O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SAYLOV TIZIMI
XVII BOB. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SAYLOV TIZIMI
1-§. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SAYLOV TIZIMI
Hozirgi kunda deyarli barcha davlatlarda konstitutsiya saylov qonunchiligining asosiy huquqiy poydevori hisoblanadi. Shu jihatdan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi ham asosiy qonun maqomida saylov qonunchiligining mustahkam huquqiy negizi sifatida namoyon bo‘ladi.
Saylov tizimining huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligi hujjatlarida belgilangan. Ular:
– birinchidan, saylov jarayonlarining demokratik tamoyillar asosida adolatli, xolisona, ochiq va oshkora o‘tkazilishiga xizmat qiladi;
– ikkinchidan, saylov jarayonlarining faol ishtirokchisi hisoblangan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini kafolatlaydi;
– uchinchidan, saylov jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan siyosiy partiyalarning xalq manfaatlari yo‘lida ishlab chiqqan dasturiy maqsad va vazifalari amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni mustahkamlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga uni ishlab chiqish bosqichida maxsus “Saylov tizimi” deb nomlanuvchi XXII-bobning kiritilishi ulkan ahamiyatga ega bo‘lib, o‘tgan yillar mobaynida naqadar to‘g‘ri qadam bo‘lganligini ko‘rsatdi. Konstitutsiyaviy qoida va talablar Konstitutsiyadagi eng asosiy tamoyillar bilan uzviy bog‘langan va ularga hamohangdir.
Misol uchun, Konstitutsiyamizning bosh tamoyillaridan biri “xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan tamoyildir.
Bu tamoyil “demokratiya” tushunchasi bilan yaqin bo‘lib, avvalo davlat hokimiyatining faqatgina xalqqa tegishli ekanligini, davlat xalq irodasini ifodalashi va uning manfaatlariga xizmat qilishi lozimligi, davlatning asosiy vazifalaridan biri inson va jamiyatning farovonligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerakligini anglatadi.
Konstitutsiyaning 36-moddasiga asosan, “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi”.
Bundan tashqari, Bosh qomusimizning 39-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish” huquqining mustahkamlanishi fuqarolarning davlat hokimiyatini shakllantirishdagi siyosiy huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi. Albatta, davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etishdagi fuqarolarning ishtiroki, asosan, saylovlarda namoyon bo‘ladi. Erkin va bevosita saylovlar orqali fuqarolar o‘ziga munosib bo‘lgan shaxslarni hokimiyat organlariga saylaydi, ularga nisbatan o‘z munosabatini bildiradi hamda davlat boshqaruvini amalga oshirishda ishtirok etadi.
Asosiy qonunimiz normalariga yaqinroq murojaat qilsak, “Saylov tizimi” deb nomlanuvchi maxsus XXII bobining 128-moddasida quyidagi muhim konstitutsiyaviy normalar mustahkamlangan:
“O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.”.
Ushbu moddada, shuningdek, quyidagi qoidalar belgilab qo‘yilgan:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi, bundan ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan muddatidan ilgari saylov o‘tkazish hollari mustasno. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan so‘ng bir oy ichida ular orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadilar.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o‘zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo‘lishi mumkin emas.
Saylov o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi”.
Konstitutsiyaning 129-moddasida esa quyidagi muhim normalar kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan komissiya a’zolari orasidan besh yillik muddatga komissiya majlisida saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emas. 129-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan komissiya a’zolari orasidan besh yillik muddatga komissiya majlisida saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emas.
Sultanova Sayyora Mirzaxamdamovna,
Andijon viloyat, Paxtaobod tumani
FHDY bo‘limi mudirasi.