Kulgu ortidagi mehnat va mahorat
Kulgu ortidagi mehnat va mahorat
Sahnaga sadoqat bilan o‘tgan umr
O‘zbekistonda hajv va satira san’ati taraqqiyoti haqida so‘z ketganda, betakror ijrosi, samimiyati va yuksak aktyorlik mahorati bilan xalq mehrini qozongan san’atkorlar qatorida Roza Mashurovna Karimovaning nomi alohida tilga olinadi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, «Shuhrat» medali va «Mehnat shuhrati» ordeni sohibasi bo‘lmish san’atkorning ijodiy yo‘li milliy teatr va televideniye san’ati tarixining yorqin sahifalaridan biridir.
Roza Karimovaning san’at olamiga kirib kelishi talabalik yillaridan boshlangan. U 1958 yilda O‘zbekiston davlat San’at va madaniyat institutining “Aktyorlik” fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan. Iqtidori esa talabalik yillarida-yoq namoyon bo‘lib, Razzoq Hamroyev, Nazira Aliyeva kabi mashhur san’at ustalarining e’tiborini qozongan, ulardan yuksak baho olgan edi. Yosh aktrisaning ilk muvaffaqiyatli qadamlaridan biri Mark Tvenning «Tom Soyerning boshidan kechirganlari» asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Bekki obrazini ijro etishi bo‘lgan. Bu rol uning kelajakdagi ijodiy taqdirini belgilab bergan muhim bosqichga aylandi.
Tahsil bilan bir qatorda, Roza Karimova hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri va Muqimiy nomidagi musiqali teatr sahnalarida ulkan san’atkorlar bilan yonma-yon chiqish qilgan. Bu esa unga aktyorlik sirlarini tubdan o‘rganish, mahoratini oshirish va sahna tajribasini boyitish imkonini berdi. Oliygohni tamomlagach, u mehnat faoliyatini Surxondaryo viloyat teatrida boshlagan, keyinchalik esa respublikamizning yetakchi teatr jamoalarida samarali ijod qilgan.
Roza Karimova ijodining eng yorqin qirralaridan biri — uning hajviy obrazlar yaratishdagi yuksak mahoratidir. U inson fe’l-atvoridagi kulgili, ba’zan nuqsonli jihatlarni juda tabiiy, nozik va ta’sirchan tarzda ochib bera olardi. Shu bois u gavdalantirgan har bir qahramon tomoshabin qalbiga tez yo‘l topardi. San’atkor televideniyedagi «Televizion miniatyuralar teatri», «Ekran xandasi», «Shanba», «Nonushtadan so‘ng», «Mutoyiba», «Xanda do‘koni», «Kulgu terapiya» kabi mashhur ko‘rsatuvlarda faol ishtirok etdi. Ayniqsa, «Lampa shisha», «Roza tannoz», «Paxtakor yutganda va yutqazganda», «Oshxonaning mushugi», «Tush», «Janetta», «Birinchi muhabbat» kabi hajviy intermediyalardagi chiqishlari millionlab tomoshabinlar ommasining sevimli sahnalariga aylandi.
Aktrisaning mahorat siri shunda ediki, u har bir obrazning ichki dunyosiga chuqur kirib borar, uning tabiati, ruhiyati va qiyofasini tugal his qilardi. Shuning uchun ham u yaratgan qahramonlar hayotiyligi va ishonarliligi bilan ajralib turardi. Tomoshabin uning ijrosida shunchaki yengil kulguni emas, balki teran hayot haqiqatlarini ham ko‘rardi.
1991 yildan 2011 yilgacha Roza Karimova O‘zbekiston davlat Satira teatrida samarali faoliyat yuritdi. Ushbu davrda u teatrning mashhur darg‘alari, jumladan, Ergash Karimov kabi san’atkorlar bilan birgalikda yurtimizning barcha go‘shalarida konsert dasturlari, hajviy sahna ko‘rinishlari va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazib, xalqimizga xushnudlik ulashdi. Uning fidokorona mehnati teatr jamoasi va ko‘p ming sonli muxlislar tomonidan yuksak qadrlandi. Prezidentimizning «Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston davlat satira teatrining faxriy artisti Roza Mashurovna Karimovaning mehnatlari e’tirof etilib, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangani ham fikrimizning aniq dalilidir.
Ustoz san’atkor Roza Karimova nafaqat iste’dodli aktrisa, balki milliy satira san’atining fidoyi vakillaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Uning sahnaga, san’atga va tomoshabinga bo‘lgan cheksiz sadoqati yosh ijodkorlar uchun haqiqiy ibrat maktabidir. San’atkorning sermazmun ijodiy faoliyati xalqimiz madaniy hayotida o‘chmas iz qoldirgan bo‘lib, u yaratgan betakror obrazlar, tomoshabinlarga ulashgan quvonchi va samimiy kulgusi milliy san’atimiz tarixida mangu yashayveradi.
Dilnoza NAZIROVA,
O‘zbekiston davlat Satira teatrining adabiy bo‘lim mudiri.