Adliya vazirligining aholi muammolari bilan ishlashi faollashadi
Prezident tomonidan 24.05.2024 yildagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF-80-son Farmon imzolandi.
2024 yil 1 iyuldan boshlab "Madad" NNTning huquqiy maslahat byurolari. Byurolar tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda koʻmaklashiladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida "Mahalla huquqshunosi" loyihasi amalga oshirilib, loyiha doirasida mahalla raislarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borishga qaratilgan qisqa muddatli bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Haftaning har chorshanba kuni mahallalarda “Huquqiy targ‘ibot kuni” o‘tkaziladi. Bunda Adliya vazirligi tizimi xodimlari:
• "Online-mahalla" platformasiga kiritilgan va joylarda aniqlangan muammolarning huquqiy yechimlariga qaratilgan manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish;
• aholi uchun eng dolzarb masalalarni aniqlash orqali ular yuzasidan huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish;
• ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun imtiyozlar va moddiy yordam berish, nafaqa tayinlash, ishsizlikdan himoyalanish, vaqtinchalik ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordam olish tartibi bo‘yicha tizimli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish kabi ishlarni amalga oshirishadi.
2024 yil 1 iyuldan:
• “Mobile-ID” tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga ko‘ra ID-karta va xorijga chiqish pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish jarayonida kompozit shaklda amalga oshiriladi;
• korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan arxiv hujjatlari o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida, ularning elektron nusxalarini talab etish amaliyoti bekor qilinadi;
• noturar joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi hamda rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi.
Maktablarda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:
• Adliya vazirligining maxsus elektron platformasi orqali huquq fani o‘qituvchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borish hamda ularni metodik ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
• o‘quvchilar o‘rtasida "Huquq bilimdoni" fan olimpiadasi, huquq fani o‘qituvchilari o‘rtasida "Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi" ko‘rik-tanlovi o‘tkazib boriladi.
I. Xusanboyev -
Andijon viloyat, Andijon tuman
Adliya bo‘limi
bosh maslahatchisi.