Minimal iste’mol xarajatlari qiymati o‘zgardi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-114-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi “Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi 544-son qaroriga asosan minimal iste’mol xarajatlari qiymati (MIX) qayta hisoblandi. 2024-yil dekabr oyida may oyiga nisbatan hisoblangan iste’mol narxlari indeksidan kelib chiqib, 2025-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming so‘mni tashkil etdi (2024-yil 1-mayda e’lon qilingan qiymat 648 ming so‘mni tashkil etgan).
Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:
– davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
– kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
– pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.
Muminov Xusniddin –
Andijon viloyat, Buloqboshi tumani
Adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi rahbari