“Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
Prezident 2024 yil 5 iyundagi “Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risidagi O‘RQ-931-son Qonunni imzoladi.
Qonun quyidagilarni belgilaydi:
• manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solish tartibi;
• manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishga va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashga doir choralar;
• manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni ko‘rib chiqish va tekshirish tartibi.
Qonun quyidagilar uchun amal qiladi:
• davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga;
• ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga.
Manfaatlar to‘qnashuviga oid hollarni hal qilish uchun Qonun bilan quyidagi choralarni ko‘rish nazarda tutilgan:
• o‘ziga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan rahbarning bevosita bo‘ysunuvidagi davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbarning bo‘ysunuviga o‘tkazish;
• davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy ravishda o‘zini o‘zi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish;
• davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozim majburiyatlari yoki xizmat vakolatlari doirasini qayta ko‘rib chiqish;
• davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan axborotidan va hujjatlaridan foydalanishiga cheklovlar belgilash;
• davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining shaxsiy manfaatdorligini bartaraf etish choralarini ko‘rish mumkin bo‘lmagan taqdirda, xodimning roziligi asosida uni avvalgi lavozimiga teng boshqa lavozimga o‘tkazish yoki mehnat shartnomasini (kontraktni) umumiy asoslarda bekor qilish va boshqalar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 06.12.2024 yildan kuchga kirdi.
O. Anvarov -
Andijon viloyat, Andijon tuman
Adliya bo‘limi boshlig‘i.