Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish


 Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish masalalari yuzasidan

     1. Fuqaro qanday qilib nogiron deb topiladi?
     Fuqaroni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish — tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish esa — pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
     Shaxs tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga davlat tibbiyot muassasasi tomonidan yuboriladi, bundan quyidagi hollar mustasno. Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tibbiyot tashkilotlari nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslarni klinik-funktsional ma’lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvlarni o‘tkazmasdan turib, tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborishga haqli.
     Agar shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega bo‘lmasa va bu tibbiyot muassasasining xulosasi bilan tasdiqlansa, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza uyda yoki shaxs davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkazilishi mumkin. 
     Tekshiruvdan o‘tkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kalendar kundan kechiktirmay tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi. 
     Nogironlik aniqlangan taqdirda, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan hujjatlar qabul qilingan sanadan boshlab fuqaro nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etiladi.
     Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza natijalari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan fuqaroga — nogironlik guruhi, uning belgilanish sababi va muddatlari, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa qayta tekshiruvdan o‘tish muddati bilan — «Nogironligi bo‘lgan bolalar» toifasi belgilanadi.

     2. Yolg‘iz nogironlar uchun davlat tomonidan qanday imtiyozlar mavjud?
     O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish qobiliyatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgan va doimiy tashqi parvarishga muhtoj bo‘lgan bunday nogironlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uyda va ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarda xizmat ko‘rsatiladi. Bu muassasalarda aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bilan birga tegishli turmush sharoiti yaratilib, tibbiy xizmat ko‘rsatilib, mehnat va dam olishi tashkil etilmoqda.

     3. Nogironlarga davlat tomonidan ijtimoiy yordam nimalardan iborat? 
     O‘zbekisron Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga quyidagi ijtimoiy yordam turlari ko‘rsatiladi:
• pul to‘lovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yo‘la beriladigan to‘lovlar);
• reabilitatsiya qilishning texnik vositalari, surdotexnika, o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytiruvchi apparatlar va signalizatorlar, subtitrli yoki surdotarjimali videomateriallar, shuningdek avtomobillar bilan ta’minlash;
• tibbiy, ijtimoiy, kasbiy, jismoniy reabilitatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar va maishiy xizmatlar;
• transport xizmatlari;
• dori vositalari bilan ta’minlash.
     Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam mahalliy davlat hokimiyati organlari, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi organlari, boshqa davlat organlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining xulosalari asosida ko‘rsatiladi.
     Nogironligi bo‘lgan, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qobiliyatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgan va o‘zgalarning doimiy parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ularning uyida hamda vakolatli davlat organlarining ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarida qonunchilikda belgilangan tartibda xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu muassasalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda hayot faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlar ta’minlanadi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, shuningdek mehnat faoliyati va dam olish tashkil etiladi.
     Ish beruvchining aybi bilan mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga chalingan nogironligi bo‘lgan shaxslar tibbiy ko‘rsatmalarga binoan ish beruvchining (tashkilotning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar) mablag‘lari hisobidan reabilitatsiya qilishning texnik va maxsus transport vositalari bilan ta’minlanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar belgilash huquqiga ega.
     Nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish, shuningdek dori vositalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish huquqiga ega.

     4. Davlat yolg‘iz nogiron yoki qariyalarni qanday aniqlaydi?
     Yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi tomonidan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida quyidagi jami ma’lumotlarni olish asosida amalga oshiriladi:
• yolg‘iz yashashi;
• yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilishni ta’minlashga qodir bo‘lgan shaxslarning yo‘qligi;
• yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxsning o‘zgalar parvarishiga muhtojligi.
     Yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash: xonadonlarni birma-bir aylanib chiqish yo‘li bilan hamda jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan yozma, og‘zaki yoki elektron shaklda berilgan ma’lumotlar asosida shuningdek, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning mustaqil ravishdagi murojaatlari asosida amalga oshiriladi.

     5. Qaysi tashkilot nogironlarga ijtimoiy yordam beradi? 
     O‘zbekisron Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunga asosan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam:
• mahalliy davlat hokimiyati organlari; 
• sog‘liqni saqlash;
• xalq ta’limi organlari;
• boshqa davlat organlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining xulosalari asosida ko‘rsatiladi.


     Abduraxmonov Saydullo - Andijon viloyat, Paxtaobod tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот