Energoresurslardan oqilona foydalanish
Texnologiyalar asrida energoresurslardan oqilona foydalanish maqsadida qonunchilikda bir qator o‘zgartirishlar amalga oshirildi
XXI asr texnologiyalar asri bo‘lmoqda desak xato bo‘lmaydi. Zamonaviy texnologiyalarning yaratilishi insonlar uchun ko‘plab qulayliklar olib kelmoqda. Biroq, zamonaviy texnologiyalar tabiiy resurslar, jumladan, elektr energiyasi, hisobiga ishlaydi. Buning natijasida tabiiy resurslarga bo‘lgan talab kundan-kunga ortib bormoqda.
Jahon tashkilotlari hisobotlaridan birida “Agar biz dunyo tabiiy zaxiralardan hozirgi darajada foydalanishda davom etsak, kelgusi o‘ttiz yil mobaynida hayotiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun yana bir sayyoraga barobar zaxira kerak bo‘ladi”, deyilgan edi.
Biz yana bir sayyoraga barobar zaxirani to‘play olmaymiz. Ko‘pchilik bo‘lib qila oladigan yagona choramiz uni tejash va asrab-avaylab ishlatishdir.
Ayni shu maqsadda, yurtimizda energoresurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida joriy yilning 16-aprel kuni “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-son Hukumat qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan energoresurslar bilan bog‘liq bir qator yangiliklar joriy qilindi, xususan:
1. Maishiy iste’molchilar uchun ijtimoiy me’yorlar belgilandi.
Qaror bilan, 1 maydan boshlab maishiy iste’molchilar (aholi xonadonlari) uchun quyidagicha ijtimoiy (bazaviy) me’yorlar kiritildi:
- elektr energiyasi – oyiga 200 kWh’gacha;
- tabiiy gaz (mart–oktyabr oylarida) – oyiga 100 kubometrgacha;
- tabiiy gaz (noyabr–fevral oylarida) – oyiga 500 kubometrgacha.
Geografik va iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida isitish mavsumi respublikaning boshqa hududlaridan farqli ravishda oktyabr–fevral oylari deb belgilandi.
2. 2024-yil 1-maydan yangi tariflar kuchga kirdi
Elektr energiyasi uchun
Maishiy iste’molchilar uchun tariflar (1 kWh uchun, oyiga):
— 200 kWh’gacha – 450 so‘m (hozirda 295 so‘m);
— 201 kWh’dan 1000 kWh’gacha – 900 so‘m;
— 1001 kWh’dan 5000 kWh’gacha – 1350 so‘m;
— 5001 kWh’dan 10 000 kWh’gacha – 1575 so‘m;
— 10 001 kWh’dan keyin – 1800 so‘m.
Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar belgilangan tariflarning 50 foizi miqdorida to‘lashda davom etadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra bitta xonadonda 11 turdagi elektr jihozlari ishlatilganida bir oyda o‘rtacha 180 kWh energiya sarflanadi.
Tabiiy gaz uchun
Isitish mavsumida – noyabr-fevral oylarida aholi xonadonlari uchun tabiiy gaz tariflari (1 kubometr uchun, oyiga):
— 500 kubometrgacha – 650 so‘m (hozirda 380 so‘m);
— 501 kubometrdan 2500 kubometrgacha – 1500 so‘m;
— 2501 kubometrdan 5000 kubometrgacha – 1950 so‘m;
— 5001 kubometrdan 10 000 kubometrgacha – 2275 so‘m;
— 10 001 kubometrdan keyin – 2600 so‘m.
Hisob-kitoblarga ko‘ra bitta xonadonda bir oyda o‘rtacha
500 kub/metr tabiiy gaz ishlatiladi.
Mart–oktyabr oylarida:
— 100 kubometrgacha – 650 so‘m;
— 101 kubometrdan 2500 kubometrgacha – 1500 so‘m;
— 2501 kubometrdan 5000 kubometrgacha – 1950 so‘m;
— 5001 kubometrdan 10 000 kubometrgacha – 2275 so‘m;
— 10 001 kubometrdan keyin – 2600 so‘m.
Abdusamat Ortiqboyev -
Andijon viloyat, Andijon tuman
Adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi
bosh mutaxassisi.