FHDY bo‘limlari tizimida amalga oshirilayotgan ishlar


     Inson hayotidagi eng muhim holatlar, tug‘ilish, o‘lim, nikoh tuzilganligi hamda nikohdan ajralishga oid fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etish FHDY bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi. Hozirgi kunda FHDY bo‘limlari faoliyatiga oid ayrim jihatlarga e’tibor qaratilmoqda. FHDY ning 60 milliondan ortiq arxiv hujjatlari raqamlashtirildi, bu esa O‘zbekiston Respublikasida FHDY xizmatlari ko‘rsatish jarayonini raqamlashtirish imkonini yaratdi. Raqamlashtirish natijasida “FHDY yagona elektron arxivi” axborot tizimida oila tarkibini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ldi.
     Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini eksterritorial tamoyil asosida qayd qilish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Bunda xizmat ko‘rsatish doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidan yoki yashash joyidan qat’iy nazar aholi istalgan joydagi yoki o‘zlariga qulay joydagi FHDY bo‘limlariga murojaat qilib, xizmatlardan foydalanish mumkin bo‘ldi.
   Jumladan, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun FHDYga borish shart emas. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 29 sentyabrdagi 540-sonli qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan Toshkent shahrida, 2023-yil 1-iyundan boshlab butun respublika hududida tug‘ilganlik holatini tibbiyot muassasalari orqali qayd etish tartibi joriy etildi. Endilikda, bola tug‘ilishi bilan, tibbiyot muassasasi u va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni, jumladan: bola ro‘yxatga qo‘yiladigan poliklinika va ichki ishlar bo‘limi, navbatga qo‘yiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti haqidagi ma’lumotlarni maxsus elektron blankaga kiritadi va avtomatik ravishda FHDY bo‘limiga axborot tizimi orqali yuboradi. FHDY bo‘limi tug‘ilganlikni qayd etadi va QR-kod (matrix shtrixli kod) qo‘yilgan tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnoma tibbiyot muassasasida shakllanadi. Ushbu ma’lumotnoma tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
     Bundan tashqari, fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida yagona davlat interaktiv xizmatlari portal orqali nikohga kirish uchun, tug‘ilganlik haqidagi birlamchi hamda takroriy guvohnomalarni pochta orqali olish uchun onlayn arizalar berish tartibi joriy etildi. 
    Respublikamiz doirasida Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 20 yanvardan 1 apreliga qadar o‘tkazilgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” shiori ostida o‘tkazilgan huquqiy aksiyasi bu sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada rivojlantirishga, samaradorligini oshirishga o‘z hissasini qo‘shdi. Aksiya doirasida 116 415 nafar shaxslarga tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Bu esa ko‘plab fuqarolarning muammolari hal etilishiga sabab bo‘ldi.
     
     S. Maxmudova - Andijon viloyat, Asaka tuman 1-son FHDY bo‘limi mudirasi.                    










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот