Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-son qarori mazmun mohiyati Tabiiy zaxiralar hammaning mulki!
Tabiiy zaxiralar hammaning mulki: yagona chora uni tejash. Bugun dunyo aholisining to‘rtdan uch qismi ekologik qarzdor.
Siz, Biz nima qila olamiz? Shunchaki ishxona va uydagi elektr zaxiralarini tejang. Bu aslida umuman qiyin emas. Biroq har birimiz uchun manfaatli ishdir. Qurilma ishlatilmaganda elektr simini tarmoqdan uzing.
Ko‘pchilik elektr tarmog‘iga ulangan qurilmalar qancha elektr energiyasini sarflashini bilmaydi. Masalan, o‘chiq televizorlar, kompyuterlar, zaryadlangan telefonlar. Ular sarflaydigan elektr energiyasi miqdori oz, biroq uzoq muddat ulangan holatda turganda bunday deb bo‘lmaydi.
Kundalik odatlaringizni o‘zgartiring! Energiyani tejash uchun, kerak bo‘lmaganda, chiroqlarni yoki qurilmalarni o‘chiring. Elektr choynakda faqatgina o‘zingiz uchun zarur bo‘lgan suvni qaynating. Kompyuteringizda kutib turish funksiyasini faollashtiring. Konditsioneringizni ishga tushirganingizda, oynalarni yopib quying.
Jahon tashkilotlari hisobotlaridan birida “Agar biz dunyo tabiiy zaxiralardan hozirgi darajada foydalanishda davom etsak, kelgusi o‘ttiz yil mobaynida hayotiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun yana bir sayyoraga barobar zaxira kerak bo‘ladi”, deyilgan edi.
Biz yana bir sayyoraga barobar zaxirani to‘play olmaymiz. Ko‘pchilik bo‘lib qila oladigan yagona choramiz uni tejash va asrab-avaylab ishlatishdir.
Ayni shu maqsadda, yurtimizda energoresurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida joriy yilning 16 aprelida “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-son Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorning asosiy maqsadi energoresurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash, ularni tejash hamda buning natijasida erishilgan sarmoyalarni boshqa ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish orqali aholi farovonligini oshirish.
Mutaxassislarning hisoblashlariga ko‘ra, bitta xonadonda 11 turdagi elektr jihozlari ishlatilganida bir oyda o‘rtacha 180 kvt energiya sarflanadi, tabiiy gaz iste’moli esa 500 kub/metrni tashkil qiladi.
Mazkur qaror bilan energoresurslar bilan bog‘liq bir qator yangiliklar joriy qilinmoqda, xususan:
1. Maishiy iste’molchilar uchun ijtimoiy me’yorlar belgilandi.
Qaror bilan, 1 maydan boshlab maishiy iste’molchilar (aholi xonadonlari) uchun quyidagicha ijtimoiy (bazaviy) me’yorlar kiritiladi:
- elektr energiyasi – oyiga 200 kWh’gacha;
- tabiiy gaz (mart–oktyabr oylarida) – oyiga 100 kubometrgacha;
- tabiiy gaz (noyabr–fevral oylarida) – oyiga 500 kubometrgacha.
Geografik va iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida isitish mavsumi respublikaning boshqa hududlaridan farqli ravishda oktyabr–fevral oylari deb belgilandi.
2. 2024 yil 1 maydan yangi tariflar kuchga kiradi
Elektr energiyasi uchun
Maishiy iste’molchilar uchun tariflar (1 kWh uchun, oyiga):
- 200 kWh’gacha – 450 so‘m (hozirda 295 so‘m);
- 201 kWh’dan 1000 kWh’gacha – 900 so‘m;
- 1001 kWh’dan 5000 kWh’gacha – 1350 so‘m;
- 5001 kWh’dan 10 000 kWh’gacha – 1575 so‘m;
- 10 001 kWh’dan keyin – 1800 so‘m.
Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar belgilangan tariflarning 50 foizi miqdorida to‘lashda davom etadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra bitta xonadonda 11 turdagi elektr jihozlari ishlatilganida bir oyda o‘rtacha 180 kWh energiya sarflanadi.
Tabiiy gaz uchun
Isitish mavsumida – noyabr-fevral oylarida aholi xonadonlari uchun tabiiy gaz tariflari (1 kubometr uchun, oyiga):
- 500 kubometrgacha – 650 so‘m (hozirda 380 so‘m);
- 501 kubometrdan 2500 kubometrgacha – 1500 so‘m;
- 2501 kubometrdan 5000 kubometrgacha – 1950 so‘m;
- 5001 kubometrdan 10 000 kubometrgacha – 2275 so‘m;
- 10 001 kubometrdan keyin – 2600 so‘m.
Hisob-kitoblarga ko‘ra bitta xonadonda bir oyda o‘rtacha
500 kub/metr tabiiy gaz ishlatiladi.
Mart–oktyabr oylarida:
- 100 kubometrgacha – 650 so‘m;
- 101 kubometrdan 2500 kubometrgacha – 1500 so‘m;
- 2501 kubometrdan 5000 kubometrgacha – 1950 so‘m;
- 5001 kubometrdan 10 000 kubometrgacha – 2275 so‘m;
- 10 001 kubometrdan keyin – 2600 so‘m.
3. Aholiga foydalanilgan gaz va elektr haqidagi ma’lumotlar har oyda yuboriladi
2024 yil 1 iyundan foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oylik ma’lumot “bazaviy me’yor” va undan ortiq hajmlar kesimida iste’molchilarga yuboriladi.
4. Ehtiyojmand oilalarga me’yordan ortiq ishlatilgan elektr va gaz uchun pul beriladi
Isitish mavsumida (noyabr – fevral oylarida) ehtiyojmand oilalarga quyidagi kompensatsiyalar beriladi:
– noyabrda 270 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam;
– elektr va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:
- gaz uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;
- elektr uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlaridagi ehtiyojmand oilalar uchun to‘lovlar oktyabr oyidan boshlab to‘lanadi.
Ehtiyojmand oila sifatida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimiga kiritilgan oilalar tushuniladi. “Mahalla yettiligi” tomonidan Yagona reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning esa qo‘shimcha ro‘yxati shakllantiriladi.
Tuman (shahar) hokimliklari ham mahallalar kesimidagi ehtiyojmand oilalar qo‘shimcha ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritishi mumkin.
5. Ehtiyojmand oilalar kompensatsiya olish uchun “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishi kerak
Kompensatsiya oluvchi ehtiyojmand oilalar noyabr – mart oylarida (har oyning 15-sanasigacha) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki mahallalarda faoliyat yurituvchi ijtimoiy xodimlarga murojaat qiladi.
Bunda, arizada pasport ma’lumotlari, abonent raqami va telefon raqami ko‘rsatiladi. Ariza berilgan oyning 27-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ bilan birgalikda o‘rganiladi.
O‘rganish natijasi asosida kompensatsiya pullari ariza berilgan oydan keyingi oyning 27-sanasigacha ehtiyojmand oilalarning plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.
6. Plastik kartasi bo‘lmagan ehtiyojmand oilalarga karta bepul ochib beriladi
Hokimliklar Xalq banki bilan birgalikda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga muvofiq 2024 yil 1 noyabrgacha bank plastik kartasi bo‘lmagan ehtiyojmand oilalar vakiliga bepul asosda plastik kartalar ochib berilishini ta’minlaydi.
A. S. Raupov -
Andijon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i,
1-darajali yurist.