Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish


   Savol: Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish tartibi qanday?

   Javob:  Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud bo‘lganda va manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmaganda, ushbu yozuvlar saqlanayotgan joydagi, agar ular O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan bo‘lsa, FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
    O‘n olti yoshga to‘lgan shaxslarning tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar kiritish ularning arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
    O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslarning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirishlar kiritish ular ota-onasining yoki qonuniy vakillarining arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
    Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar konsul yoki notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma va ariza asosida amalga oshirilishi mumkin.
   O‘lim haqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish yaqin qarindosh(lar) yoki merosxo‘r(lar)ning arizasiga ko‘ra FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
   Vafot etgan shaxslarning tug‘ilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tuzatish va qo‘shimchalar sud qaroriga asosan FHDY organi tomonidan kiritiladi.
    FHDY organining dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritishni rad etishi yuzasidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
   O‘n olti yoshga to‘lgan shaxslar dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha arizalarni YIDXP orqali ham berishi mumkin, ushbu Qoidalarning 142-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
    Ariza beruvchining shaxsi Face-ID yoki MyID tizimlari orqali tasdiqlanadi.
   Natijasi yuzasidan FHDY organi bir ish kuni ichida ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish haqidagi arizani ko‘rib chiqish vaqti va bevosita murojaat qilgan holda o‘zi bilan ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan hujjatlarni olib kelishi haqida xabarnoma yuboradi.
    Xabarnoma yuborilgan kundan boshlab, uch ish kuni ichida ariza beruvchi bevosita murojaat qilmasa hamda tegishli hujjatlar taqdim etilmasa, ushbu ariza ko‘rib chiqilmaydi.
    Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
    O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni 15-moddasi asosida tarixiy va milliy an’analarga rioya qilish maqsadida familiyasi, ismi, otasining ismini yozdirish istagi bo‘lganda;
– otalik belgilanganda;
– farzandlikka olinganda;
– ota-onaning o‘zaro kelishuviga ko‘ra (shuningdek ota-ona nikohdan ajratilganda) yoki hokim qaroriga ko‘ra voyaga yetmagan bolaning familiyasi o‘zgartirilganda;
– millati o‘zgartirilganda;
– nikohda turmagan ona tomonidan bolaning otasi haqidagi ma’lumotlarni o‘zgartirish haqida ariza berilganda (bola 16 yoshga yetgunga qadar);
– sud qarori bilan otalikni belgilash haqiqiy emas deb topilganda, ota haqidagi ma’lumotlar bekor qilinganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda;
– ota-onasining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgartirilishi munosabati bilan voyaga yetmagan bolaning familiyasi va otasining ismi o‘zgartirilganda;
– dalolatnoma yozuvlarida imloviy xato va noaniqliklar bo‘lganda, shuningdek tug‘ilgan vaqti, joyi va otasining ismi haqidagi yozuv mavjud bo‘lmaganda;
– 16 yoshga to‘lmagan bolaning ismi va familiyasi o‘zgartirilganda, agar ismi va familiyasi ota-onasining xohishi hisobga olinmagan holda berilgan bo‘lsa;
– agar dalolatnoma yozuvida ismi qisqartirib yoki erkalatish shaklida yozilgan bo‘lsa;
– jinsi o‘zgartirilganda.
    Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi ariza FXDYO organi tomonidan ariza tushgan kundan boshlab 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi (ushbu bandning o‘n oltinchi xatboshisi bundan mustasno).
    Uzrli sabablar (o‘zgartirish kiritish zarur bo‘lgan yozuvlar nusxalari olinmaganda va boshqa hollarda) mavjud bo‘lganda FHDY organi mudiri tomonidan ushbu muddat 15 ish kunigacha muddatga uzaytirilishi mumkin.
    O‘n yoshga to‘lmagan bolalarning ismini o‘zgartirish yuzasidan berilgan ariza 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
    Dalolatnoma yozuvlari O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan, shuningdek nikoh tuzilganligi to‘g‘risida va o‘lim to‘g‘risida, aka-ukalar va opa-singillarning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi va boshqa dalolatnoma yozuvlarida tafovutlar bo‘lgan hollardan tashqari, yuqorida ko‘rsatilgan barcha holatlarda dalolatnoma yozuvlari tuzilgan joyi bo‘yicha xulosa tuzilmay tuzatishlar kiritiladi.
    O‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi arizaga ariza beruvchining iltimosi asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari: uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (kseronusxasi) va boshqa zarur hujjatlar nusxalari ilova qilinadi. Ular bilan birga yig‘majildga o‘zgartirishni talab qiladigan guvohnomalarning asl nusxalari tikib qo‘yiladi.
   Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi ariza olinganda FHDY organi o‘zgartirish va tuzatishlar kiritiladigan dalolatnoma yozuvi nusxasini, shuningdek o‘zgartirish yoki tuzatishlar kiritish uchun asos mavjudligini tasdiqlovchi dalolatnoma yozuvlari nusxalarini ular saqlanayotgan joydagi FHDY organidan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali so‘rab oladi.
   Agar o‘zgartirish kiritiladigan dalolatnoma yozuvi respublikadan tashqarida bo‘lsa, u holda FHDY organi xulosa tuzadi yoki (davlatlararo kelishuv mavjud bo‘lsa) ariza beruvchining arizadagi imzosini tasdiqlaydi va yig‘majildni (arizani) dalolatnoma yozuvi tuzilgan joydagi FHDY organiga ijro etish uchun yuboradi.
   Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi xulosa 3 nusxada tuziladi, ulardan biri yig‘majildga tikiladi, ikkinchisi FHDY organida qoladi, uchinchi nusxasi ariza beruvchiga beriladi.
    Zarur hollarda xulosa nusxalari tegishli FHDY organlariga “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali yuboriladi.

Fozilov G‘ofurjon Dilmurodjon o‘g‘li – Andijon shahar adliya bo‘limi FHDY bo‘limi inspektori.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот