SAN’AT VA IJOD HIMOYASI OYLIGI


ADLIYA VAZIRLIGI TASHABBUSI BILAN MAMLAKATIMIZDA “SAN’AT VA IJOD HIMOYASI OYLIGI” E’LON QILINDI

    O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk bor “Oktyabr oyi — San’at va ijod himoyasi oyligi” deb e’lon qilindi.
   Ushbu tashabbus mualliflik huquqiga nisbatan hurmat hissini yuksaltirish, ijod ahli faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, sohaga oid huquqiy madaniyatni keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilishga qaratilgan.
    Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 20-iyuldagi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasiga ko‘ra, quyidagilar mualliflik huquqi obyektlari boʻlmaydi: 
– rasmiy hujjatlar (qonunlar, qarorlar, toʻxtamlar va shu kabilar), shuningdek ularning rasmiy tarjimalari;
– rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar);
– xalq ijodiyoti asarlari;
– oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar;
– insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati amalga oshirilmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun moʻljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar.
    Ushbu Qonunning 16-moddasida “Intervyuga bo‘lgan mualliflik huquqi intervyu bergan shaxsga va intervyu olgan shaxsga, agar ular o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, hammualliflar sifatida tegishlidir. Intervyudan foydalanishga faqat intervyu bergan shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi”. Bu – intervyuni chop etish, efirga uzatish, ijtimoiy tarmoqlarda joylash yoki tijorat maqsadlarda ishlatish kabi holatlarni qamrab oladi. 
Shuningdek, muallif quyidagi shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega:
▪️ Mualliflik huquqi — asarning muallifi sifatida tan olinishi;
▪️ Mualliflik ismi-sharifiga bo‘lgan huquq — ismi ko‘rsatilgan holda yoki imzosiz (taxallus bilan yoki ism-siz) foydalanishga ruxsat berish;
▪️ Oshkor qilish huquqi — asarni istalgan shaklda oshkor qilish yoki oshkor qilishga ruxsat berish. (shu jumladan, asarni omma oldidan chaqirib olish huquqi);
▪️ Muallif obro‘sini himoya qilish huquqi — asarni yoki uning nomini muallif shaʼni va qadr-qimmatiga tajovuz qiluvchi tarzda buzilishidan himoya qilish;
▪️ Shaxsiy nomulkiy huquqlar mulkiy huquqlardan mustaqildir — hatto mulkiy huquqlar boshqa shaxslarga o‘tkazilgan bo‘lsa ham, shaxsiy huquqlar muallifda qoladi.
    Qonunchilikka muvofiq litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan muntazam ravishda yoki bir marotaba qo‘pol ravishda buzilganda litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini bekor qilishni so‘rab sudga murojaat qilishi lozim (https://lex.uz/ru/docs/-5870213#-5870974).
    ❗Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirayotgan ijrochilar tomonidan mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini buzish litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb hisoblanadi.
    Unutmang, mualliflik huquqini himoya qilish — bu faqatgina huquqiy jarayon emas, bu milliy merosni, milliy g‘ururni va o'zlikni saqlash demakdir.
     Keling, siz ham “huquqiy karvon”imizga qo‘shiling!
     Ijodga hurmat — qonunlarga sodiqlikdan boshlanadi.
    Hurmatli ijod vakillari! Mualliflik  huquqingiz buzilganda  Adliya vazirligining "1008" ishonch telefoni orqali xabar berishingiz yoki info@adliya.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingizni mumkin!

Raupov Azizbek Sattarovich –
Andijon viloyat, Buloqboshi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот