarlik barcha vazirlik va qo‘mitalar tizimida ma’naviyat yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” Respublika ko‘rik-tanlovi ham mohiyat e’tibori bilan ahamiyatli-dir. Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari o‘z chiqishlarida nutqining ta’sirchan, mazmunli va jozibador chiqishi uchun  audio va video texnik vositalaridan, turli ko‘rgazma qurollardan foydalanishlari maqsadga muvofiq bo‘lmoqda. Ular ko‘targan mavzular dolzarbligi bilan ajralib turdi. “Asr vabosi” - deya e’tirof etilgan, millat tanlamas illatlar: giyohvandlik, terrorizm, diniy ekstremizm, OITS va odam savdosiga qarshi mavzularda o‘z mulohazalarini yetkazish usullari targ‘ibotchilarda yildan-yilga shakllanib borayotganligi kishini quvontiradi. 
   Kimki mavzuni chuqur va atroflicha bilib o‘rgangan bo‘lsa, uning nutqi ravon bo‘lishi tabiiy. Goratsiyning “Mavzu yaxshi o‘ylanilsa, so‘zlar o‘zi oqaverar” degan fikrini keltirish o‘rinlidir. Shu fikrga monand holda yana bir tashbeh qilishni istardim. Fikr lokomotiv, so‘zlar esa vagonlardir. Lokomotiv soz bo‘lsa vagonlar, ya’ni so‘zlarning o‘zi ergashib, terilib kelaveradi. 
    Mavzuga daxldor ma’lumotlarni to‘plash, dalil va asoslarni yig‘ish hamda ularning ta’sirchanligiga e’tibor qilish targ‘ibotchilarning diqqat markazida bo‘ladi. 
    Kitob nutq va fikr manbai ekanligini, fikrni emas, fikrlashni o‘rganish va o‘rgatish muhimligini doimo yodda tutish zarur. Ajab emaski, Tomas Alva Edison “Sivilizatsiyaning eng buyuk vazifasi odamlarni fikrlashga o‘rgatishdir”, - deganida til va tafakkurning chambarchas bog‘liqligini nazarda tutgan bo‘lsa. 
    Shuning uchun ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “yangi fikr va yangi g‘oya bo‘lmasa taraqqiyot yo‘q” mazmunidagi mulohazani keskin qo‘ydilar. Tafakkur qanoti esa kitob bilan daxldorligini his etgan holda, istiqbolli rejalarni ko‘zlash asnosida xalqimizni ommaviy kitobxonlikka chorlashga bosh-qosh bo‘ldilar. “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi hamda shu yo‘sinda kompleks chora tadbirlar tuzish to‘g‘risidagi qarorlari ham ana shu maqsadga xizmat qildi. Bu esa “Kimki kitob o‘qishdan to‘xtasa, bilingki, u fikrlashdan ham to‘xtabdi”, - degan Deni Didroning fikrlariga hamohangdir.
    Notiqlik san’ati bu faqat tilshunoslik fani obyekti emas, u mantiq, ruhiyatshunoslik, etika, estetika, poetika, falsafa, tafakkur, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik, davlatshunoslik ilmi hamdir.
  Shunday ekan, masala mohiyatini teran anglagan holda, tajribali voizlarni jamlab notiqlik san’atini o‘rgatishga qaratilgan maxsus o‘quv muassasalarini tashkil etish davr talabidir. Ana shu ma’naviy ehtiyojni nazarda tutgan holda, kamina “Notiqlik san’ati akademiyasi” nodavlat ta’lim muassassasini tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi. Muloqot va muomala sirlarini nutqiy mahorat asrorlarini bilishga, egallashga intiluvchilarni hozirda o‘qitish bo‘yicha keng faoliyat olib bormoqdamiz. 
    Shunisi alohida ahamiyat va diqqatga sazovorki, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Razzoqovich Bobojonovning tashabbusi bilan tizimdagi boshqarma  va bo‘lim boshliqlarining aksariyati, aniqrog‘i, 25 ta ofitser Interpol joylashgan imoratning 5-qavatida “Notiqlik mahoratining kasbiy faoliyatdagi o‘rni” kursi bo‘yicha 36 soatlik o‘quv dasturini 2019 yili muvaffaqiyatli o‘qib tamomlashdi. Ular bu o‘quv mashg‘ulotini doimiy ravishda amalga oshirish zarurligini ta’kidlashdi  va mamnun bo‘lishdi. Pandemiya sabab ushbu hamkorlik ma’lum bir muddat to‘xtab qolgan edi. Mashg‘ulotlarning ikkinchi bosqichi ham yaqin kunlarda o‘z ishini boshlashi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rayapmiz.
    Uning asosiy xizmati va vazifalari quyidagilardan iborat.
- Omma oldida nutq so‘zlash, fikrni erkin bayon etish, qo‘rquv va hayajonni yengish;
- Televideniye va radiokanallarga intervyu berish;
- Muloqot va muomala madaniyatini rivojlantirish;
- Majlis va turli xildagi anjumanlarni boshqarish, har xil tadbir va  marosimlarda boshlovchilik qilish; 
- Kitob mutolaasi, kitobsevarlikka chorlash, o‘qish va uqish sirlarini o‘rgatish;
- Adabiy til me’yorlariga rioya qilgan holda, og‘zaki va yozma nutq madaniyatiga amal qilish ko‘nikmasini hosil qilish;
- Minbar, mikrofon va videokamera orqali jamoatchilikka fikr yetkazish madaniyati;
- Idoraviy hujjatlar, rasmiy, ish yuritish qog‘ozlarini to‘g‘ri yozish va to‘ldirish qoidalarini o‘rgatish;
- Mantiqiy mushohada yuritish va yangicha fikrlash tarzini shakllantirish;
- Har bir xodimda nutq mahorati va notiqlik san’atini takomillashtirish;
- Ta’sirchan so‘zlash va ifodali o‘qish qoidalarini o‘rgatish;
    Ta’kidlab o‘tganimizdek, nutq mahoratining ikki tomoni bor, biri nutq xususiyatlarini bilish bo‘lsa, ikkinchisi nutq texnikasiga amal qilishdir. Har ikkalasini amalda qo‘llash doimo muvaffaqiyatning garovidir.
    Nutq xususiyatlarini bilish va unga amal qilish qoidalarini egallash ayni kunlarda muhim va dolzarb masaladir. Qonun, qaror, qarmon, farmoyish, kodeksning mazmun-mohiyatini chuqur anglash asnosida keng jamoatchilikka sodda va ravon tilda yetkazib bera olmagan huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimini qanday tushunish mumkin. Bu esa o‘z – o‘zidan notiqlik san’atining yuksak bilim  bilan bog‘liqligini har bir ichki xizmat xodimi asosiy qurol sifatida anglashi va amal qilishi shart.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот