“Mening mahallamda jinoyat bo‘lmaydi”
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yanada oshirish maqsadida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvarda “2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son qarori qabul qilindi.
Qarorda, davlat organlari va tashkilotlarining respublika mahallalarida huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyatini 2025-yilda sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilib olindi.
2025-yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilandi.
2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi belgilandi.
Mazkur qaror bilan 2024-yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilishning mahallalar kesimida choraklik manzilli chora-tadbirlarini belgilagan holda mahalla — tuman — viloyat darajasida uning ijrosi uchun bevosita mas’ul rahbarlarni biriktirish va aniq sohaviy javobgarlikni yuklash;
– kriminogen vaziyat og‘ir mahallalarda ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida joylarga chiqqan holda maqsadli o‘rganishlarni o‘tkazish orqali huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan asl omillarni aniqlash va barham berish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘rish;
– mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “mahalla yettiligi” har bir vakilining aniq mas’uliyatini belgilash, ushbu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga yangicha ish uslublarini tatbiq qilish;
– aholining huquqiy ongi, ijtimoiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni hal etishga jamoatchilik vakillari, nuroniylar va mahalla faollarini keng jalb etib borish;
– mahallalar jamoat joylari va yashash xonadonlarida xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga har qanday tajovuzlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish;
– mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha har bir mas’ul idora va muassasa tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijalari yuzasidan qat’iy so‘rov tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ushbu masalaga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga ta’sir choralarini ko‘rib borish.
Shuningdek, mas’ul rahbarlar zimmasiga o‘z hududlarida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish namunasini yaratish, hududiy “yo‘l xaritalari”ning to‘laqonli ijro etilishini ta’minlash hamda ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qat’iy shaxsiy javobgarlik belgilanadi.
Lola Abdillajanovna Mirdosova –
Andijon viloyat, Paxtaobod tuman
Adliya bo‘limi yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.