O‘zbekiston Respublikasida oila munosabatlari


   Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanib, mamlakatimizda oila munosabatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Oilaning asosini nikoh tashkil qilib, nikohni qayd etish ishlari FHDY bo‘limlarida amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, barcha fuqarolar oilaviy munosabatlarda teng huquqlarga egadirlar. Nikoh tuzish chog‘ida jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi hamda boshqa holatlarga qarab, huquqlarni muayyan tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga, bevosita yoki bilvosita afzalliklar belgilashga hamda oilaviy munosabatlarga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
      Oilaviy munosabatlarda fuqarolarning huquqlari faqat qonunga asosan va faqat oiladagi boshqa a’zolarning hamda o‘zga fuqarolarning axloqi, sha’ni, qadr-qimmati, sog‘lig‘i, huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida zarur me’yordagina cheklanishi mumkin. Qonunchiligimizga ko‘ra, nikoh FHDY bo‘limlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.
     Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o‘tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi.
      Uzrli sabablar bo‘lganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin.
    Alohida hollar (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.
     FHDY bo‘limi nikohni ro‘yxatga olishni rad etganda, shikoyat bilan bevosita sudga yoki bo‘ysunishiga ko‘ra yuqori turuvchi organga murojaat qilinishi mumkin.
     Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o‘n sakkiz yosh etib belgilanadi.
    Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
    Nikohlanuvchi shaxslar davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul asosda tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish hajmi va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
    Bugungi kunda respublikamiz hududida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil qilinib, nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlarga o‘rgatilmoqda. Bunda respublika hududidagi FHDY bo‘limlari xodimlari faol ishtirok etib, nikohlanuvchi shaxslarga nikoh tuzish tartiblari hamda oilaviy huquqiy munosabatlar haqida ma’lumot bermoqda.

Z. Maripova - 
Andijon viloyat, Asaka tuman 2-son FHDY bo‘limi mudirasi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот