XALQ – DAVLAT HOKIMIYATINING BIRDAN-BIR MANBAI


     O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining avvalgi tahriri 1992 yil 8 dekabrda O‘zbekiston xalqi tomonidan “vakolatli vakillari timsolida”, ya’ni parlament a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari tomonidan qabul qilinganini bilamiz. Bundan farqli ravishda, mamlakatimiz Asosiy Qonunining yangi tahririni “yagona O‘zbekiston xalqi” bevosita umumxalq referendumida – to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qildi.
    Shu ma’noda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy muallifi xalqning o‘zidir. Fuqarolarning xohish-irodasi esa islohotlarning manbai va harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
    Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 7-moddasi birinchi bandida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai», degan norma belgilab qo‘yilgan. Bu norma timsolida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyati prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanligini anglatuvchi tamoyil o‘rnatilgan.
    Keyingi yillarda mamlakatimizda quyidagi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozim. Xususan:

– birinchidan, Yangi O‘zbekiston – bu inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo‘ladi;
– ikkinchidan, xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak;
– uchinchidan, odamlar ertaga yo uzoq kelajakda emas, balki bugunoq o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istaydi va shunday ekan, «odamlar tashvishi bilan yashash», xalqimizning qonuniy talab-istaklari va xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish – davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanishi zarur;
– to‘rtinchidan, «qonunning yagona manbai va muallifi xalq bo‘lishi kerak», ya’ni barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi lozim.

    Demokratiyaning talab-u taomili va ustunligi ham shunda. Respublika Prezidenti, parlamenti va Hukumati shu talablarga sodiq bo‘lishlari shart. Bunda quyidagi masalalarga:

– inson huquqlarini ta’minlash;
– demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament va siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish;
– davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, hokimiyat tarmoqlarini tiyib turish va muvozanatni saqlash tizimida parlament rolini oshirish;
– davlat xizmatlari sifati va samaradorligini yaxshilash, davlat organlari faoliyatining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Mirzayev Raxmonjon Raxmatovich –
Andijon viloyat, Shahrixon tuman 
Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish 
markazi boshlig‘i.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот